www.ziyouz.com kutubxonasi
82
— Mushk? — taajjublanib so‘radi Hamida.
— Ha, o‘sha paytda barcha odamlarga ulashadigan boshqa mo‘lroq narsalari yo‘q ekan.
— Rost, xazinalari bo‘sh, Turdibekdan qarz olgan edilar...
Hamida bonu yostiqqa yonboshlab, Humoyunning maktubini ochdi.
«Men uchun bayramlar bayrami bukun,
Humoyun xurramlar xurrami bukun.
Dunyoning barcha davlat-u xazinalaridan ham a’loroq o‘g‘il in’om etgan suyukli yorim
Hamida bonu! Avvalgi yillarda shuncha davronlar surib bukungidek suyunganimni
bilmaymen. Ilohim Akbarning umri uzoq bo‘lsin, bekilgan yo‘llarimiz bari ochilsin, dildagi
orzular istaganimizdan ham ziyoda bo‘lib ro‘yobga chiqsin!»
Hamida bonu bu tilakka qo‘shilib:
— Ilohi omin! — dedi-da, yuziga fotiha tortdi, maktubni esa o‘pib, ko‘zlariga surdi.
Ota-onalarini va boshqa o‘nlab odamlarni shunchalik quvontirib dunyoga kelgan
chaqaloqning o‘zi allanarsadan norozidek g‘ashlik qilib ko‘p yig‘lardi. Hamida bonu
bolasini bag‘riga olib emizgandan so‘ng Akbar bir soat-yarim soat jim yotar, keyin yana
inga-ingani boshlar edi. Ona-bolaga girdikapalak bo‘lib xizmat qiladigan kanizak Aminat,
«yo‘rgagida qattiq botadigan narsa bormikan?» deb ochib ko‘rdi. Yo‘rgak juda mayin,
bekami ko‘st edi. Aminat Hamida bonuga qarab:
— Bolangiz juda gavdali, sutingiz yetmayaptimikin? — dedi.
Shu gapning ustiga kelib qolgan Mohim bibi:
— Mening sutim ko‘p, — dedi. — Hazrat begim, agar ruxsat bersangiz men o‘g‘lingizni
emizib ko‘ray.
Hamida bonu og‘il tuqqandan beri go‘yo birdan martabasi oshgan, endi unga «hazrat
begim» deb murojaat qiluvchilar ko‘paygan edi. Bu narsa Hamida bonuning kulgusini
keltirar, hozir ham u Mohim bibiga kulib boqdi-da:
— Ruxsat emas, iltimos sizdan, Mohim! — dedi.
Mohim ozodalikni yaxshi ko‘rar edi. O‘z xonasiga chiqib, siynasini sovunlab yuvdi.
Hamida begim oq kiyinib yotgani uchun chaqaloq boshqa onadan begonasirashi mumkin
edi. Shuning uchun Mohim bibi ham oq shohi ko‘ylagini o‘tlig‘* bilan dazmollab kiydi.
Boshidagi ro‘molini ham dazmoldan chiqarib o‘radi, og‘ziga iyagi aralash toza oq lachak
tutdi. Bu tayyorgarliklardan keyin go‘dak yana ingalab yig‘lay boshlaganda uni sekin
bag‘riga olib siynasini berdi.
Ajabki, chaqaloq begonasiramay Mohimni uzoq emdi va ikki soatcha miq etmay tinch
yotdi. Uning ochiqib yig‘lagani, Hamida bonu sahroda ko‘p qiynalib ozib qolgani uchunmi
yo boshqa sababdanmi, suti bolasiga ozlik qilayotgani endi aniq bilindi.
Shu kundan boshlab Mohim bibi «enaga» degan unvon oldi. Shahzodaga enaga bo‘lish
saroyda juda sharafli martaba hisoblanardi. Mohimning bir oylik chaqalog‘i Adham
bugundan boshlab Akbarning ko‘kaldoshiga aylandi. Bir onani emgan ko‘kaldoshlar esa
tutingan og‘a-ini sifatida goho umr bo‘yi podsho va shahzodalarning yaqin kishilariga
aylanadilar. Shuning uchun saroyda Hamida begimga sinashta bo‘lgan boshqa emizikli
onalardan yana bir nechasi Mohim bibidek enaga bo‘lish istagini bildirdilar. Bulardan biri
Shamsiddin Muhammad degan afg‘on yigitining xotini, yaqinda o‘g‘il tuqqan Jajji bibi
edi. Bu ayol nomiga yarasha mo‘jazgina, xushbichim, jajji juvon edi, nomini qisqartirib
«Jiji» deyishardi.
Mohim bibining o‘z chaqalog‘i Adham ham xo‘ra, ikki bolaga suti yetmaydi, shuning
uchun Hamida begim ora-orada o‘z o‘g‘lini Jajji bibining emizishiga ham ruxsat berdi. U
bosh enaga qilib Mohim bibini tayinladi. Avvalgi ozodalik udumiga binoan, Mohim enaga
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |