www.ziyouz.com kutubxonasi
91
— Qayerda ko‘rdingiz?
—Bundan besh toshcha* narida. Men yetib kelgunimcha ancha vaqt o‘tdi. Bir-ikki soat
o‘tmay yetib kelsa kerak. Niyati yomon. Shafqatsiz farmon berilganini ishonchli odami
aytdi!
Humoyun Bayramxonga yuzlandi:
— Darhol odamlarni yig‘ing! Hasanali eshik og‘a, Turdibek, Mirbobo Do‘st, Yoqub qo‘rchi,
yana kimki astoydil sodiq bo‘lsa birga yursin. Istiqbol yomon, yo‘limiz xatarli! Men
xaylxonaga boray!
Humoyun namozshom paytida ot choptirib kalontarning uyi tomonga borar ekan, tog‘
tomonidan achchiq izg‘irin esayotganini, guruchday-guruchday qattiq qor donalarini
shamol yuziga jazillatib urayotganini sezdi-da, «Akbarni olib chiqsak nobud bo‘lg‘ay!»
degan tahlikali o‘y xayolidan o‘tdi.
Ichki hovliga kirib, mumkin qadar bosiq tovush bilan:
— Begim, ot tayyor, issiqroq kiyinib chiqing, — dedi.
Agrada moskoviyalik savdogar taqdim qilgan suvsar po‘stinni Humoyun hamida bonuga
bergan edi. Kanizagi Aminat unga shu po‘stinni kiydirayotganda Hamida bonu yoshli
ko‘zlarini Humoyunga tikdi. Yig‘lab iltijo qildi:
— Akbarjonni birga olaylik!
— Begim, meni muncha ezmang. Boya tushuntirdim. Xudo xohlasa, erta-indin qaytib
kelurmiz. Sovuq yomon, bola o‘zi kasal. Mohim bibi qarab turgay. — Humoyun bolaning
beshigi oldida turgan Mohim bibiga yuzlandi: — Singlim, hamida yo‘g‘ida siz Akbarga
onalik qiling. Javhar oftobachi ham besh-o‘nta sodiq odamlarimiz bilan shu yerda qolib,
Akbarning xizmatini qilgay. Agar kechasi Askariy kelib, ozor bermoqchi bo‘lsa... hazrat
otamizning arvohlarini o‘rtaga solib ayting, Akbarga ham, enagalarga ham yomonlik
qilmasin. Bolada ne ayb? Qanday alami bo‘lsa mana, men bormen! — Bu so‘zlar
davomida Hamida bonu jun ro‘molini boshiga soldi, lekin o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi,
chopib borib Akbar belangan beshikni quchoqladi:
— Men bolamni xavf-xatarga qanday tashlab ketgaymen, musulmonlar! Bu qanday
ko‘rgulik?
Onaning iztirobi bolaga o‘tdi-yu, Akbar beshikda yotgan ko‘yicha chirqirab yig‘ladi.
Humoyun Hamida bonuga: «Bo‘lmasa bola bilan qoling!» demoqchi ham bo‘ldi. Boya u
xotiniga gavhar va la’llarni berganda, «bular mensiz qolsa xor bo‘lmasin, ilikka tushsam
tintib qo‘ynimdan topib olishgay», degan fikr ko‘nglidan o‘tgan edi. Eng og‘ir kunlarda
taqdirning barcha zarbalariga bardosh berish uchun suyukli xotini yonida bo‘ishi kerak
edi. Hamida bonusiz istiqbol unga keraksiz va ma’nosiz tuyulardi. Shuning uchun:
— Bas, yig‘lamang, men qolgaymen! — dedi va qilichining sopini changalladi: — Menga
bunday ayriliq dahshatidan ko‘ra qilich bilan jon bermoq afzal! Oxirgi nafasim qolguncha
siz bilan Akbarni himoya qilgaymen!
U chopib ayvonga chiqqanida darvozaxonadan Bayramxonning tovushi keldi:
— Hazratim! Odamlar yig‘ildi! Tezroq bo‘ling! Yog‘iy yaqin!
— Yog‘iy yaqin bo‘lsa jang qilg‘aymiz!
— Ikki ming yog‘iyga qanday bas kelurmiz, hazratim? Qirqtagina bek-u navkar
to‘pladim, xolos!
Bu so‘zlarni eshitib turgan Mohim enaga tez Hamida bonuning yoniga keldi:
— Voy o‘lay, hazratimning qoniga zomin bo‘lmang yana, hazrat begim! Akbarjonga men
ham onamen! Jiji enaga bor! Poychajon enaga bor!
Ruparani Umarqutda qolgan, enagalardan yana ikkitasi Qandahorga yetib kelolmagan,
lekin hozir Mohim tilga olgan uch ona bolaga jonini bergudek mehribon. Akbarning
ko‘kaldoshlari Adham, Aziz va Zayniddinlar ham shu yerda qoladi. Bolani bu qish
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |