www.ziyouz.com kutubxonasi
81
Lekin Hamida bonuga kelganda bu doyaning epchilligi ish bermay qo‘ydi. Hamida bonu
besh soat qiynaldi. Sababini keyin bilishsa, bola favqulodda yirik ekan. Doya esa boshqa
yomon xayollarga borib vahimaga tushdi. Hamida bonu zo‘riqib ko‘zlari xonasidan otilib
chiqquday bo‘lar, «yordam beringlar», deb zorlanar edi...
Kech kirib, qorong‘i tushdi. Sokin osmonda to‘lin oy ko‘rindi. Hamida bonu esa hamon
qiynoqda. Maslahat so‘raylik deyishsa, Humoyun yo‘q. Hamidaning onasi yordam so‘rab
Rana Virsalning xotiniga bordi. O‘ttiz yoshlardagi bu go‘zal ayolning o‘zi ham to‘lg‘oq
azobini boshdan kechirgan, emizikli qizchasi endi ikki oylik bo‘lgan edi. U o‘ziga doyalik
qilgan ellik yashar chaqqon bir ayolni chaqirtirdi-yu, Hamida bonuning onasiga qo‘shib
yubordi.
Tashqarida iztirob chekib o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam:
— Musulmon podshosining farzandiga g‘ayridin doyalik qilsa gap-so‘z bo‘lg‘ay! — deb
avval bu doyani ichkariga kirgizmadi.
— Bularni ham xudo bizdek inson qilib yaratgan!— dedi qizning otasi Mirbobo Do‘st. —
Hozir din-u millat ayiradigan payt emas, Hamida bilan bolaning hayoti xavf ostida.
Shu payt ichkaridan muslima doya sarosima bo‘lib chiqdi.
— Bo‘lmayapti, aylanay xo‘jam! Chappa kelmasin deb qo‘rqamen!
Shundan keyin Xo‘ja Muazzam ham yon berdi-yu, hind doyasiga:
— Marhamat, tezroq kiring! — dedi.
Yuvinib, toza kiyinib kelgan hind ayoli Hamida bonuga o‘ng tomondan yaqinlashdi-da,
o‘z tilida qandaydir duoni pichirlab o‘qidi. Uning ozg‘in qoramtir qo‘llarida biron sehri bor
ekanmi, besh-olti daqiqa uringandan keyin to‘satdan chaqaloq ingasi eshitildi.
Hamida bonuning yumuq ko‘zlari charaqlab ochildi. Nazarida, shift va devorlar lopillab
yurib ketayotganday ko‘rindi. O‘zining tanasi esa parday yengil bo‘lib qoldi. Biroq bosh
ko‘tarib bolaga qarashga majoli yo‘q. O‘g‘ilmi, qizmi? Doyalar shuni aytguncha o‘tgan bir
lahza Hamida bonuga benihoya uzoq tuyuldi. Nahot qiz bo‘lsa? Shuning uchun aytgilari
kelmayaptimi?
— O‘g‘il! — deya xitob qildi birinchi doya. — Muborak bo‘lsin, begim! Polvon o‘g‘il
tug‘dingiz! Nechun bu qadar qiyin bo‘ldi desam, juda do‘lvor ekan!
— Bismillohir rahmonir rahim! — deb birinchi doya bolaning kindigini kesdi.
Ikkinchi doya esa:
— Kalimayiki jay!* — deb, chaqaloqning kesilgan kindigi uchini yaxshilab tugib qo‘ydi.
Hamida bonu goh o‘g‘liga intiq Humoyunning chappor urib quvonishini ko‘z oldiga
keltirar, goh Jamna ustida Nizomning qayig‘ida qalqib suzib borayotgan bo‘lar, uning:
«Muslim-u hindi hammasi bir inson, faqat brahman-u mullolar ularni bir-biridan
ayirurlar», degan so‘zlari qulog‘iga qayta eshitilib ketar edi.
Inson hayotining eng mas’uliyatli damlarida kishilar o‘zlarining din-u millatini ham unutib
bir-birlariga odamiylik qo‘lini cho‘zishini Hamida bonuga hozirgina doyalik qilgan ikki
ayolning inoqligi aytib turardi.
Hamida sal o‘ziga kelganda ayvondan to‘lin oyning nuri tushdi. Sutday oydin kechada
naqoralar quvonch bilan taka-tum qilar, surnay navosi yangrar, Umarqut qal’asidagi
mehmon-u mezbonlar yangi tug‘ilgan bola sharafiga xursandchilik qilishardi.
Turdibek Humoyundan suyunchi olish uchun sahar palla otlanib, Jun daryosi tomonga
shoshildi. Umarqutda esa ikki kun davomida Humoyunning nomidan minglab odamlarga
osh tortildi, shirinliklar ulashildi. Uchinchi kuni Humoyundan chopar keldi. Chillali ayol va
bola oldiga faqat Mohim bibi bilan Aminat kirib chiqishar edi. Humoyunning maktubini
olib kirgan Mohim bibi suyunib xabar berdi:
— Ismi Jaloliddin Akbar bo‘lsin, debdirlar! Sizga atab she’r bitibdirlar! Chopar aytib
berdi, quvonganlaridan barcha navkarlarga mushk ulashibdirlar.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |