www.ziyouz.com kutubxonasi
211
— Borish uchun ular chaqirishlari kerak. Dollar kerak.
Bu gapdan so‘ng Chuvrindi qog‘ozdan bosh ko‘tardi:
— Bu yog‘ini bizga qo‘yib bering.
Asadbek «gap tamom» deganday o‘rnidan turdi. «Shu ikki og‘iz gapni telefonda aytib
qo‘yishsa ham bo‘lardi-ku», deb o‘yladi Sharif, eshik sari yurib.
— Meni kutib turing, gap bor, — dedi Kesakpolvon.
— Jamshid qaerda? — dedi Asadbek, Sharif chiqib ketgach.
— Ertalabdan beri ko‘rganim yo‘q. Maishat qilib yotgandir, — dedi Kesakpolvon. —
Yangisini topgan ekan, o‘sha bilan ovora.
— Maishat, deyaverib hammani buzding. Endi bichib qo‘yishim qoldi.
— Erkaklar bilan ishlagandan keyin chidaysan, oshna. Yosh yigitlar vaqtida maishatini
qilib olsin. Vaqtida o‘zing ham...
— Bo‘ldi, aynima. Jamshidni top. Bugun Maskovga uchsin.
— Nimaga?
— Xongirey bilan uchrashib kelsin. — Asadbek shunday deb Zelixon bilan ikki kun avval
bo‘lgan uchrashuv mazmunini aytdi.
— Jamshidni yubormang, — dedi Chuvrindi. — O‘zingiz borib kelganingiz ma’qul. Ish
jiddiyga o‘xshaydi.
— Jamshidni top, birga boramiz.
3
Qiziga qarab turib, Manzuraning ko‘ngli o‘ksidi. Zaynab turmushidan nolib, hasrat
qilmadi. Biroq ko‘zlarini shodlik uchqunlari tark etgani onaning ziyrak nazaridan chetda
qolmadi. Zaynab singari kelinchaklar bunaqa damlarda yayrab-yashnab yuradilar.
Yuzlariga tushgan dog‘, barmoqlarining to‘lishib, uzuklarning sig‘may qolishi ular husniga
husn qo‘shadi. Zaynab esa xuddi so‘liyotgan gulga o‘xshaydi. Onasiga dilini yormaydi.
Manzura uning dardli nigohiga qarab turib, ichida «qiz tug‘mayin men o‘lay», deb
qo‘yadi. Yotarida ham, turarida ham, duo qilsa Yaratgandan qiziga baxt tilaydi.
Xudoga shukr qilishi kerak, kuyovi beo‘xshov emas. Yoshi kattaroq bo‘lsa ham
xushro‘ygina. Zaynabi qaynonaning tergab-tergashlari-yu, qayin egachi, qayin
singillarning dimoq-firoqlaridan holi. Bir juvonning baxtli turmushi uchun hamma narsa
yetarli. Lekin baxt faqat yemoq-ichmoqdan iborat emasligini u ham yaxshi biladi.
Asadbek bilan turmush qurib och, yalang‘och qolmadi. Eri ichib kelib, uni do‘pposlamadi,
ko‘chaga haydab chiqarmadi. Birin-ketin bolalar tug‘ilishdi. U erining «qimor
o‘ynamayman», degan so‘ziga ishona bordi. Eri kech qolsa joynamoz ustida
kutmaydigan bo‘ldi. Uyda hamma narsa to‘kin edi. Ammo unga nimadir
yetishmayotganday bo‘laverardi. Baxtsizlik faqatgina kambag‘alni ta’qib etmaydi. Boylar
baxtsizlikni o‘zlari sezmagan holda chaqirib oladilar. Kambag‘al baxtsizlikdan ko‘pam
kuymaydi, unga ko‘nikib qolgan. Ammo boylarning baxtsizlikka chidashlari qiyin.
Kambag‘al uchun arzimas bir gap bo‘lib ko‘ringan har bir narsa boylar uchun beqiyos
baxtsizlikday tuyuladi...
«Qizimning eriga ko‘ngli yo‘q, — deb o‘yladi Manzura. — Farzand ko‘rsa balki dili
yumshar... Hozirgi qizlarda sabr degan narsa yo‘q, tavba...»
Qizi o‘qishga bormayotganini aytganida Manzura «o‘zing bilasan», deb qo‘ygan edi.
Bugun kelib indamay o‘tiraverishini ko‘rgach, «o‘qishingga borganing durust ekan, qizim,
dugonalaringni ko‘rib ko‘ngling yoziladi», dedi. Zaynab bu gapni eshitmaganday javob
qaytarmadi. Ayvonning o‘ymakor ustuniga suyanib, hovliga o‘ychan tikilib turaverdi.
Zaynab shu hovlida Kumush bo‘lib yashagan edi, xayolidagi Otabegi uni shu hovlida
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |