www.ziyouz.com kutubxonasi
88
eslatibdirlar. «Mayli, sizga salqin joy beray, G‘azniga hokim bo‘ling, mirzo Askariy
Qandahorga kelsin», debdilar. Hindol mirzo bu gapning yolg‘onligidan bexabar, Komron
mirzoning taklifiga rozi bo‘libdilar. Qandahordan kuch ortib G‘azniga borsalar, darvozalar
berk. Ichkaridan bir odam chiqib, Komron mirzoning yangi farmonini Hindolga
ko‘rsatibdilar. Bu farmonga binoan Hindol mirzo G‘azniga emas, Haybar dovonidan
naridagi notinch Sayfiy* joylarga — Lamg‘anot bilan Tangihoga hokim tayinlanibdir.
— O noinsof-ey! — g‘azab bilan dedi Humoyun. — Komronning o‘zi hali
Qandahordamikin?
— Yo‘q, o‘tgan juma namozida Said Xalil kelib xutbani Komron mirzoning nomiga
o‘qigandan keyin Kobulga qaytib ketdi.
— Xonzoda begim-chi?
— U kishi ham yig‘lab-yig‘lab Kobulga jo‘nadilar.
— Demak, Qandahor ixtiyori hozir Mirzo Askariyda?
— Ha, — kalontar shivirlab davom etdi. — Menga o‘g‘lim aytdi. Komron mirzo maxfiy
farmon berib ketibdirlar. Sizni tuttirib, hibs qilishmoqchi emish. Xundor dushmanlaringiz
bor ekan. O‘shalarga qo‘shib hajga jo‘natmoqchi emishlar.
Humoyun shuncha uzoq yo‘l yurib, inilaridan panoh istab kelsa-yu, endi manzilga yetdim
deganda dahshatli xatarning ustidan chiqsa! Agar kalontarning gapi rost chiqib, uni
hajga jo‘natsalar, himoyasiz qolgan odamni xundor dushmanlari yo‘lda o‘ldirib ketishlari
hech gap emas!
— Nahotki inilarim mening qonimga shunchalik tashna bo‘lsa? — o‘rtanib dedi Humoyun.
— Balki bu bir vahimali ovozadir?
— O‘g‘lim menga maxfiy buyruq bor, dedi... Hazratim, uyimning to‘ri sizniki. Malikangiz
yosh bolali ekanlar. bu sovuqda qayoqqa ham borgaysiz? Agar tavakkal qilib
turaveramiz desangiz — bosh ustiga. Lekin o‘g‘lim menga, «zinhor og‘zingizdan
chiqarmang», degan edi. Bu sirni men faqat sizga ishonib aytdim.
— Xotirjam bo‘ling. Buni mendan boshqa hech kim bilmagay!
— Xudo hofiz! — deb kalontar yuziga fotiha tortib o‘rnidan turdi.
Inilari uni o‘limga mahkum etganini Humoyun hech aqliga sig‘dirolmasdi. Xafalashish,
arazlashishlar bo‘lib turadi. Lekin Humoyun ularga biron yomonlik qilgani yo‘q-ku. Askar
yig‘ib, Kobulga tajovuz qilib bormasa, yosh bolali xotini bilan tinch bir joy izlab
kelayotgan bo‘lsa. Nahotki shunday katta mamlakatning bir go‘shasini o‘z inilari undan
ko‘p ko‘rishadi? «Oddiy odam bo‘lsang eding, bir sholchaning ustiga ham sig‘ar eding, —
degan o‘y ko‘nglidan o‘tdi. — Hamma balo sening podsholigingda. Qandahorda xutbani
Komronning nomiga o‘qitish shunchalik qiyin bo‘lgani — sening tirik yurganing tufaylidir.
Said Xalilu Afzalbeklar o‘z maqsadlari yo‘lida hech qanday razolatdan qaytmasligini
Agrada Amir Bahlul bilan Nizomning boshiga tushgan falokatlarda ko‘rgan eding-ku».
Fikri shu joyga yetganda Humoyun ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yishga qaror berdi va
ichki hovliga — Hamida bonu bilan Akbarning oldiga yo‘naldi. Bola yo‘lda yana battar
shamollagan: yo‘talib, g‘ashlik qilib yig‘lardi. Humoyun kirishi bilan Mohim bibi Akbarni
Hamida bonuning qo‘lidan oldi-da, narigi uyga olib chiqib emiza boshladi.
Manqalning issig‘idan yuzlari qizargan Hamida bonu:
—Xudoga shukur-ey, yo‘l azobi tugay deb qoldimi, hazratim? — dedi. — Qandahorga
yetsak, barcha mashaqqatlardan forig‘ bo‘lg‘aymizmikin?
Humoyun indamay uni ikki yelkasidan oldi-da, yuzini o‘ziga qaratib, ko‘zlariga ma’yus
tikildi.
—Bardam bo‘ling, Hamidam! Kajraftor falak bizni yana yangi to‘fonlarga duchor qilsa
yonimda mardona turib berursiz, degan umidim bor.
— Voy, yana biron shum xabar keldimi? — rangi quv o‘chib so‘radi Hamida.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |