www.ziyouz.com kutubxonasi
35
ichi esa sidirg‘a sariq atlasdan qavilgan edi. Sherxon shomiyona to‘ridagi baland
shahnishinda chordana qurib sokin o‘ltiribdi. Kiyimlari bezaksiz odmi ipakdan, kichkina
sallasiga ham gavhar yoki boshqa toshlar qadalmagan, ammo burgutnikiga o‘xshash
ko‘z qarashlari va mag‘rur o‘ltirishi Bayramxonda hayiqishga o‘xshagan bir tuyg‘u
uyg‘otdi. Bayramxon unga ta’zim qilib, Humoyunning muhri bosilgan maktubni topshirdi.
Sherxon maktubni o‘qib bo‘lguncha elchilar uning ishorasi bilan pastdagi kimxob
ko‘rpachalarga cho‘kka tushib o‘ltirdilar. Sherxon o‘ltirgan shahnishin bir gazcha
balandda edi. U Bayramxonga yuqoridan turib kinoyali so‘z qotdi:
— Podshoyingiz Chunor evaziga Bangolani talab qilmoqda-ku!
— Davlatpanoh, — dedi Bayramxon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yarkan. — Bangola to‘qqiz yildan
beri Humoyun hazratlarining qalamravidadir.
— Ammo bizning afg‘on qavmlarimiz Bangolada yuz yillardan beri yashab kelmoqda.
Ular bizga qarindosh, ko‘plari bilan quda-anda bo‘lganmiz. Endi sizlarni deb orani
uzaylikmi?
— Davlatpanoh, qarindoshchilik, quda-andachilik bemalol davom etaversin. Faqat
Bangolaga bu yilgidek qo‘shin tortilmasa, xazinalar talanmasa, qon to‘kilmasa bas...
— Sizlar Chunorni olti oy qamal qilib ozmuncha qon to‘kdilaringizmi? Bangolada biz ana
shuning qasdini oldik!
— Biz butun qasoskorlik haqida emas, sulh haqida so‘zlashgani keldik, davlatpanoh.
Ayniqsa, hozir pashkol kunlarida faqat inson emas, butun tabiat ham urushsiz tinch
yashamoqqa alohida bir ehtiyoj sezadir. Siz ma’rifatli sarkardasiz, «Chunor berilsa sulh
tuzgaymiz», deb odam yuborgan ekansiz. Shunga javoban Humoyun hazratlari bizni
vakil qilib jo‘natdilar.
Sherxon Humoyunning maktubiga yana bir ko‘z yugurtirdi-yu:
— Behuda qon to‘kilishini biz ham istamaymiz! — dedi. — Chunor bizga berilsa
podshohingiz qo‘ygan shart qabul qilingay.
Bu gaplar davomida Xo‘ja Husayn qo‘ynidan uncha katta bo‘lmagan zarhal muqovali bir
kitob oldi. Bu — mo‘jaz harflar bilan ko‘chirilgan Qur’on edi. Xo‘ja Husayn uni ko‘ziga
surib o‘pdi-yu, o‘rnidan turib Sherxonga uzatdi:
— Davlatpanoh, siz aytgan dono gaplarga mana shu Kalomi Alloh guvoh bo‘lsin, oling!
Sherxon birdan sergaklandi:
— Taqsir, siz bu... Qur’onni o‘rtaga qo‘yib, bizga qasam ichdirmoqchimisiz? — dedi.
Sherxonning ko‘zlari tahdidli chaqnaganidan qo‘rqib ketgan Xo‘ja Husayn:
— Zinhor bunday niyat xayolimizga kelgan emas, davlatpanoh! — dedi. — Sizga nek
maqsad yo‘lida Qur’oni sharif madadkor bo‘lsin deb... savg‘o tarzida olib keldik.
— Unday bo‘lsa biz savg‘oni qabul qilgaymiz! — Sherxon Qur’onni Xo‘janing qo‘lidan
olib, naridan beri ko‘ziga surgan bo‘ldi-da, mulozimiga uzatdi: — Bu sharif kitobni
bizning masjidimizga eltib, o‘ziga munosib mehrobga qo‘ying.
Bundan keyingi muzokara Chunorning Sherxonga qay tartibda topshirilishi haqida ketdi.
Humoyun qo‘shini Karamnasa daryosidan va Banorasdan nariga o‘tguncha Sherxon
hozirgi qarorgohidan qo‘zg‘almay turishga so‘z berdi. Humoyun Chunorga chopar
yuborib, undagi qo‘riqchi askarlarini va qurol-yarog‘larini chiqartirguncha bir hafta o‘tadi.
Bu muhlat tugagandan keyin Sherxon borib qal’ani egallaydi. Humoyun va Sherxon
minba’d bir-birlari bilan tinch-totuv yashash haqidagi bitimga Chunorda imzo qo‘yadilar.
Bayramxon muzokarani tugatib ketayotganda:
— Davlatpanoh, siz-u biz yer-u osmon guvohligida sulh tuzib, unga sodiq qolish
majburiyatini oldik,— dedi. — Podshohimiz huzuriga shu xulosa bilan qaytsak rozimisiz?
Sherxonning ko‘zlari Bayramxonga «sen kim bo‘libsenki, mendan sodiqlik talab
qilursen?» — degandek sovuq istehzo bilan tikildi, ammo uning istar-istamas jilmaygan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |