www.ziyouz.com kutubxonasi
76
qilmoqchimen. Men hozir uning saroyida xizmatdamen. Shershohdan Mal Devaga maxfiy
maktub kelganidan aniq xabarim bor. Roja Mal Deva Shershoh bilan yovlashishni
istamaydir, bir ish qilib, uning ko‘nglini olish va o‘z hokimiyatini saqlab qolish
harakatida. Shershoh Mal Devaga odam yuborib: «Agar Humoyunni tutib bersangiz,
ko‘nglingizdagi ishni qilay, Alvarni ham, Nairni ham ixtiyoringizga beray», deb shart
qo‘ygan. Mal Deva bu shartni qabul qilgan. Siz bilan ittifoq tuzgani makr-u hiyla, xolos.
Zinhor Mal Devaning viloyatiga qadam bosmang. Agar u sizga yo‘l ko‘rsatuvchilar
yuborgan bo‘lsa, taftish qilib ko‘ring. Sizni tutib keltirish uchun maxfiy odamlar
tayinlaganidan xabardormen.
Sizga e’tiqodim zo‘rligidan bu maktubni yozdim, ammo nechog‘lik xatarli ishga jazm
qilganim o‘zingizga ma’lumdir, shu bois bu maktubni shayx Asadulloga qaytaring, toki
yondirib tashlasin.
Muxlisingiz mulla Surx»
Humoyun xurosonlik tojiklardan bo‘lgan mulla Surxni yaxshi bilardi. Onasi Mohim
begimga uning qarindoshligi bor edi. Naqd o‘limdan qutqargan sadoqatli mulla Surxga
dil-dildan minnatdorchilik sezdi. Lekin endi qayoqqa borsin?!
Shayx Asadullo ta’zim bilan xatni qaytarib oldida, qo‘ynidan chaqmoq, pilta chiqardi.
Issiq qumtepa oldida pilta tez yondi. Humoyun yonib kul bo‘layotgan maktub bilan birga
roja Mal Devaga bo‘lgan ishonchidan va soya-salqin joylarga yetish umididan ham
ajraldi.
— Bizga qilgan yaxshiligingiz xudodan qaytsin, janob Asadullo, endi shu xizmatni oxiriga
yetkazing. roja Mal Deva bizga rohbin* qilib yuborgan josuslarni tutishga yordam bering.
— Ammo ular meni ko‘rmasligi kerak.
— Bo‘lmasa nomlarini ayting.
— Biri Jobir. Ikkinchisi rojputlardan. Oti esimda yo‘q.
Shayx Asadullo cho‘k tushib turgan tuyasiga mindi-yu, uni o‘rnidan turg‘azdi:
— Xayr, hazratim, xudo hofiz! — deganicha kelgan tomoniga qaytib ketdi.
Humoyun otini qistab haydab Turdibekka yetib oldi, uni chetga chaqirib, voqeani sekin
aytib berdi. Turdibekning rang-quti o‘chdi-yu:
— Mal Deva yuborgan rohbinlarni hoziroq tuttirgaymen! — dedi va oldinga qarab ot
choptirib ketdi.
Ayollar va ularni qo‘riqlab yurgan navkarlar orqaroqda edi. Turdibek ikkita rohbinni
to‘rtta navkarga tuttirib Humoyunning oldiga olib kelgun-cha Hamida bonu va uning
yonidagi otliq ayollar ham yaqinlashib qolishdi. Humoyun otda turib rohbinlarni so‘roq
qilayotganda Jobir degani o‘zining josusligi fosh bo‘lganini, o‘limga hukm qilinishi
aniqligini sezdi shekilli, ikki qo‘lidan beparvoroq ushlab turgan navkarlarni itarib
tashladi-da, ulardan birining qilichini shart sug‘urdi. Ikkinchi josus ham to‘polondan
foydalanib, qo‘riqchilardan birining xanjarini qinidan tortib olishga ulgurdi. Buni hech kim
kutmagan edi. Esankirab qolgan qo‘riqchilar to hushlarini yig‘ishtirguncha qilich tutgan
josus Humoyunga hamla qildi. Ot cho‘chib o‘zini orqaga tashladi, sermalgan qilich
egarda o‘ltirgan Humoyunga tegmay, otning boshiga qarsillab urildi. Bu orada Humoyun
ham qilichini sug‘urdi, ot gandiraklab ketdi, boshidan qon oqsa ham, to‘rt oyog‘ini to‘rt
tomonga tirab, yana bir lahza yiqilmay turdi. Josus Humoyunga tashlanib, ikkinchi marta
pastdan yuqoriga qilich ko‘targuncha Humoyun qisqa bir harakat bilan uning bilagiga
balanddan turib tig‘ urdi. Bir-biriga qarab harakatlangan har ikki qo‘lning zarbasi bir
joyga tushdi-yu, josusning bilagi panjasiga yaqin joyidan qilichga urildi va shartta kesilib
qumga tushdi. Qilich bir yoqqa otildi, kesik panja qumda to‘nkarilib yotganda barmoqlar
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |