www.ziyouz.com kutubxonasi
84
yurakni ezuvchi xatlar yozar edi.
Bolaning chillasi chiqqach, Hamida Humoyunga javob xati yozdi:
«Siz kelolmasangiz ijozat bering, hazratim, biz o‘zimiz boraylik».
Oradan uch kun o‘tgach, Shamsiddin qo‘rchibegi yuztacha navkar, bir necha yuz ot-u
tuyalar, soyabon aravalar bilan keldi-da, Hamida bonuni va Akbarni enaga-yu
ko‘kaldoshlari bilan Umarqutdan ko‘chirib olib ketdi.
____________
* R a y z i n — Dehlidan 350 milcha janubdagi Malva viloyatiga qarashli qal’a.
* M a h a r o j a — ulug‘ roja degani.
* Ma’buda Kaliga sharaflar!
* O‘tlig‘ — keyinchalik «utyug» bo‘lib o‘zgargan. Alisher Navoiy asarlarida o‘tlig‘ bilan dazmol urilishi aytilgan.
* Hind ayoli Ruparani va Akbarga enagalik qilgan boshqa onalarning nomlari Abulfazlning «Akbarnoma»sida keltirilgan. Akbar ulg‘ayganda o‘z
enagalari va ko‘kaldoshlariga katta hurmat bilan qaragani ko‘pchilik tarixiy manbalarda qayd etilgan. Turkiycha «enaga», «ko‘ka» so‘zlari shu
tarzda hindi, ingliz, fors, urdu tillariga ham kirgan.
* * *
Jun daryosidan suv ichadigan yerlarda xurmozor va mangozorlardan tashqari paxta
paykallari ham ko‘zga tashlanar, kech kuzda terimlar tugab, dehqonlar o‘tin uchun
g‘o‘zapoya chopishar edi.
Humoyun Hamida bonuga peshvoz chiqib, uni Jun daryosidan yetti mil berida ulkan
mahva daraxtlari soya solib turgan bekatda kutib oldi. Yo‘rgakdagi Akbarni qo‘liga olib
peshonasidan o‘par ekan, bolaning tilla suvi yugurtirilgandek qizg‘ish sochi va mayin
qosh mo‘ylari, yuz bichimidagi yana qandaydir belgilari unga ko‘pdan tanishdek tuyuldi,
birdan rahmatli otasi esiga tushdi-yu, quvonchiga yana boshqa tuyg‘ular aralashib,
ko‘ziga yosh keldi.
— Umri uzoq bo‘lsin, onasi ham ko‘p yashasin! — dedi.
Odamlar oldida Hamida bonuni quchib o‘pishdan tortinsa ham, lekin ko‘zlari bilan uni
erkalab bir lahza tikilib turdi:
— Hazrat begim, men sizdan toabad minnatdormen!
Dushman qo‘shinlaridan yigirma milcha berida daryo bo‘yida chiroyli bir bog‘ ona-bola
uchun orasta qilib qo‘yilgan edi. Daryo suvining bir qismi bog‘ ichidan oqib o‘tar ekan,
oynaday tiniq, ko‘lchalar hosil qilgan. Shuning uchun bu yerga «Oynabog‘» deb nom
berilgan edi.
Atrofi tiniq ko‘l bilan o‘ralgan va ular ustidan chiroyli ko‘priklar o‘tkazilgan, ko‘kalamzor
orolsimon joyga ulkan saroparda tikilgan edi. Humoyun Hamida bonuni saroparda ichiga
boshlab kirar ekan, enagalar va chaqaloqlar uchun ajratilgan chetki chodirlarni ko‘rsatdi.
Saropardaning boshqa chetidagi uchta chodir Hamida bonu va Humoyun uchun
jihozlangan edi. Pothurda Hamida bonu kelinchaklik paytida «murod uyi» deb atalgan
pushtirang movut chodir hozir ko‘ziga olovday issiq ko‘rindi. Hamidaning ilgarigi
chiroyiga hozir mayin va ulug‘vor bir onalik husni ham qo‘shilgan, yuzidagi latofat,
ko‘zlaridagi joziba nihoyatda tiniqlashgan. Humoyun Akbarni emizgan yetti onani Saodat
uyi deb atalgan chodirga yig‘di-da, Hamida bonuga gavhar ko‘zli uzuk taqdi. Enaga-
larning har biri marvarid shodalari, bosh-oyoq sarupolar bilan taqdirlandi.
— O‘g‘limiz yetti onaga farzand bo‘libdir, — dedi Humoyun. — Inshoollo, o‘zi ham yetuk
bo‘lgay! Akbarning enagalaridan biri hind, biri tojik, biri afg‘on, biri fors, qolganlari turkiy
ulusdan. Men Hamida bonudan minnatdormenki, asli bitta Odam Ato va Momo Havodan
tarqagan turli ellarning onalarini bir olijanob maqsad atrofiga to‘plabdir. Buning juda
ulkan ramziy ma’nosi bor. Tilagim shuki, o‘g‘limiz Akbar shu onalar bergan oq sutning
qarzini ularning ellariga-yu butun bashariyatga uzsin!
Kechki payt Hamida bonu bilan Humoyun murod uyida yolg‘iz qoldilar. Odatdagi
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |