www.ziyouz.com kutubxonasi
77
chayonning oyoqlariday qimirlay boshladi. Ot yiqilayotganda Humoyun oyoqlarini
uzangidan chiqarib egardan qumga sakradi. Bu orada ikkinchi josus soqchilardan birini
xanjar bilan urib yarador qilgan, lekin Turdibek uning o‘ziga qilich urib, boshini tanasidan
uzib tashlagan edi. Panjasi qirqilgan birinchi josus og‘riqdan hushini yo‘qotgan paytda
navkarlar unga ustma-ust qilich urib, tanasini burda-burda qilishdi.
Bu qonli voqeaning guvohi bo‘lgan ayollardan biri qo‘rqib chinqirdi. Hamida bonu
Humoyunning bir o‘limdan qolganini, uning qo‘lidagi qilichi qonga bo‘yalganini ko‘rdi-yu,
ko‘zlarida dahshat qotib qolganday ancha vaqt karaxt bo‘lib turdi.
Humoyunga boshqa ot keltirdilar, u egarga mindida, Turdibekka buyurdi:
— Odamlarni orqaga qaytaring! Mal Deva mulkiga endi hech kim qadam bosmasin!
Kuni bo‘yi issiq sahroda yo‘l yurib holdan toygan odamlar endi manzilga yetay deganda
yana orqaga qaytishga majbur bo‘ldilar. Namozshom paytida orqada kelayotgan
qorovullardan biri otini yo‘rttirib Humoyunga yetib oldi:
— Hazratim, besh-olti yuz otliq askar bizni ta’qib qilib kelmoqda!
— Mal Devaning ilg‘ori bo‘lsami? — Tahlika ichida so‘radi Turdibek.
— Bu sahroda boshqa kim bizni ta’qib etishi mumkin? — dedi Humoyun. — Xo‘ja
Muazzam, Shamsiddinbek, sizlar ayollar-u bolalar bilan oldinga o‘tinglar. Turdibek,
Nadimbek, Ravshanbek, sizlar besh yuz navkar bilan yog‘iy ko‘ringan tomonda
himoyada bo‘ling. Men o‘rtada har ikki tomondan boxabar bo‘lib borurmen. Yo‘lda
davom etgaymiz.
— Qayga borurmiz, hazratim? Qorong‘ida yo‘l ko‘rinmasa! Rohbinimiz bo‘lmasa!
— Osmonda yulduzlar bork-u. Ana, Oltin Qoziq. Biz janubga yo‘l olg‘aymiz. umarqutga!
Orqada besh yuz navkar devorday saf bo‘lib himoyada kelmoqda edi. Qorong‘ida ularni
ta’qib etayotganlarga Humoyun askarlari juda ko‘p ko‘rindi shekilli, hujum qilishga jur’at
etishmadi. Tun yarimlaganda ta’qib etuvchilarning qorasi ko‘rinmay ham qoldi. Saharga
yaqin to‘xtab, bir necha soat dam oldilar-da, Umarqut yo‘lini izlay boshladilar.
Umarqut rojasi Virsal Prasad Humoyunni uch oy oldin o‘z mulkiga taklif qilgan. Lekin
yo‘li uzoqligi uchun Humoyun u yoqlarga bormagan edi. Mana endi issiqlar avjiga
chiqqan saraton oyida Tar sahrosini boshdan oyoq kesib o‘tib, Umarqutga borishga
majbur. Sahroda tuyalar va xachirlar chidamliroq, ammo otlar va piyoda borayotgan
odamlarning anchasi jizg‘anak qum-tepalar orasida yiqilib halok bo‘ldi. Yo‘llarda
uchragan ba’zi quduqlarning suvi qurib qolgan, boshqa suvli quduqlarga yetib
borgunlaricha ikki-uch kunlab yo‘l yurishar edi.
Humoyun o‘zi tashna qolganda ham Hamida va uning yonida borayotgan uchta
homilador ayol uchun oxirgi meshda maxsus suv saqlatdi. Og‘iroyoq ayollar otda
qiynalib ketganda ularni yovvoshroq tuyalar ustiga o‘rnatilgan soyabonli kajavalarga
o‘tqazib olib borishdi. Odamlar juda holdan ketgan paytlarda suvli quduqlar, serdaraxt
vohalar uchrab qolar. Humoyun chodir tikdirib, hammaga ikki-uch kun dam berdirar edi.
Uning eng ko‘p xavotiri — Hamida bonuning bemavrid tug‘ib qo‘yishidan edi. Hisoblari
bo‘yicha bola mezon oyida tug‘ilishi kerak. Orada asad, sumbula bor. Lekin ikki oy
sahroda tortilgan azoblar bolani ne ko‘ylarga solganikin? Sog‘lom tug‘ilsa durust-a!
Umarqutga uch kunlik yo‘l qolganda Humoyun Turdibekni roja virsal Prasadga elchi qilib
yubordi. Hali bu odam ham Mal Devaga o‘xshab aynib qolmagan bo‘lsin!
____________
* M u r ch a l — qal’a tashqarisidagi ko‘tarma, tepalik.
* T u z h a q i n i s a q l a sh — ilgari Humoyun xizmatida bo‘lgani va uning xonadonidan tuz ichgani nazarda tutiladi.
* A sh r a f i y — oltin pul.
* R o h b i n — yo‘l ko‘rsatuvchi, yo‘lni yaxshi biladigan odam.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |