www.ziyouz.com kutubxonasi
90
— Hazratim, men o‘n to‘rt yildan beri xizmatingizda yurib, eng xatarli janglaringizga
ham birga borganmen. Ammo og‘a-inilarning birodarkushlik jangini sizga ham, o‘zimga
ham zinhor munosib ko‘rmasmen.
Bayramxon Humoyundan sakkiz yosh katta edi. So‘nggi yillardagi asirlik kulfatlaridan
yuzida ajinlar ko‘paygan, yoshi qirqdan oshib, qalin qora soqoliga oq oralab qolgan edi.
— Mayli, buyrug‘ingiz bilan men barcha bek-u navkarlarni shay qilib qo‘yay, ammo
jangni emas, biron bexatar joyga ketishni o‘ylamoq darkor.
— Bu qish sovug‘ida qayoqqa borurmiz, janob Bayramxon?
— Shomilistonga* boraylik. Shimol tomoni Seyiston, Hirot. Hozir Hirot ham shoh
Tahmaspning qalamravida. Bu shoh bilan yoshlikda ko‘rishgansiz, otasi otangiz bilan
ittifoqdosh do‘st edi. Agraga shoh Tahmaspning elchilari borgan-da izzat-ikrom bilan
kutib olgan edingiz, katta sovg‘alar berib kuzatgan edingiz. Shohga ham siz-u bizdek
jangovar ittifoqdoshlar juda kerak. Chunki shayboniyzodalar shu kunlarda Hirot-u
Xurosonni shohdan tortib olish harakatida shimoldan tahdid solmoqda emishlar. Biz
Tahmaspning yoniga kirsak, shohning dushmanlari tajovuzdan hayiqib qolishlari
mumkin.
— Ammo o‘zimizning shuncha viloyatlarimiz turganda safaviylar yurtiga sig‘indi bo‘lib
borish...
— Ular begona emas, hazratim. Shoh Tahmasp o‘zimizning ozarbayjonlik. Bundan
yigirma to‘rt yil burun Tabrizga borganim yodimda turibdir. Siz o‘shanda o‘ng bir yoshda
edingiz, balki eslarsiz? Safaviylar ham o‘zimizning turkiy ulusdan. Bobur hazratlari Shoh
Ismoil bilan tarjimonsiz bemalol so‘zlashgan edilar.
— Ammo johil qizilboshlar hazrat otamdan qasd olmoqchi bo‘lganlari yodingizdami?
Go‘yo G‘ijduvonda shayboniyzodalar bilan qizilboshlar orasida bo‘lgan jangda mening
otam Najmi Soniyga xiyonat qilgan emish, shuning natijasida u o‘ldirilgan emish!
Holbuki, Najmi Soniy otamning o‘zini ham yo‘q qilmoqchi bo‘lgan ekan. Qarshida qatliom
e’lon qilib, yetti yoshdan yetmish yoshgacha begunoh aholini qirdirgan ekan.
— Shoh Ismoil buni bilar edi, «ayb Najmi Soniyning o‘zida», — deb Tabrizda otangizni
himoya qilgani yodingizda bordir.
— Shoh ismoil hozir yo‘q. Shoh Tahmaspga mute bo‘lib borish... xatardan xoli emas,
janob Bayramxon.
— Xatar bu yerda ko‘proq. Axir siz shoh Tahmasp bilan bitim tuzgan edingiz, og‘ir
paytda ikkovlaringiz bir-birlaringizga ko‘mak berish haqida ahdlashgan edilaringiz.
— Shu ahdlar esida bormikin?
— Unutgan bo‘lsa eslatmog‘imiz mumkin.
Humoyun Bayramxonni shoh Tahmaspga elchi qilib yuborish haqida o‘ylab, bir lahza jim
qoldi.
Shu payt tashqarida ot dupuri va allakimning hovliqib:
— Hazratim qanilar? — degan xitobi eshitildi.
Humoyun ovozni tanib:
— Yo‘lchibekmi? — dedi. — Men o‘zim uni kutib yurgan edim. Ayting, tez kirsin.
Yo‘lchibekni Humoyun bundan uch hafta burun ammasi Xonzoda begimning maktubini
olgandan so‘ng Qandahorga xufiya qilib jo‘natgan edi. «Agar bizga biron xatar borligini
aniq bilsang, darhol xabarini yetkaz», deb tayinlagan edi.
Sovuqdan ot choptirib kelguncha mo‘yloviga qirov inib, oqarib qolgan Yo‘lchibek o‘tov
eshigidan kirdi-yu, yerga o‘zini tashlab tiz cho‘kdi:
— Shum xabar keltirdim, Hazratim! Tezroq shaylaning! Iningiz Askariy ikki ming qo‘shin
bilan sizni tutmoqchi bo‘lib bostirib kelmoqda!
Humoyun va Bayramxon o‘rinlaridan sakrab turishdi:
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |