www.ziyouz.com kutubxonasi
86
— bo‘lmasa, yoz o‘tguncha uch-to‘rt oy tavakkal qilib shu yerda qolurmiz, — dedi u, —
Sherxon yaqin oylarda bu tomonlarga qadam bosolmas. Akbar sal kuchga kirguncha siz
shu Oynaboqda bemalol turing.
— Siz-chi?
— Men qo‘shin ichida — qarorgohda bo‘lurmen. Ilgari davlat-u mamlakatimni yog‘iydan
himoya qilar edim. Endi mening eng katta davlatim — Akbar bilan siz. Bir o‘g‘il-u yetti
onani mamlakatim kabi himoya qilg‘aymen!
Humoyun sahar payti qirq mil naridagi qo‘shin qarorgohiga ketganicha uzoq vaqt qaytib
kelolmadi. Faqat ahyon-ahyonda: «Shoh Husayn bilan qattiq jang bo‘libdi»,
«Ravshanbek yaralanibdi», «Xadang eshik og‘a halok bo‘libdi», «Turdibek roja Virsal
bilan urishib arazlashib qolibdi», degan xabarlar kelib turardi. Humoyundan kelgan
xatlar ham ahvol tobora murakkablashayotganidan, agar Bayramxon Gujaratdan kelib,
uning yoniga kirmaganda dushman Oynaboqqa ham bostirib kelishi mumkinligidan
dalolat berardi. Nihoyat, Akbar to‘qqiz oylik bo‘lganda Humoyun o‘zi oynaboqqa keldi-yu,
ko‘ch yig‘ishtirish haqida buyruq berdi.
* * *
Humoyun oilasi va mingtacha odamlari bilan Sind daryosida uch kun suzdi, Qandahorga
boradigan karvon yo‘liga yetganda yuklarni kemalardan qirg‘oqqa tushirtirdi va tuyalar
bilan xachirlarga orttirdi. Hinddan uzoqlashib, shimolga qarab borar ekanlar, o‘ng oylik
Akbar soyabonli kajavaga mahkamlangan belanchakda nortuyaning bo‘yniga osilgan
qo‘ng‘iroqning bir maromda jaranglashiga quloq solib yotib uxlashga o‘rgandi.
Tog‘u cho‘llardan va yashil vohalardan o‘tib, xushhavo joylarda besh-o‘n kun to‘xtab,
Qandahor viloyatiga yaqinlashganlari sari chinorlar, teraklar, sanobar daraxtlari tez-tez
uchrardi. Bozor rastalarida xurmo bilan birga uzum, nok, naqsh olmalar ko‘zga
tashlanardi. Bu yil sovuq erta tushgan, ko‘p daraxtlar aqrabning boshlaridayoq bargini
to‘kkan, bog‘lardagi anjir va anorlarni qor-qirovlardan asrab, uyum-uyum tunroq tagiga
ko‘mishgan edi.
Hindiston issiqlarida yengil kiyinib, ochiq-sochiq yurib o‘rgangan odamlar qishi qattiq
bo‘ladigan Qandahor yo‘lida erta tushgan sovuqlardan juda qiynalib qolishdi. Humoyun
jubba deb ataladigan avralik po‘stinini yelkasiga oldi. Hamida bonu paxtalik kimxob to‘n,
jun ro‘mol va mahsi kavush kiydi. Akbarning beshigi ustiga tuya junidan to‘qilgan qalin
saqorlot govrapo‘sh yopilgan bo‘lsa ham, bolani emizgan paytlarida shamollab qoldi,
burni bitib, pixillab, ko‘p yig‘laydigan odat chiqardi.
Qandahorga yarim kunlik yo‘l qolganda Sarimastung degan qishloqda to‘xtadilar.
Ko‘pchilik bek-u navkarlar odatdagiday o‘tov va chodirlar tikishib, qishloq chetiga
joylashdilar. Humoyunning o‘zi va bolalik ayollar qishloq kalontarining* ichki-tashqi
hovlisiga tushdilar.
Uylar iliq, manqal deb ataladigan sandaliga bozillagan cho‘g‘ soldilar. Erkaklar o‘ltirgan
tashqi uy mehmonxonasiga quyuq-suyuq ovqatlar tortildi. Uy egasi — mosh-guruch
soqolli ozg‘in afg‘on dasturxonga omin qilingandan so‘ng dari* tilida:
— Hazratim, xoli qiling, sizga aytadigan gapim bor,— dedi.
Xonada Bayramxon bilan Turdibek bor edi, Humoyun ularga javob berdi. Shundan keyin
kalontar ovozini pasaytirib:
— Sizdek oliy mehmon mening kulbamga kelib tushganidan faqat sarfaroz bo‘lmog‘im
mumkin edi,— dedi. — Ammo hozir sizning boshingiz ustiga to‘planayotgan xavf-xatarni
o‘ylab bezovta bo‘lmoqdamen.
— Yana qanday tahlika, janob kalontar?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |