www.ziyouz.com kutubxonasi
210
keldi. Sharif uni ko‘rib cho‘chib tushdi. Bo‘tqa esa hech nima ko‘rmaganday, xotirjam
ohangda:
— Bek akam kutyaptilar, — dedi.
2
Kesakpolvon Sharif Namozovning shu yerda ekani, Bo‘tqaga topshirgan vazifasi haqida
gapirgach, Asadbek uni jerkib berdi:
— Bu qilig‘ingni boshqa yerda qilmaysanmi?
— Kimligimizni bilib qo‘ysin. Hayot qanaqaligini bi-ir ko‘rsin. «Haqiqat, haqiqat!» deb
nima ko‘ribdi. Ana endi bugundan boshlab bor haqiqatga tupuradi. O‘zimizning odamga
aylanadi. Haqiqat deganning yarmiga amal berib, «Volga»ga o‘tqazib qo‘y, yarmining
qo‘yniga bittadan jononni solib qo‘ysang, kimligini bilasan. Bugun uni maishatga olib
qolaman.
— Haddingdan oshma. Chaqir uni, — dedi Asadbek.
Sharif bu xonaga yuragi dukuri bosilmagan holda kirib keldi. Asadbek o‘rnidan turmay,
o‘tirgan yerida unga qo‘l uzatdi. Asadbekning qarashi jiddiy, Kesakpolvon esa ayyorona
jilmayib boqib turardi. Chuvrindi unga e’tibor bermay, qandaydir qog‘ozlardagi
yozuvlarni diqqat bilan o‘qirdi.
— Ishlar qalay, o‘rtoq direktor? — dedi Asadbek, kinoya bilan. — Planlar oshig‘i bilan
ado etilyaptimi?
— Ha, bajarmasak bo‘ladimi?
— Bu akangiz aytmaganmidi? — Asadbek shunday deb Kesakpolvonga qaradi.
— Aytgandilar.
— Xo‘sh? Nima uchun planni bajaraman, deb zo‘r beryapsiz?
— Yuqoridagilar qo‘yishmayapti.
— Siz uchun yuqori biz bo‘lamiz. Biz aytdikmi, tamom! Bajarishga majbursiz. Sizga kim
buyruq berdi, ministrmi?
— Yo‘q, Farhodov degani...
Asadbek Kesakpolvonga qaradi:
— Haydar, bilarmiding?
— Yo‘q, hozir...— Kesakpolvon shunday deb telefon go‘shagini oldi-da, kerakli raqamini
terdi.
— Farhodovmi? Ha, men, Haydar akangman. Namozoving nima deyapti? Planni
bajarasan, deb sen zo‘rlaganmishsan-ku? Majlisda aytdingmi? Unga tegishli emasmi?
Shuni sekin o‘ziga aytib qo‘ysang o‘lasanmi, he so‘tak. Ha, aytish kerak, qozoqning
to‘qqiz pulidek tushuntirib, beliga tugib ham qo‘yish kerak. Duoyi salomni oldingmi, endi
o‘chir ovozingni...
Kesakpolvon go‘shakni joyiga qo‘yib, Sharifga qaradi:
— Eshitdingizmi? Direktor degan bunaqa lalaymaydi.
— Bu oy yetmishdan oshmasin, — dedi Asadbek. — Keyingi oylarda ishchilar maosh
olmaydi. Kerakli odamlarga pul-mul berib turing. Boshqalar bo‘shab ketaversin.
— Buning iloji yo‘q, bankda zavodning puli ko‘p.
— Ko‘p bo‘lsa ham maosh yo‘q, — dedi Kesakpolvon tahdid ohangida. — Lalaymang,
dedim-ku?
— Portugaliyadan javob yo‘qmi hali ham? — dedi Asadbek, birinchi masala hal, degan
ohangda.
— Jimjit bo‘lib ketishdi.
— Borib kelish kerak. Ularga yoqmasa boshqalar bilan gaplashamiz.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |