Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
208
Bilmasmish... Aka, uzr, endi...
Elchin bag‘rida g‘azab o‘ti
alanga olayotganini yashirib, hazin jilmaydi-da, uning
yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
— Uning joyi qaerda ekan?
— Birinchi qatorda. Qoqqan qoziqdek o‘tiradi.
— Siz xijolat chekmang, Tolibjon. Agar xo‘p desangiz, bir ish qilamiz. Bu nusxa
kontsertda
chiqmasin, dedi-a? Men tanaffusda ikkita ashula aytib beraman. Siz tanaffus
e’lon qiling-u, darrov pardani yopmang. Chiqqanimdan keyin yopasiz. Xiralik qilsa, men
bilmadim, deb turavering.
Tolibjon picha o‘ylangach, tavakkal, deganday qo‘l siltadi.
— «Paxta raqsi»dan so‘ng tayyor turing.
Tanaffus e’lon qilinib, besh-o‘n odam o‘rnidan qo‘zg‘olishga ulgurmay, sahnaga Elchin
chiqib keldi. Uni
taniganlar birdaniga qiyqirib, hushtak chalib yuborishdi. Shu zahoti
shoshqich ravishda parda yopilib, Elchin sahna chekkasida tamoshabinlar bilan yuzma-
yuz qoldi. O‘rinlaridan turganlar «tanaffus e’lon qilinishi hazil ekan-da», degan xayolda
qayta o‘tirdilar. Birinchi qatordagi obkom vakili esa shart turib,
sahna ortiga olib
boruvchi zina tomon yurdi.
Muxlislar hayajoni tingach, Elchin yengil ta’zim qilib, so‘z boshladi:
— Meni unutmaganingiz uchun qulluq, azizlarim. Urushdan oldin Yusufjon qiziqqa «siz
ramkadan chiqib ketyapsiz», deb tanbeh berishgan ekan. Shundan so‘ng usta keyingi
tomosha paytida bo‘yinlariga bir rasmning ramkasini solib chiqibdilar. «Menga shunday
deyishgan edi, endi ramkadan chiqmay gapiraman», debdilar. — O‘tirganlar kulib,
qarsak chalishgach, Elchin o‘zini yengil sezdi. — Men bu tomoshaga mehmonman. Shu
sababli tanaffus paytida ramkadan chiqmay ikkitagina ashula qilib beraman. Bu
ashulalar
Vatandan uzoqda, ozodlikni qo‘msab yurgan paytlarda tug‘ilgan. Men haqimda
siz turli gap-so‘z eshitgansiz. Gapning to‘g‘risi shuki, gunohim uchun jazolashgan. Haqli
jazoni o‘tab, huzuringizga qaytdim.
Elchin torning sozini bir tekshirib olgach, titroq ohang yangradi. Yakka torda, g‘ijjaksiz,
doirasiz qo‘shiq aytish rasmdan chiqqani uchun avvaliga muxlislar bir garangsib olishdi.
Elektrga ulangan Ovrupo cholg‘u asboblarining shovqiniga ko‘nika boshlagan quloqlarga
torning ingrashi g‘alati tuyuldi. So‘ng... Elchinning bo‘g‘iq, dardli ovozi taraldi...
O‘ksir ko‘ngil qushi —
Tushdi qafasga.
Sira yetolmaydir
Erkin nafasga
Qaro kunlar tushdi mening boshimga...
To‘planganlar qo‘shiqni nafas yutib tinglashayotganda birdan mikrofon uzib qo‘yildi.
Elchin buning
sababini darhol angladi-da, ovozini biroz ko‘tarib, qo‘shiqni davom
ettiraverdi. Orqaroqdagi muxlislarga ovoz yetib bormay betoqat bo‘lib hushtak chala
boshlashdi. Elchin «tinchlaning», deganday qo‘l ko‘tardi-da, pastga tushdi. U keng davra
o‘rtasida turganday ashulasini davom ettirdi.
Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan.
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
209
Qo‘shiq shu yerga kelganida sahnaga bir yigit chiqib mikrofonga yaqinlashdi-da:
—
Elchin aka, bu yoqqa chiqing, chiroqni uladik, — dedi uzrli ohangda.
Elchin torni chalishni to‘xtatmay, sahnaga qaytdi.
Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur,
Tomirida qo‘zg‘alishning vahshiy qoni gupirdi.
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi.
Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur!
Elchinni avval bilganlar ham, bilmaganlar ham qo‘shiqlarni hayrat bilan tinglar edilar.
Ilgari yor vaslini kuylashdan boshqasini bilmagan bu xushovoz
hofiz ularga butunlay
o‘zga ko‘rinishda ko‘rinmoqda edi. Bir juft qo‘shiq ikki-uch juft bo‘ldi hamki, muxlislar
uni qo‘yib yuborishmadi. Qo‘shiqdan qo‘shiqqa o‘tgani sayin Elchinning o‘ziga nisbatan
ishonchi orta bordi. Hosilboyvachcha xorlaganidan beri ko‘ngli cho‘kib yurgan edi. Bu
izdihomda onadan qayta tug‘ilganday bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: