www.ziyouz.com kutubxonasi
188
chiqdi. «Agar ular Komilovni o‘ldirgan kavkazliklar bo‘lsa, menikiga nima uchun
tashlashadi. Ularni o‘ldirib tashlashganmi yo tirikmi?»
Mayor Soliev Zohiddan uyning kalitini oldi-yu, to‘qqizinchi qavatga chiqqach, yon
qo‘shnilarni chaqirib, eshikni ochdi. Dahlizda qo‘l-oyoqlari chandib bog‘langan, og‘ziga
yelimli tasma yopishtirilgan, yoshi o‘ttizlardan oshgan ikki odam yotardi. Ostonada
turgan Zohid ularni bir qarashda tanidi: hamqishloqlari. Yanada aniq aytilsa, o‘sha
mash’um kechada mushtlashib, akasini o‘ldirib qo‘ygan yigitlar. Zohid ostona
hatlamoqchi edi, Soliev uni to‘xtatdi:
— Sen kirmay tur.
— Bularni taniyman.
— Tanisang ham kirmay tur. — Soliev shunday deb engashdi-da, yigitlarning bosh
tomonidan bir varaq qog‘oz olib, o‘qidi: — «Erkak bo‘lsang — qasos ol!» Bu xat senga
atalgan shekilli?
Zohid voqeaga tushunganday bo‘lib, ikki qadam tislandi. Milisa ichkari kirib, itiga is
oldirdi. It liftga qadar keldi, so‘ng dumini likillatib turaverdi. Barmoq izlarini olish ham
samara bermadi. Soliev shunday bo‘lishini oldindan bilsa ham rasmiyatchilik uchun
ularni boshlab kelgan edi. U Zohidning uyida Komilovni o‘ldirganlarning murdasi yotibdi,
deb qattiq ishongan, shogirdi bir baloga giriftor bo‘lmasligi uchun ehtiyot choralarini
ko‘rib qo‘ygan edi.
Soliev boshlab kelgan mutaxassislar qaytib, qo‘shnilar ham uylariga chiqib ketishgach,
Zohid ichkariga kirdi. Mehmonxonada o‘tirgan akasining qotillari uni ko‘rib beixtiyor
o‘rinlaridan turishdi. O‘sha voqeadan keyin Zohid ularni ko‘cha-ko‘yda uchratib qolsa
ham salomlashmas edi. Ha, uning ko‘nglida qasos umidi bor edi. Ammo qotillarni
o‘ldirish xayoliga ham kelmasdi. Undagi qasos o‘ti haqiqat uchun jon olib, jon berishga
undardi.
— Zohid, biz tavba qilganmiz. Ota-onang bizni kechirishgan... — dedi qaddi tikroq yigit.
— Sizlarni kim olib keldi? — deb so‘radi Zohid, uning gapiga e’tibor bermay.
— Tanimaymiz. Men ishda edim. Ikkita yigit bordi. Gap bor, deb ko‘chaga olib chiqishdi.
Keyin qornimga bir mushtlab, moshinaga tiqishdi. Eshmo‘minni uyidan chaqirib
chiqishibdi.
— Ko‘rinishi qanaqa?
— Bittasi jingalaksoch, bittasi mallaroq.
— Mashinalari qanaqa?
— Oq «Jiguli».
— Sizlar ketaveringlar.
— Shu paytda qayoqqa boramiz? Avtobuslar yotib qolgan.
— Xohlasangiz, mehmonxonaga boring, xohlasangiz, bozorga borib yoting, — dedi Zohid
quruq ohangda. U avtobus yo‘qligidan emas, ko‘chaga chiqishga qo‘rqib bahona
qilayotganlarini sezdi. Bu yigitlar yarim kechada ham qishloqlariga bora olishlari mumkin
edi. Yigitlar Zohidning gapi qat’iy ekanini fahmlab, bir-birlariga qarab oldilar-da,
baravariga o‘rinlaridan turdilar.
— Men gunohlaringdan kechmaganman. O‘lgunimcha ham kechmayman. Ammo
sizlardan qasos olmayman. Nomardlardan qasos olib, past ketmayman, xotirjam
yashayvering. Agar u dunyo deganlari rost bo‘lsa, akam bilan uchrashganda gapirasizlar
gaplaringizni.
Yigitlar boshlarini xam qilib chiqib ketishdi.
— Nima uchun haydading ularni? — dedi Soliev. — Balki so‘raydigan gaplarim bordir?
— Nimani so‘raysiz? Bilganlarini aytishdi. Ular akamni o‘ldirishgan. Bittasi qamaldi.
Uchtasi qutulib ketdi. Kimdir menga yaxshilik qilmoqchi yoki «biz bilan o‘ynashma», deb
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |