www.ziyouz.com kutubxonasi
155
deb tushuntiryaptimi yo aksinchami?
Anvarning fe’lidan bexabar juvon nima deyishini bilmay dovdirab qoldi. Yaxshiki domlasi
«Anvarjon ozgina qo‘polroq, e’tibor bermang», deb ogohlantirgan edi. Bo‘lmasa chiqib
ketishga ham tayyor edi.
— Siz Sunnat Jo‘raevichingizdan so‘rab keling, shunga qarab gaplashamiz.
Juvon bu odam bilan suhbatlashishning hojati yo‘qligini bilib, eshik tomon yurdi.
Anvarning yonidan o‘tayotib bir zum to‘xtadi:
— Kechirasiz, domla, tarixga ikki xil ko‘z bilan qarab bo‘lmaydi, — dedi. Juda shirin,
ammo keskin tarzda aytdi-da, tez-tez yurib chiqib ketdi.
Anvar shundagina unga bu gaplarni bekor aytganini fahmlab, izza chekdi.
— Anvarjon, yordam bera qolsangiz bo‘lardi. Bechora bir hafta kutdi, — dedi ro‘parada
o‘tirgan ayol, unga yalinganday qarab. Shu gap madad berib, Anvar shart burildi-da,
juvonning orqasidan yugurdi.
— Singlim, to‘xtang, — dedi Anvar, unga yetib olgach. — Xafa bo‘lmang. O‘zim shunaqa
to‘ngroq bo‘lib tug‘ilganman. Shoshilmayotgan bo‘lsangiz, gaplashib olaylik. — Anvar uni
dahlizga qo‘yilgan yumshoq kursilarga boshlab, so‘ng o‘tirishgach so‘radi: — Nimalarni
o‘qidingiz?
— Siz aytgan ikkala kitobni. Keyin G‘afurov degan olimning kitobini.
— Xo‘sh?
— Bir-biriga qarshi fikrlar. G‘afurov 1949 yilda bu qo‘zg‘olonni ijobiy baholaganda «tojik
xalqining chorizmga qarshi qo‘zg‘oloni», deydi. 1953 yilda esa «favqulodda reaktsion
harakat», deb baholab «o‘zbek xalqining harakati» deydi.
— Ana shunaqa-da! Maskovda qanaqa kuy chalishsa, bular o‘shanga qarab
o‘ynayverishadi. Tarix bularga o‘yinchoq! Siz o‘zingiz qanday fikrdasiz?
— Men hali o‘rganib chiqishim kerak.
— Progressiv desangiz, bular qo‘ymaydi. Xolidiy diplom ishingizni o‘qimasa ham, is olib
yuradigan shogirdlari bor, reaktsion desangiz...
— Men haqiqatni deyman.
Keskin tarzda aytilgan bu gap Anvarni hayratga soldi. «Bu dunyoda haqiqatni aytishni
istaydigan odam qolmagan», deb yurganida chiroyligina juvon shunday deb tursa-ya!
— Kechirasiz, singlim, xo‘jayin qaerda ishlaydilar?
— Maktabda.
— Ota-onalari-chi?
— Ular ham maktabda. Nimaga so‘rayapsiz?
Anvar kulimsiradi:
— To‘g‘risini aytsam, siz haqiqatni yozsangiz-u, ular amaldor bo‘lsalar ishlari yurishmay
qolarmikin, demoqchiydim.
— Bizning qo‘rqadigan joyimiz yo‘q.
— Siz shu yerda ilmiy ish qilishingiz kerak ekan.
— Yo‘q. Men ham maktabga boraman. Haqiqatni eng avval bolalarga aytish kerak.
Yarim soat oldin birov kelib «shunday ayol bor», desa Anvar ishonmasdi. Hozir ham
quloqlariga ishonmay o‘tiribdi. Chiroyli juvonlar shunaqa yerlarda ishlashni orzu
qilishardi. Kelib-ketib yurishsa bas, jon kuydirilmaydi, maosh esa unaveradi. Uzoq yillar
ishlagani uchun «mehnat faxriysi» degan nishonlar oladi... Bu juvon esa...
— Daftaringizni oching, — dedi Anvar, gapni birdan boshqa tomon burib. — O‘qiydigan
kitoblaringizning ro‘yxati: Ostraumov, general-leytenant Korolkov, general-leytenant
Terentev, knyaz Mansirev. Bularning gaplarini arxivdan topib o‘qiysiz. Salkov,
Nalivkinlarni kutubxonadan topasiz. Siz qo‘zg‘olonni Mingtepadagi masjidning qulashiga
bog‘lamang. Qo‘zg‘olonning ildizini eng kamida o‘ruslarning Toshkentni bosib olishlaridan
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |