www.ziyouz.com kutubxonasi
183
e’tibor bermay. — Ular kimgadir xolis xizmat qilishgan. Taksoparkdan mashina
so‘rashgan, ular yo‘q, deya olishmagan. Tojimullaev esa «ishlayapti», deb
rasmiylashtirib qo‘ygan. Hozir birov bilan birovning ishi yo‘q. Komilov qamoqdan chiqqan
mahallarda bu masalaga qattiq turilardi. O‘g‘rimi, chayqovchimi, bir idoraga ilinib olardi.
Endi Tojimullaeving ikki tig‘ orasida tipirchilab qoldi. Bir biqiniga biz tirab turibmiz,
ikkinchisiga ular. Komilov yashagan uyni ko‘rsatgani uchun ular Tojimullaevni siquvga
olishgan bo‘lsa, u bechoraning yuragi chiqib ketgan.
— Ularning o‘rnida men bo‘lganimda Tojimullaevga tuhmat qilardim. Komilovning qon
tekkan kiyimini uyiga tashlab qo‘yardim.
— Bunaqa ashulalar eskirib qolgan. O‘qib yurganingda bir gap aytganman, esingdami?
— Soliev eslab ko‘rsin, degan maqsadda sukut saqladi.
— Siz menga ko‘p gaplarni aytgansiz.
Soliev miyig‘ida kuldi:
— Qaysi biri esingda?
— Daraxt ko‘chada o‘sgani bilan ildizi ko‘rkam imoratlarning tagiga qarab ketgan bo‘ladi,
devdingiz. O‘zingizning esingizdami bu gap?
Soliev picha o‘ylanib, bu savol qopqonidan hazil bilan qutulmoqchi bo‘ldi:
— Bunaqa aqlli gaplarni ko‘p aytganman. Men hozir sendan boshqa narsani so‘ramoqchi
edim: senlar oliy ma’lumot olaman, deb besh yil kitob titasanlar. Kitoblarda o‘tgan
gaplar yoziladi. Jinoyatchi kitobga tushgan yo‘ldan yurmaydi sira. Bu yo‘lda tez fosh
bo‘lishini biladi. U bizdan oldinroqda yuradi. Bizning aqlimiz ham, texnikamiz ham
ularning izidan boradi. Usta shaxmatchi raqibining hech bo‘lmasa uch-to‘rt yurishini
oldindan bilib turadi. Senga o‘xshaganlar tamom bo‘lgan o‘yinni o‘rganib yuraverasanlar.
— Usta shaxmatchilar ilgarigi o‘yinlarning yurishlaridan ham foydalanishadi. Odam eski
ashulani ham ba’zan sog‘inib qoladi.
— Harholda bizning sohada eski ashuladan qo‘rqish kerak. O‘tgan o‘yindagi yurishdan
foydalanib, sira kutilmagan, motga olib boradigan zarbaga uchraysan. Chunki sen
raqibingning usulini yod olgansan. U buni biladi. Sen «ha, o‘zimiz bilgan yurishda», deb
xotirjam bo‘lasan. Shunda u bir zarb beradiki, o‘nglanib ololmaysan.
Ular yo‘l-yo‘lakay o‘zlaricha falsafa so‘qib borishardi. Soliev bir jihatdan haq edi. G‘anim
tomon besh-olti yil kitob titmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, erkin fikrlaydi, erkin
yurish qiladi, kutilmagan zarba beradi. Solievlarni qiynaydigan yana bir tomoni bor: har
qanday polvon kurashga tushganda avvalo o‘z kuchiga ishonadi. Ammo uni «ha
barakalla», deguvchi rag‘batchisi, homiysi ham bo‘ladi. Solievlarning homiylari,
shubhasiz, shinam xonalarda o‘tirishadi, ularni alqashadi, nishonlar, mukofotlar
berishadi, biroq, zimdan raqib tomonga ham xizmat qilishadi. Ulardan qo‘rqishadimi yo
ulushlarini olib turishadimi, harholda Solievlarning nozik tomonlarini ularga bildirib
qo‘yishadi. Solievga bu yaxshi ma’lum. Shu bois biron jinoyat iziga tushganida
daraxtning ildizi qaysi imorat ostida ekan, deb o‘ylaydi. Necha marta ildizni topdi, ammo
qirqa olmadi — yo‘l qo‘yishmadi. «Sen daraxt kesuvchisan, ildiz kemiruvchi emassan»,
deyishadi. Zohid bu o‘yinlarni zohiran biladi. Eshitgan, lekin bu savdolar hali boshiga
tushmagan. U ildizga yetib borishiga, bolta urishiga ishonadi. Noumid — shayton, yosh
ko‘ngil shu umid bilan yashayversin. Yoshlik — asli umid deb atalgan, afsuski, qumdan
yasalgan bir imorat. Uni shamol osongina to‘zitadi, yomg‘ir yuvib ketadi...
2
Buxorodagi qarindoshlarinikida konyak ichib o‘tirgan Tojimullaev uch soat deganda o‘zini
katta shaharning jinoyat qidiruv bo‘limida ko‘rdi. Qarindoshlarinikiga milisalar kirib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |