www.ziyouz.com kutubxonasi
85
o‘pishishlar va erkalatishlardan Humoyun o‘zini baxtiyor sezardi-yu, ammo ko‘nglining
bir chetidan «bu baxt juda omonat, hushyor bo‘l, senga qarshi qilich qayragan g‘animlar
atrofingni o‘rab kelmoqdalar», degan ogohlantirish eshitilib turganday bo‘lardi.
Gap faqat Jun daryosining narigi qirg‘og‘ida unga tahdid solib turgan shoh Husaynda
emas edi. Yuz mil narida shoh Husayndan yirikroq va xatarliroq yov — roja Mal Deva
Humoyunni qo‘lga tushirish va Sherxonga topshirish fikrida yurardi. Sherxonning o‘zi esa
shimolda Panjobni, sharqda Ajmirni, janubda Malvani ishg‘ol qilib, Humoyunning bu uch
tomonga boradigan barcha yo‘llarini bekitgan va uning atrofidagi halqani tobora qisib
kelmoqda edi. Ganga bo‘yida bir marta g‘aflatda qolib Beka begimni va qizchasi Aqiqani
oldirib qo‘ygan Humoyun endi Akbar bilan Hamidani bunday balolardan omon saqlash
haqida tun-u kun o‘y surardi.
Uning odatdagidan o‘ychanroq bo‘lib qolganini sezgan Hamida bonu:
— Biz Akbar bilan ne qilsak sizning mushkulingiz oson bo‘lg‘ay, hazratim? — deb so‘radi.
— Uzoq yo‘lga chidab bersalaring, ikkovlaringni bexatar joylarga olib ketsam... ko‘nglim
sal tinchirmidi?
— Uzoq yo‘lingiz qayer — Gujaratmi?
Humoyun og‘ir tin olib bosh chayqadi — hozir u Gujaratdan ham umidini uzgan. Chunki
Sherxon Malvani olib, sakson ming qo‘shin bilan Gujarat chegarasiga yaqinlashgach,
Humoyunning u yerdagi xayrixohlari tahlikaga tushib qolgan edi. Ular Humoyunga yon
bosib, keyin Sherxonning g‘azabiga uchrashdan qo‘rqishar edi. Bayramxon Humoyunga
chopar yuborib: «Zinhor Gujaratga kelmang, men o‘zim huzuringizga borib jon
saqlamasam, bu yerda yana asoratga tushib qoladiganga o‘xshaymen», deb xat yozgan
edi. Humoyun uni birga olib kelish uchun Xadang eshik og‘ani va filbon La’l Chandni
jo‘natganiga ikki kun bo‘ldi.
— Bayramxon kelsa, Kobulgami yoki Qandahorgami ketishdan boshqa chora yo‘q, — deb
Humoyun Hamida bonuga ma’yus termuldi.
— Nahotki Hindistonni butunlay tark etsak? — armon to‘la tovush bilan so‘radi Hamida
bonu. — Kechagina hind ayoli Ruparani Akbarni bag‘riga olib siynasini berganda mening
dilimda qancha yorug‘ orzular bor edi. Zora, butun Hindiston shu ona timsolida Akbarni
o‘z farzandidek bag‘riga olsa. Zora, o‘g‘limiz ham shu ulug‘ mamlakatga chin farzandlik
xizmatini qilsa. Nahotki bu orzular bari puch chiqsa, hazratim?
— Noumid shayton, Hamida bonu! Shoyadki, bu orzularingiz kelajakda ro‘yobga chiqsa.
Lekin Akbar o‘sha kelajakka eson-omon yetib borishi uchun uni bexatar joylarga olib
ketmog‘imiz kerak.
Hamida bonu Kobuldagi Komron mirzoni va Qandahordagi Hindol mirzoni ko‘z oldiga
keltirdi-yu, ularning yoniga borishdan yuragi bezilladi.
— Mening Hinddan hech ketkim yo‘q.
— Mening ketkim bor deysizmi, Hamida? Hindiston et bo‘lsa, biz unda tirnoqdek o‘sdik.
Tirnoqni etdan ajratib ko‘ring, og‘rig‘iga chiday olmaysiz! Men ikki yildan beri Hinddan
ketolmay sargadon bo‘lib yurganim — tirnoqni etdan ajratib ololmayotganimdan.
Bo‘lmasa bultur Bhakkardan Kobulga yo Qandahorga ketaylik deganlar ko‘p edi. Hozir
ham, agar siz bilan Akbardan xavotir olmasam, shu yerlarda tavakkal qilib, shoh
Husaynlar bilan olishib yuraverishim mumkin. Lekin vaziyat yomon, qavat-qavat
g‘animlar halqasi atrofimizni o‘rab kelmoqda.
— Men-ku, otliq yurib chiniqqanmen. Yoz issiqlarida ham ketavergaymen. Lekin Akbar
hali ikki oylik chaqaloq. Yana o‘sha jazirama sahrodan o‘tadigan bo‘lsak, murg‘ak bola
bardosh berolmagay.
Panjob Sherxonning qo‘lida, Humoyun shimoldagi Kobulga yoki Qandahorga ketish
uchun yana ulkan Tar sahrosi orqali o‘tishga majbur.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |