www.ziyouz.com kutubxonasi
42
ramnasa daryosiga ko‘ngilni aynitadigan, hatto odamni es-hushidan ketkizadigan
badbo‘y, zaharli narsalar oqib kelardi.
Zaharli hovurdan ko‘ngli aynay boshlagan Nizom mesh ustiga yuztuban yotib oldi-yu,
qo‘l-oyoqlarini eshkak o‘rnida ishlatib, talpina-talpina girdob komidan chiqdi. Bir payt
shunday yonginasida suvga cho‘kayotgan Humoyunni ko‘rdi. Humoyun qo‘l-oyoqlarini
kerib turib yuqoriga bor kuchi bilan talpindi-da, boshini bir lahza yuzaga chiqardi. Yuto-
qib nafas olarkan:
— Kim bor? Qutqaring! — deyishga ulgurdi-yu, yana loyqa girdoblar orasiga cho‘kib keta
boshladi.
Nizom uning chindan g‘arq bo‘layotganiga endi ishondi va beixtiyor meshni unga yaqin
olib bordi. Humoyun yana bir talpinib suv yuziga chiqqanda Nizom uni yelkasidan tutib
oldi-da, mesh ustiga ikki qo‘llab tortib chiqardi.
Ho‘kizning terisidan qilingan mesh kattagina bo‘lsa ham, ikki kishining og‘irligini
ko‘tarolmay, suvga botib ketdi. Buni ko‘rgan Nizom qo‘lini mesh chetidan va
Humoyunning yelkasidan olmagan holda, tanasining butun og‘irligini suvga tashladi.
Shunda mesh suv yuziga yana qalqib chiqdi. Humoyun sog‘ qo‘li bilan meshga
jonholatda yopishdi-yu, Nizomning yordamida ko‘kragini va zilday og‘ir o‘ng yelkasini
mesh ustiga chiqarib oldi. Ichiga ketgan suvdan o‘qchib yo‘taldi, nafasini rostlay olmay
hansiradi, yelkasidagi yara og‘rig‘idan ihradi.
Nizom uning Agrada fil minib, Ko‘hinur olmosini peshonasiga qadab yurgan paytini
esladi. O‘shanda Humoyun Nizom uchun qo‘l yetmas bir balandlikda edi. Hamida bonuni
bu yigitga bermoqchi bo‘lganlarini eshitib, Nizom qanchalik iztirobga tushgan edi!
Humoyun Agraga omon qaytsa qizni unga hali ham olib berishlari hech gap emas. Bu o‘y
Nizomning qalbini kuydirib o‘tdi. Ikki kishi bir meshda bu xatarli daryodan suzib o‘tishlari
amrimahol. Suvosti o‘pqonlari Nizomni ham Humoyunga qo‘shib pastga tortib ketishi
mumkin.
Lekin Humoyun og‘riqdan ihraganda Nizom uning yelkasidan yaralanganini, tang‘ib
bog‘langan lattada qonli dog‘lar borligini ko‘rdi. Daryo bo‘yida o‘sgan Nizom suvga g‘arq
bo‘layotgan kattami, kichikmi, kimni ko‘rsa yordam qilib o‘rgangan. Humoyun hozir
avvalgi mag‘rur hukmdor emas, balki Sherxonning sulh haqidagi gapiga ishonib
aldangan, yarador bir jangchi. Nizom Hamidaga oid dardi-yu qalbida bir lahza bosh
ko‘targan raqiblik tuyg‘usi tufayli uni qutqarmay tashlab ketadigan bo‘lsa, keyin
odamlarning yuziga qanday qaraydi? Qutqarish mumkin bo‘lgan odamni ko‘ra-bila turib,
cho‘ktirib yuborish — yo‘q, Nizom bunday qilolmaydi!
U butun kuchini, shuncha yil daryoda suzib orttirgan bor tajribasini ishga solib meshni
Humoyun bilan birga girdoblar orasidan olib chiqa boshladi. Humoyunga qarab:
— Siz ham oyoqni ishlating! — deb buyurdi. — Suvostida o‘pqonlar ko‘p. Tortib
ketmasin!
Humoyun mingan saman otni bu o‘pqonlar allaqachon suvostiga tortib ketgan edi.
Yovdan qirg‘oqqa qochib kelib, o‘zini suvga tashlayotgan minglab otlig‘-u piyodalar ham
shu girdoblar orasiga suzib kirgandan keyin daqiqa sayin kamayib yo‘q bo‘lib bormoqda.
Humoyun hindlarning Karamnasadan bunchalik qo‘rqib irim qilishlariga sabab borligini
endi bildi-yu, suv ichida oyoqlarini suzgandagi kabi harakatlantirib, Nizomga yordam
bera boshladi.
Boya jon-jahdi bilan talpinib yuzaga chiqqanda etigining bir poyi oyog‘idan chiqib ketgan
ekan. Humoyun buni endi sezdi-yu, etikning ikkinchi poyini ham yalang oyoq bilan itarib,
yechib tashladi. Etiksiz oyoqlar bilan suzish xiyla osonlashdi. Nizom ikkalasi meshga
osilib, talpina-talpina xatarli girdoblar orasidan chiqdilar. Kuchli oqim ularni endi
daryoning o‘rtasiga qarab oqizib ketdi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |