www.ziyouz.com kutubxonasi
153
olgan edi. Bu gapdan keyin Elchin ham biroz yumshadi. Asadbek bu gapni tarixchilar
ishini muttasil kuzatib yuradigan ziyoli odam sifatida aytgani uchun ham ishonarli chiqdi.
Uning deputat bilan so‘zlashgani, uning aytganlaridan kerakli xulosa chiqarib olganini bu
ikki oshna bilmas edi.
Anvar «xalq otasi»ning munofiqligidan gap ochilsa, o‘zini tutib tura olmas edi. El orasida
yomon ishlar bilan qo‘rquv solib yurgan odamki, bu haqda so‘z ochdimi, demak, Xolidiy
munofiqgina emas, murtad hamdir, degan tushuncha uning gap xaltasini ochib yubordi.
Anvarning hozirgi ahvolini ko‘rgan odam uni o‘z uyida emas, ilmiy kengashda ma’ruza
qilyapti, deb o‘ylar edi.
— Mana, Qo‘qon muxtoriyatini oling. Lenin o‘z huquqlaring o‘zlaringda dedimi, dedi.
Po‘lsha o‘ziga mustaqil bo‘ldimi, bo‘ldi. Estoniya, Latviya, Litva, Finlyandiya ajralib
ketdimi, ketdi. Bular ham xuddi biz kabi Rusiya imperiyasining mustamlakalari edi-ku?
Ular mustaqil bo‘lib ketishdi. Biz bor-yo‘g‘i muxtoriyat talab qilgan edik. Qarang-a,
muxtoriyatga ham ko‘nishmadi. Lenin Moskovda turib olib, «Mazlum sharqqa ozodlik
berdik», deydi. U yoqda mazlum xalqning qoni daryo bo‘lib oqadi. Qo‘qon muxtoriyatini
kim qonga botirdi? O‘rislarmi, bolsheviklarmi? Yo‘-o‘q, bu ishni turk qoniga tashna
dashnoqlarga qo‘yib berishdi. Men buni tarixiy dalil asosida isbotlasam, u padarla’nat
«Sizning xulosangiz milliy nizo keltirib chiqaradi», deydi. Bir odamning o‘t pufagida tosh
bor. Shuni olib tashlash uchun qornini yorishdi. Shunda jarroh «o‘t pufakka tig‘ tegsa
jigar xafa bo‘ladi, yaxshisi ko‘r ichakni olib tashlaylik», deb tursa, kasal bechora dardini
kimga aytadi?!
Xonzoda choynak-piyola ko‘tarib kirgach, Anvar otashin nutqini to‘xtatdi. Asadbek
Anvardagi tuyg‘udan uzoqroq bo‘lsa ham, gaplarini eshitib, unga nisbatan mehri
uyg‘ondi.
— Siz bilan bir gaplashadigan ekan. Qoyilman,— dedi Asadbek, Anvar uzatgan piyolani
olib. — Men o‘rtog‘ingizga bir gap aytay, deb kirgan edim. Siz ham eshiting, maslahat
bering. Elchinboy, sizni kechami yo bugunmi hech kim to‘yga aytmadimi?
— Yo‘q, — dedi Elchin to‘ng ohangda.
— Agar aytsa, ko‘nmang. Umuman, yaqin orada to‘ylarga bormay turing.
— Nimaga?
— Ha, endi... chillalik odamsiz.
— Aniqroq gapiravering.
— Aniqrog‘i shuki... Siz san’atdagi obro‘yingizni tiklab olishingiz kerakmikin? To‘yda...
har xil odamlar bo‘ladi. Sizlarning oralaringizda ham hasadgo‘ylar bor. Bitta yaxshi
ashula chiqarsangiz xalq eshitib xursand bo‘ladi, hasadgo‘ylaringiz esa kuyib ketadi.
Yana ham aniqroq aytsam, gap shuki, endi sizning obro‘yingiz mening ham obro‘yim.
Sizni... o‘g‘lim deganman. Anvar-jon, siz guvohsiz, o‘rtog‘ingiz kuyovim emas, o‘g‘lim.
Chet eldagi o‘g‘illarim kelishsa, aka-uka bo‘lib ketasizlar, Xudo xohlasa. Men bir
narsaning isini sezmasam, gapirmayman, to‘ylarga bormay turing.
Asadbek gapni maslahat ohangida boshlab, buyruq tarzida yakunladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |