www.ziyouz.com kutubxonasi
179
qildi:
— Faqat sayoq odam yuvinadimi? Begona joylarda o‘tirdingiz, begona odamlar bilan
ko‘rishgansiz... Darrov egrilikka olmang-da... — Shunday deb erining yuzini silab qo‘ydi.
Elchin bu yumshoq qo‘lning taftini sezmadi. «Bugun o‘zi tuproqqa qorishtiradigan kun
ekan», deb hammomga qarab yurdi.
5
Elchin yuvinayotgan mahalda Anvar shirin uyquda edi. Birdan uyg‘ondi. Uyg‘onganda
ham sergak, tiniqqan holda uyg‘ondi. Birpas jim yotdi. Peshonasi qiziy boshlagach,
o‘rnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Derazadan tushib turgan nurni ko‘rib, shoshib
eshikni yopdi.
— Seni biz uyg‘otdik, — degan yoqimli ovoz kelgach, nur ustiga oyoq qo‘ymoqchi bo‘ldi.
— Seni hozir olib bormaymiz, — dedi yana yoqimli ovoz.
— Men Zunnuniy bilan uchrashmoqchiman, so‘raydigan gaplarim bor.
— Yerdagi hayot bilan vidolashganingdan keyin uchrashasan.
— Asqar Qosim bilan-chi?
— U bilan ham... Sen bizning borligimizga ishondingmi?
— Ha.
— Yerdagi hayot bilan xayrlashishga tayyormisan?
— Yo‘q.
— Nima uchun?
— Odam o‘zini o‘zi o‘ldirishi oson emas. Men hayotdan to‘yganim yo‘q.
— Bugun bo‘lmasa ertaga to‘yasan. Xolidiy endi battar avjiga chiqadi. Atrofdagilar seni
talashadi. Ko‘z ochirishmaydi. Sen o‘zgarishlarga ishonib xato qilyapsan. Odam egnidagi
libos o‘zgaryapti, yurak emas. Shunga aqling yetmaydimi?
— Bilib turibman... lekin menga ozgina muhlat bering.
— Vaqtni cho‘zma. Bilib qo‘y: do‘stingning do‘sti xavf ostida, yo‘ldan qaytmasa, halok
bo‘ladi.
— Kim?
— Do‘stingning do‘sti...
Shu gapdan keyin nur chekinib, xona qorong‘ilashdi. Anvar holsizlanib, ustulga o‘tirdi.
Nurning jumboqli gapi uni tashvishga soldi. Do‘stimning do‘sti kim ekan, deb o‘ylandi.
«Do‘stga o‘xshab yurganlar ko‘p. Hammasini ogohlantirib chiqamanmi? Yo eng yaqin,
eng chin do‘stlarnimi? Yo‘ldan qaytmasa halok bo‘ladi... Qanaqa yo‘ldan? Birovi amal
talashayotgandir, birovi mol-dunyo qayg‘usi bilan yashayotgandir, birovi boshqasining
chiroyli xotinini yo‘ldan urmoqqa kirishgandir... Qaysi biri halok bo‘ladi? Nur nima uchun
meni ogohlantirdi? Do‘stimning do‘sti halok bo‘lishini istamadi. Ammo meni shoshiryapti.
Men unga «hayotdan to‘ymadim», dedim. Shu gapdan achchiqlanib, darrov g‘oyib
bo‘ldimi? Men... hayotdan to‘ymadimmi?..»
«Hayotdan to‘yish» degan gap tildan osongina uchadi. Shu ikkitagina so‘zdan iborat
tushunchaning o‘q ildizini topish esa juda mushkul. Har kim hayotdan har xil lazzat
oladi. Kimdir maishatdan, fohishalar davrasida yayrab tun o‘tkazishdan, boshqa birov
esa ana shu harom yo‘lga yurmaganidan lazzatlanadi. Kimdir to‘plagan mol-dunyosiga
qaragan sayin ko‘zi quvnaydi, boshqasi teshik tog‘oraga qarab, qorin va nafs bandasi
bo‘lmagani uchun Yaratganga shukr qiladi.
Xuddi shunga o‘xshash, hayotdan to‘yish ham turlicha. Birov mol-dunyosidan ayrilsa,
hayotdan to‘yadi. Birov haqsiz dunyodagi nayranglardan to‘yadi... Anvar nimadan
to‘ysin? Xolidiyning hiylalariga chiday olmaganini oshkor etib, bu dunyodan ketvorsinmi?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |