www.ziyouz.com kutubxonasi
80
Shu tarzda qarz olingan pulning yuz mingi Humoyun bilan sahro azobini boshdan
kechirgan barcha odamlarga maosh tarzida ulashildi. O‘zlariga ot va harbiy anjomlar
olgan bek-u navkarlar xotinlari va qizlariga taqinchoqlar ham sovg‘a qilishdi. Chunki
Umarqutga Arab dengizi yaqin bo‘lgani uchun uning bozolarida dengizdan olingan durlar,
sadaflar va marjonlar juda arzon edi.
Mezon kirgach, yoz issiqlari tugab, havo ham juda latif bo‘lib qoldi. Odamlar damini
olgach, Humoyun Rana Virsal bilan uchrashib:
— Ota yerlaringizni qaytib olishingizda biz sizga yordam bermoqchimiz, — dedi. —
Barcha bek-u navkarlarimiz sizning qo‘shiningiz bilan birga yurish qilishga tayyor.
Rana Virsal Hamida bonuning og‘iroyoq ekanini bilar, xotinidan «mehmon begimning oy-
kuni yaqin emish», deb eshitgan edi. Shuning uchun Virsal Humoyunning gapidan xiyol
taajjubga tushib:
—Begimni... qoldirib ketgaymisiz? — dedi.
— Ha, yuzga yaqin odam begimning xizmatida bo‘lgay, maharoja, biz sizning oilangizga
xuddi o‘z oilamizga ishongan kabi ishonurmiz.
bu gapdan ta’sirlangan Rana Virsal:
— Undoq bo‘lsa, men ham sizga o‘z qo‘shinimni ishonib topshirgaymen. Mening ikki
ming rajput yigitlarimga inim Sudxir Prasad boshliq. Siz esa ham o‘z askarlaringizga,
ham bizning qo‘shinga bosh sarkarda bo‘ling.
— Ishonchingizdan minnatdormen, maharoja!
Shu qaror bo‘yicha harbiy yurishga jo‘nashdan oldin Humoyun Hamida bonu bilan bog‘da
xayrlashdi. Bodom gullarini eslatadigan besh barglik xushbo‘y kanir gullari yonida
Hamida ma’yuslanib ko‘ziga yosh oldi:
— Og‘ir paytda meni tashlab ketmoqdasiz...
— Men ota-bobolarimizdan qolgan udumga binoan ketmoqdamen, Hamida! Esingizda
bordir, turkiy ulusda onaning oy-kuni yaqinlashsa ota biron yoqqa irim qilib ketmog‘i
kerak. To chaqaloqning chillasi chiqmaguncha men uzoqroqda yursam sizga ham, bolaga
ham yaxshilik tilagan bo‘lur ekanmen.
— bu udumni men ham olurmen. Lekin yana urush xavfi...
— Urush emas... Rana Virsalning ota yerlaridan bosqinchilarni quvmoqchimiz, xolos. Ora
uzoq emas, chopar bir kunda borgay.
— Bo‘lmasa xabar yuborib turing.
— Xo‘p. Sizdan ham xushxabar kutgaymen!..
Humoyun va’dasiga amal qilib, uch kun o‘tgach, Turdibekni Umarqutga yubordi. U
keltirgan xabarga binoan, Humoyun bilan Rana Virsalning birlashgan qo‘shini shoh
Husayn arg‘unning Jun daryosi bo‘yiagi qo‘shinini yengib, yetmish mil nariga uloqtirib
tashlabdi. O‘nlab qishloqlar istilochilar zulmidan qutilib, yana Umarqutga qayta
qo‘shilibdi.
Bu xushxabar butun shaharda katta shodiyonaga sabab bo‘ldi. Rana Virsal gulshodalar
bilan bezatilgan filga minib Humoyunga minnatdorchilik aytish uchun Jun daryosi bo‘yiga
ketdi. Uning xotini Umarqutdagi beva-bechoralarga xayr-u ehson ulashdi. Shaharning
barcha ibodatxonalarida brahmanlar ulug‘ yazdon Shiva va rajputlarga homiy ma’buda
Kali haykallari poyida sadaqalar qilishdi, muqaddas gurunchga saryog‘ qo‘shib
tayyorlangan taomlarni, shirinliklarni qavmlarga yedirishdi.
Mana shunday shodiyonalar davom etayotgan kuni peshinda, Hamida bonuni to‘lg‘oq
tuta boshladi. Humoyun uning ixtiyoriga tashlab ketgan odamlar orasida tajribali doya
xotin ham bor. Bu ozoda, epchil, o‘rta yashar ayol Mohim bibining o‘tgan oyda tug‘ilgan
va Adham deb ot qo‘yilgan o‘g‘liga, Jajji bibining Aziz deb atalgan o‘g‘liga doyalik qilgan,
hamma uni «qo‘li yengil» deb maqtar edi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |