www.ziyouz.com kutubxonasi
168
ma’qullab. — Barmoq iziga qarab, kimligini aniqlashgan. Endi kavlashtirib yotishibdi.
— Vahima qilavurma. Bir joyni tatalab teshib chiqishi uchun temirdan tirnoq kerak, —
dedi Kesakpolvon, peshonasini tirishtirib. U Asadbekning tanqidini og‘ir olmasdi, ammo
gapga Chuvrindi aralashsa, ensasi qotardi, kamchiligini bo‘yniga olishni sira istamasdi.
— Hozir temir tirnoqlar paydo bo‘lgan, — dedi Asadbek.
— Temir tirnoqlarning ham oshqozoni, jig‘ildoni bordir? — dedi Kesakpolvon, bo‘sh
kelmay. — Shilimshiqni oldirib kel, deding, bir kunda oyog‘ini yerga tekkizmay oldirib
keldim. Hofizga ro‘para qil, deding ro‘para qildim. Uni biz o‘ldirganimiz yo‘q. Kavlashsa
ham bizga ro‘para bo‘lishmaydi.
— Yo‘lni biz tomonga burib yuboradigan ishlar ham bo‘lgan, — dedi Chuvrindi. — Haydar
aka bir-ikki ishni bemaslahat qilganlar. Bugun yigitlarim muhim gap topib kelishdi. —
Chuvrindi shunday deb sukut saqladi. «Aytaveraymi?» deganday Kesakpolvonga qaradi.
Kesakpolvon o‘rnidan bir qo‘zg‘olib oldi.
— Gapni chaynamay, aytavermaysanmi? — dedi jerkib.
— Shilimshiq hali ham obodonlashtirish idorasida ro‘yxatda turgan ekan. U yerdagi
haromilarga maoshi kerak bo‘lgan-da. Tergovchi o‘sha yergacha kavlab borgan.
Shilimshiq Tojimullaev bilan uchrashgan ekan.
— Kim u? — deb so‘radi Asadbek.
— Tojimullaev o‘sha idora boshlig‘ining muovini. Xullas, u tergovchini Sanginanikiga
boshlab borgan.
Asadbek Kesakpolvonga o‘qrayib qaradi.
— O‘shanikida turganmidi Shilimshiq? Sen menga boshqa gap aytgan eding-ku?
— Men aytgan joy ishonsizroq chiqdi. Sangina puxta juvon.
— U-ku puxta, ammo sen lattasan. Boshing bilan o‘ylaysanmi yo boshqa yog‘ing
bilanmi?
— Sen qaering bilan o‘ylasang, men ham o‘sha yerim bilan o‘ylayman. Ishning sassig‘i
chiqqanda men aybdor bo‘lib qoldimmi? Shilimshiqni hofizga ro‘para qilganingda to‘y
haqida gap yo‘q edi. Sen mardlik qilmoqchi eding. O‘zing ham kalta o‘ylagansan. Men
o‘g‘ridan chiqqan odamman. Ishim yo chikka bo‘ladi, yo pukka.
Asadbek o‘rtog‘iga baqirib xato qilganini fahmlab, uni tizzasiga shapatiladi.
— Jirillama. Men ham qimorbozdan chiqqan omi odamman. U o‘yinlarda bugun oshiq
olchi turmasa, ertaga turadi. Endigi o‘yinlarda oshiq olchi turmagan kun o‘ldim,
deyaverasan. Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q. Men Shilimshiqni jazolashim zarur edi.
Agar u jazosini olmasa, boshqa bir yigit uning izidan borar edi. Tartib bo‘lmasa, birov
bizni bir tiyinga ham olmay qo‘yadi. «Mardlik» degan olifta gaplaringni qo‘y. Kim men
chizgan chiziqdan chiqsa, Shilimshiqning orqasidan jo‘naydi. Ikkoving ham yigitlaringga
aytib qo‘ylaring. Mendan keyin sen, sendan keyin Mahmudning aytgani qonun bo‘ladi.
«Kim ko‘proq aybli?» deb axlat titishingga yo‘l qo‘ymayman. Bu hukmni men
chiqarganman! Mahmud, endi nima qilmoqchisan?
— Hali bir to‘xtamga kelganim yo‘q. Tergovchi yaxshi hid oladigan iskovichga o‘xshaydi.
Uning yoniga mayor Soliev qo‘shilgan.
— Soliev? Kattalarning sho‘rini quritgan mayormi? Ishdan ketuvdi-ku? — dedi Asadbek.
Mayor Soliev ikki yil burun bir qotillik izidan borib, yuqori amallarni egallab turgan
odamlarning erka farzandlarini fosh qilgan edi. Bu ishni xaspo‘shlashga intilish yaxshi
natija bermadi. Adolat qaror topganday tuyuldi, ammo Soliev iste’foga chiqishga majbur
bo‘lgandi. Hozir Asadbek shuni nazarda tutib so‘radi.
— Yangi yildan ishga qaytarishgan. Bir yarim yillik maoshini to‘lashgan, — dedi
Chuvrindi.
— Haydar, eshitdingmi? Temir tirnoq o‘sha bo‘ladi. Unda oshqozon ham, jig‘ildon ham
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |