www.ziyouz.com kutubxonasi
187
holiga qo‘y. shug‘ullanaversin. Bizga Sangina kerak.
— Izini quritishgan bo‘lsa-chi?
Soliev barmoqlari bilan stolni chertib qo‘ydi.
— Bo‘lishi mumkin. Ertaga Sanginaning, indinga ikkita noma’lum kavkazlikning o‘ligini
topishimiz ham mumkin.
— U holda bu aniq bir to‘daning ishi bo‘lib chiqadi.
— Mening boshimni shu narsa qotiryapti. Bu bitta to‘da ichidagi gapmi yo to‘dalar
orasidagi fitnaning boshlanishimi? Bitta to‘da ichida bo‘lsa boylikni topmay qo‘yishmasdi.
— Boshqa gunohi uchun jazolashgan bo‘lishsa-chi?
— Bunaqa namoyishkorona osib qo‘yishlariga hayronman.
— Unda to‘dalar orasidagi fitnami?
— Fitnaning boshlanishiga picha fursat bor, nazarimda. To‘dalar hozir bizdan oz bo‘lsa-
da, cho‘chishadi. Hali hamma kavaklarga kirib ulgurishgani yo‘q. Bizdan qo‘rqmay
qo‘yishgach, bir-birlari bilan olishishni boshlashadi. Hozircha, oralarida pinhona adovat
bor. Oshkora urush yaqin orada boshlanmasa kerak. Hozir boshlansa, bizga osonroq
bo‘lardi, payini qirqardik. Erta-indin qo‘limiz kaltalik qiladi. Kissavurlarni eplasak ham
katta gap bo‘lib qoladi.
— Vahimachi bo‘lib boryapsiz, aka, — dedi Zohid kulimsirab.
Mayor bosh chayqab, bir oz sukut qildi.
— O‘lmasak ko‘rarmiz. Katta-kichik idora rahbarlarining jilovi shularning qo‘liga o‘tadi.
Ana o‘shanda tomoshalarini ko‘raverasan.
3
Zohid Sharipov shom qorong‘isida uyiga qaytdi. To‘qqiz qavatli beton uyning ikkinchi
yo‘lagi og‘zida xotinini ko‘rib, ajablandi.
— Fotima? Nima qilib turibsan?
— Voy, qayoqlarda yurasiz-a, — Fotima shunday deb erini quchoqladi-da, yig‘lab
yubordi. U qalt-qalt titrardi. Zohidning yuragi g‘ashlanib, uning yelkasidan mahkam
ushladi:
— Nima bo‘ldi? Abduvohid qani?
— Vohidjon qo‘shnilarnikida, sizni kutaverib sovqotib ketdik.
— Nima bo‘ldi?
— Uyga kelsak... dahlizda ikkita kishi yotibdi. Yuragim chiqib ketdi.
Xotinining «ikkita kishi yotibdi», deyishi Zohidga daf’atan mayorning «indinga ikkita
kavkazlikning o‘ligini topishimiz mumkin» degan gapini yodiga soldi.
— Qanaqa kishi? — dedi u shoshilib, — kavkazliklarmi?
— Qayoqdan bilay, qo‘l-oyoqlari bog‘lab tashlangan, basharasiga qarabmanmi, yuragim
yorilib, qochib chiqqanimni bilaman.
Zohid xotinini chetga surib yubormoqchi edi, Fotima uni mahkam ushladi:
— Yo‘q, kirmaysiz, qo‘rqaman, — dedi yig‘idan to‘xtamay.
Zohid unga «ko‘chada diydirab turaveramizmi?» deganday qaradi-da, yo‘lka sari qadam
qo‘ydi. Xotini uni orqaga tortdi.
— Sen Abduvohidning oldiga kir. Men telefon qilaman. — Zohid shunday deb birinchi
qavatdagi qo‘shnisinikiga kirdi. Mayor Soliev hali uyiga ketmagan ekan. Zohidning gapini
eshitib, qisqagina buyruq berdi:
— Ichkari kirma. Ikkita odam — o‘sha kavkazliklar bo‘lishi mumkin.
Soliev it yetaklagan milisa yigit, suratchi, ekspertlarni boshlab kelgunicha oradan yarim
soat vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida Zohid xayolan turli-tuman boshi berk ko‘chalarga kirib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |