www.ziyouz.com kutubxonasi
38
Qutbxon otasiga yuzlanib.
— Vatanni kelgindilardan ozod qilish — dunyodagi eng katta mardlikdir! — dedi Sherxon
o‘g‘liga tik qarab. — Bobur bilan uning o‘g‘illari bizning ozmuncha vatandoshlarimizni
qirdimi? Fotihlar Panipatda qirq ming kishini o‘ldirdilar. Bajur qo‘rg‘onida uch ming kishi
qatliom qilinganda ularning kallasidan minora yasalmishdir! Humoyun Panipatda ikki yuz
kishini asir olganda siyosat uchun shu asirlardan yuztasini to‘fanglardan otib o‘ldirishni
buyurmishdir. U paytda bizning odamlar to‘fang nimaligini bilmas edi. Shuning uchun
to‘fang qarshisida bexavotir turganlarni fotihlar shafqatsizlarcha otib yiqiturlar. Ana
undan so‘ng: «fotihlarda ilohiy qurol bor emish, hind xudosi Shivaga o‘xshab ko‘zidan
olov purkab, uzoqdagi odamni o‘ldira olarmish!» degan ovozalar tarqalmishdir. Xalqni
qo‘rqitib bo‘ysundirishga qaratilgan bu ovozalar harbiy hiyla emasmidi?
— Ha, kelgindilar bizni zo‘ravonlik bilan ham qirgan, hiyla-yu nayrang bilan ham qirgan!
— dedi Bikramadit Gaur. — Endi shu kecha ularga qasos qaytmog‘i kerak!
— Bajurda qonxo‘rlarcha qatliom qilinganlar uchun ham, Panipatda vahshiylarcha otilgan
harbiy asirlar uchun ham biz qasd olmog‘imiz kerak! — qat’iy qo‘shimcha qildi Sherxon.
Qutbxon bu gaplarga qo‘shilmay iloji qolmadi.
— Yarim tunda sekin yo‘lga chiqurmiz, — dedi Sherxon. — Sahar palla tong yorisha
boshlaganda bosmoq lozim...
Ular kim markazda, kim o‘ng qanotda, kim chap qanotda hujum qilishining aniq rejasini
tuzishga kirishdilar.
____________
* I l m i s i yo h — shifr kaliti, yashirin yozuv siri.
* * *
Boshqa kunlari Sherxonning qo‘qqisdan hujum qilishini kutib sergak yotadigan Humoyun
kechagi sulh xabarini eshitgandan keyin xotiri jam bo‘lib, juda qattiq uyquga ketgan edi.
Tong qorong‘usida qarorgohning sharqi janubidan boshlangan va to‘rt tarafga yashin
tezligida yoyilgan jang to‘poloni, fillar na’rasi, odamlarnnig qiy-chuvi, tig‘larning shaq-
shuqi, to‘fanglarnnig gumburlashi uni mast uyqudan uyg‘otganda, «yana yomon tush
ko‘rdim shekilli», deb o‘yladi. Lekin eshikdan yugurib kirgan Javhar oftobachining
qo‘rqinchli vajohati:
— Hazratim, yog‘iy bosdi! — degan so‘zlari uning boshiga quyilgan sovuq suvday
vujudini seskantirdi.
U sakrab turib, etigiga paytavasiz oyoq tiqdi. Javhar oftobachi qaltirab tutgan to‘nni
kiyib, qilichini shosha-pisha taqdi. Sadoqatli oftobachi uning ko‘kragiga po‘lat chiroyna,
yelkasi va qo‘liga boshqa zirhli narsalar ham kiydirmoqchi edi, lekin bunga Humoyunning
sabri chidamadi. U dubulg‘ani yo‘lakay boshiga kiydi-da, chodirdan tashqariga otildi.
Yomg‘ir sevalab turgan tong g‘ira-shirasida qarorgohning janub chetidagi chodirlarni
yiqitib, odamlarni bosib-yanchib, na’ra tortib kelayotgan yuzlab harbiy fillar
Humoyunning ko‘ziga tashlandi.
— Menga ot keltiring! — qichqirdi u. — Bayramxon qani? Ustod Xonquli, zambaraklarni
o‘qlang!
Humoyunga og‘ir zirhli kejim yopilgan saman otni keltirdilar. Uzangi tezda oyog‘iga
ilinmagach, otning bo‘ynigna qo‘lini solib, egarga sakrab mindi. Shu payt Bayramxon
yigirmatacha navkar bilan ot choptirib keldi.
— Sherxon sulhni buzib nomardlik qildi! Hazratimni o‘rtaga olinglar! — buyurdi
bayramxon navkarlariga.
Qarorgohning yov kelgan janub chetidagi yuzlab navkarlar saflanishga ulgurolmay,
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |