www.ziyouz.com kutubxonasi
201
— Maskovdagi vakillar kelishdimi? — deb so‘radi Zelixon. U ota-bolaning noxush
kayfiyatiga shu ta’sir etdimikin, deb o‘yladi.
— Qaytishdi, — dedi Ahadbey, otasiga bir qarab olib. — Tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushib
qaytishdi. Maskovning qaytargisi yo‘q.
— Duch kelgan yerlarda yashab ketaveradigan odamlar Vatanning qadriga yetarmidi?
Qorin dardidagi odam Vatan dardiga tushuna olmaydi. Bormanglar, devdim, quloq
solishmadi, — Ismoilbey shunday deb xo‘rsindi. — Vatanga qaytaradigan niyati bo‘lsa,
o‘shanda haydab chiqarishmas edi. Yaxshilik bilan bitadigan ish emas bu.
— Xohlasangiz, O‘zbekiston ichida muxtor viloyat tashkil etib beraylik, deyishibdi.
— Bundan foyda bormi? — dedi Zelixon Ahadbeyga qarab.
— Ularga naf bordir. Na turklar, na o‘zbeklar bir naf ko‘radi bundan.
— Bizga muxtor viloyat emas, Vatan tuprog‘i kerak, — dedi Ismoilbey. — Maskovga
umid bilan ketdilar-u, jonga halovatli xabar keltira olmadilar. Bu yurakda endi na quyosh
bor, na nur, na hayot qo‘shig‘i bor. Daryodagi yolg‘iz qayiqday, mayoqsiz suzamiz. Yurt
g‘aflat uyqusida bejon va behush. Qo‘rqinch bulutlari daf bo‘lib, oydin chiqar, deb
yanglishibmiz...
Zelixon tizzasiga shapati urdi.
— Maskov bugun ko‘nmagan bo‘lsa, ertaga ko‘nadi. Shunga motam tutib o‘tiribsizlarmi?
To‘y to‘ydek bo‘lsin!
Ismoilbey asta o‘rnidan turib, qaddini mashaqqat bilan tikladi-da, uydan chiqdi.
— Oqsoqolni xafa qilib qo‘ydimmi? — dedi Zelixon, Ahadbeyga ajablanib qarab.
— Yo‘q, xafa bo‘ladigan gap gapirmading. Bir-ikki kundan beri ko‘ngillari nima uchundir
xijil bo‘lib yuribdi.
— O‘zing-chi? Sen nimaga tumshug‘ingni osiltirib olgansan? Nimaga odamlar
ko‘rinmaydi? To‘y bugunmi yo ertagami?
— To‘y... to‘yni qoldirdik, oshna.
— Nima uchun?
— O‘tgan kuni Quvasoyda janjal chiqqan.
— O‘zbeklar bilanmi?
— Ha. Pivoxonada boshlanibdi.
— Fedya o‘sha yerda ekanmi?
— U ko‘rinmay qoluvdi. Ammo...
— Oxiri nima bo‘ldi?
— Bir yigitni otib qo‘yishibdi.
— Yigit kim, o‘zbekmi, otgan — turkmi?
— Otganni o‘zimiz ushlab topshirdik. Tez sud qilib hukm chiqaringlar, deb talab qilib
turibmiz. O‘zbeklar orasida g‘alati gap-so‘zlar tarqalyapti.
— Qanaqa?
Ahadbey jimgina o‘tirgan Elchinga bir qarab olib, past ovozda dedi:
— Turklarning vahshiyligi haqida.
— Demak, boshlanibdi...— dedi Zelixon, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday. — To‘yni to‘xtatib
to‘g‘ri qilibsan. Elchin, sen uyingga qaytaver.
— Siz bilan birga qolsam-chi?
— Xohishing... Qani, Ahadbey, o‘rningdan tur, ketdik.
— Qayoqqa?
— Selimnikiga.
Selim ularni xushchaqchaqlik bilan kutmadi. Uning qarashida xavotir ham sezilmadi.
Aksincha, kutilmagan mehmonlarga hushi yo‘qligini yashirmadi. Uyga kirishlari bilan
Zelixon shart orqasiga o‘girilib, uni yoqasidan oldi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |