www.ziyouz.com kutubxonasi
212
quchgan, yonog‘idan bo‘sa olgan edi... Endi nazarida bu hovlidan nur qochgan,
g‘unchalari to‘lib erta-indin ko‘z ochaman, deb turgan atirgullar ham xunuk, marmar
favvora ham o‘lik... Quyosh bor-u, fayz yo‘q, xonadon qorong‘u. Xonalarda hayot kezib
yuribdi, ammo baxt yo‘q...
Faqat boloxona... Baxt o‘sha yerda berkinganmi?.. Uning ko‘ngil qo‘ygani o‘sha yerda.
Orzulari dafn etilgan bu xonadonga faqatgina uni ko‘rgani keladi. Ko‘rish nasib etsa,
ko‘ngli battar ezilib, uyiga qaytadi. Homiladorligini bilganidan beri eri uni boshida
ko‘tarib yurguday bo‘ladi. Elchin uni suyib-quchgani sayin u Jamshidni ko‘proq o‘ylaydi.
Yolg‘iz qolganida to‘lishib borayotgan qorniga qarab, hali tug‘ilmagan boladan
nafratlanadi. Nazarida uni baxtsiz qilgan, umidlarini chil-chil sindirgan — shu bola.
Xayriyatki, nafrat qo‘zigan paytda onalik mehri ham uyg‘onib, uni yomon xayollardan
qaytaradi.
Manzura qizidan ko‘z uzmay, xo‘rsindi.
— Yotib qola qol, qizim, — dedi o‘ksik ovozda.
Zaynab onasining dili pora-pora bo‘lib ketayotganini sezmadi. Hovli uzra bemaqsad kezib
yurgan nigohini yig‘ib, unga qaradi.
— Buguncha qola qol, — deb takrorladi Manzura.
— Yo‘q, ketaman, — u shunday deb hovliga tushdi. Chiqib ketgunicha boloxonaga ikki-
uch qarab qo‘yganini Manzura sezdi.
Zaynab uyiga qaytdi-yu, bepoyon sahroda yolg‘iz tashlab ketilgan bechora holiga tushdi.
Kunni erinchoqlik bilan o‘tkazgan quyosh endi ufqdagi bulutlar chetini qizartirib
botmoqda edi. Osmonni bezagan bu manzara aldamchi, bulut chetlari qizil esa-da, bag‘ri
qora edi.
Hayot ostonada kutmaydi. Quyosh botishi bilan bu bag‘ri qora bulutlar chaqin chaqib,
bostirib keladi. Dov-daraxtni savalab o‘tib ketgach, yulduzlar charaqlaydi. So‘ng yana
quyosh chiqadi. Barglarda ilinib qolgan tomchilar javhar singari yaltillaydi. Ammo
Zaynabning xufton dili bundan yorisharmikin? Ayriliq dardi yengilib, umid guli
ochilarmikin?
Quyosh botmay turib, ko‘z o‘ngida borliq xira tortdi.
Yolg‘iz... Nido yo‘q... Go‘yo quyosh barchani o‘limga mahkum etib, vidolashib
ketayotganday. Tor ko‘kragiga bandi yuragi behalovat tepadi. Tepib-tepib ko‘krak
qafasini sindirib qochib ketgisi keladi. Bu vujudini tark etmoqni istaydi. Tark etolsa o‘tli
hasratlarning fig‘onlari mangulikning sukutiga g‘arq bo‘la olarmikin?
Bu xonadonga qadam bosib kelganidan beri uning hayoti puch xayollar zindoniga
berkildi. Berkildi-yu, qulf-kaliti birovning qo‘lida qoldi. Topishgan taqdirlarida to‘lin oy va
osmon singari bo‘lar edilar. Endi osmon to‘lin oysiz tund bo‘lib olgan. Dil qorong‘i. Dil
og‘riydi. Ko‘z yoshi xuddi yomg‘ir... Ko‘zlarni yosh kuydiradi...
Uning dardiga kim sherik bo‘lishi mumkin?
Zaynab bu tun yolg‘iz qolishini, yolg‘izlikning temir tirnoqlari orasida azob chekishini
bilardi. Elchin «bir-ikki kun uyingizda turing», deb ketdi. Shu gapga binoan uyga borgan
edi. U yerga ham sig‘madi. Yolg‘izlikdan qo‘rqqani holda yolg‘izlikni istadi. Hozir esa
qayoqqadir borgisi keldi. Kim bilandir gaplashgisi keldi. Tanish-bilishlari ko‘p. Ostona
hatlab kirib borguday bo‘lsa, quchoq ochib kutib olguchi yaqinlari ko‘p. Ammo qay biri
uning dardini tushunadi? Qay biri «qo‘y, o‘sha otarchi erni, suyganing bilan bo‘l», deydi.
Hech kim aytmaydi. Aksincha, «Sabr qil, shayton yo‘liga kirma», deyishadi. Nasihat
qilishadi. «Kimga hasratingni aytsang, dardingni olish o‘rniga, birdaniga donishmandga
aylanadiyu bisotidagi nasihatlarini sochib tashlaydi, — deb o‘yladi Zaynab. —
Nasihatgo‘y aqli butunlar muncha ko‘p bo‘lmasa, bu dunyoda. Dardkash muncha kam...»
Zaynab o‘zini o‘zi chalg‘itish uchun oshxonaga kirdi. Bir o‘zi uchun ovqat qilg‘isi kelmay,
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |