www.ziyouz.com kutubxonasi
83
Jajji bibiga ham xuddi o‘zidek dazmollangan oq shohi ko‘ylak kiydirib, og‘ziga oq ipak
lachak tuttirdi va bolaning oldiga pokiza qilib kiritdi.
Chaqaloq bu onani ham begonasiramay emdi. Uning inga-ingasi yanada kamayib ketdi.
O‘g‘lining ishtahasi ham polvonlarcha ekanini sezib dadillangan Hamida begim kunlar
o‘tishi bilan yana yangi enagalar toptirdi. Bulardan biri Nuriddinbek ko‘kaldoshning xotini
Hakima, yana biri badaxshonlik tojik ayol Poyanda bibi bo‘ldi. Mohim bibi bularning har
birini oq shohiga kiyintirib, ozoda qilib go‘dakning oldiga olib kirar, bola g‘ashlik qilmay
ularni ham o‘z onasiday emar edi. Buni eshitgan buvisi yumshoq tumorcha ichiga yomon
ko‘zdan asraydigan duolarni yozdirib, ko‘zmunchoq bilan qo‘shib tikdi-da, Hamidaga olib
kirib berdi:
— Bolangga taqib qo‘y, hamma yoqasini ushlab, hayron bo‘lib maqtaydi, ilohim ko‘z
tegmasin! — dedi.
Oradan yigirma kun o‘tdi, enagalardan biri tumovlab yotib qoldi, birining bolasi ichketar
bo‘ldi. Mohim bibi bolasi yoki o‘zi sal xastalangan enagani Akbarga yaqin keltirmas edi.
Yana enaga kerak bo‘layotganini eshitgan mezbonlar Ruparani degan emizikli bolasi bor
yoshgina hind juvonini Hamida bonuning huzuriga yubordilar.
Humoyun ayollar va bolalarga Xo‘ja Muazzamni javobgar eshik og‘a qilib tayinlab ketgan
edi. Xo‘ja o‘zi Hamidaning oldiga kirolmasa ham Mohim bibini vositachi qilib bir talay
xavotirli gap aytdi:
— Begim oxirini o‘ylasinlar, xudo xohlasa, Akbar ulg‘ayib valiahd bo‘lg‘ay. Keyin
ruhoniylar: «Majusiy onani emgan bola musulmon podshosiga valiahd bo‘lolmag‘ay»,
deb monelik qilishlari mumkin. Hazratimdan beruxsat hindlardan enaga olmanglar!
Baloga qolmaylik yana!
Bu gaplarni Mohim bibidan eshitgan Hamida bonu:
— Tog‘amga chiqib ayting, mezbonlarning dargohida yegan non-u tuzlarining hurmatini
unutmasinlar,— dedi. Shoh Husayndek musulmon amiri bizni quvg‘in qilganda Rana
Virsal joy berdi. Rana din-u millat ayirmadi, biz nechun ayiraylik? Hazratim enagalar
ixtiyorini menga berganlar, «Akbar — bani bashar farzandi bo‘lsin», deb tilak
bildirganlar. Xo‘ja tag‘oyim bu ishga ko‘p aralashmasinlar, mezbonlarning xotiriga malol
keladigan biron gap aytmasinlar.
Xo‘ja Muazzam bu javoblarni Mohimdan eshitgach:
— Nachora, jiyanimiz malika bo‘lgach, so‘zlarini rad qilolmagaymiz, — dedi.
O‘sha kuni kechqurun hind juvoni Ruparani enagalarning oq shohi kiyimini kiyib, bir oylik
Akbarni bag‘riga olganda Xo‘ja Muazzam tashqi xonada chaqaloqning chirqirab
yig‘lashini kutib o‘ltirdi. «Bola ziyrak bo‘lur, agar g‘ayridinni emgisi kelmay yig‘lasa
darhol ichkariga odam kiritib, go‘dakni tortib oldirgaymen», degan o‘yda edi. Lekin
istarasi issiq Ruparanidan ona sutining hidi kelib turar, bola unga elikib, yig‘lash o‘rniga
beixtiyor jilmayib qo‘yar, chaqaloqning tili va tishsiz milki ko‘rinib ketganda enaga* ham
undan zavq olib kulardi.
Umarqutga onalar va ko‘kaldoshlar shunday totuv yashayotgan farahli kunlarda yetmish
mil naridagi Jun daryosi bo‘yida Humoyun bilan shoh Husayn arg‘un orasidagi qonli
adovat kuchayib borar va buning xabari Hamida bonuga kelib turar edi. Shoh Husayn
daryo bo‘yidagi munozarali yerlarni qaytarib olish maqsadida shimoldan sakkiz ming
kishilik qo‘shin tortib kelgan, Rana Virsal buni eshitib, Jun yaqinida yashaydigan hind
qabilalardan yana yetti ming navkar yollagan va hammasini Humoyunning ixtiyoriga
bergan edi. Daryoning janub qirg‘og‘ida — bular, narigi qirg‘og‘ida dushmanlar hal
qiluvchi jang uchun qulay payt poylab turar edi.
Humoyun bu vaziyatda qo‘shinni tashlab Umarqutga kela olmas, Hamida bonuni
sog‘inganini, Akbar deb atagan o‘g‘lini haligacha ko‘rolmay dog‘da yurganini aytib,
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |