www.ziyouz.com kutubxonasi
31
Sherxonning esidan chiqqan emas. Shuning uchun Dalaxrua degan joyda Mahmud Lodi
Humoyun bilan yuzma-yuz turib jangga kirishgan paytda Sherxon ustalik bilan o‘zini
chetga oldi-yu, barcha navkalarini urush maydonidan olib chiqib ketdi. Lodilar bu jangda
Humoyundan yengildilar va keyinchalik Sherxonni xiyonatda aybladilar. Sherxon esa
Humoyunga xat yozib, bir vaqtlar Bobur podsho Sasaramdagi ota mulkini unga olib
bergani hurmatiga shunday qilganini bildirdi. Aslida esa Mahmudxon bilan Humoyun bir-
birini band qilib turgan paytdan foydalanib Ganga bo‘yidagi eng muhim harbiy qal’a—
Chunorni ishg‘ol qilish niyatida edi.
Chunor ilgari Tojxon ismli afg‘on hokimining qo‘lida edi. Sherxon besh yil burun
Tojxonga ham sipohiy bo‘lib xizmat qilgan, o‘sha paytda uning go‘zal xotini Lod Malika
bilan tanishgan edi. Tojxon oilaviy nizolar girdobida halok bo‘lgandan keyin Sherxon Lod
Malikaga maxfiy odam yubordi, uni ko‘pdan yaxshi ko‘rishini va unga uylanish orzusida
ekanini bildirdi. Sherxonning ayollarni maftun qiladigan bahodirona jozibasi Lod Malika-
ning yodidan chiqmagan ekan. Orada turgan maxfiy odam Sherxonga ijobiy javob
keltirdi. Dalaxruada Mahmud Lodi Humoyun bilan hayot-mamot jangini qilayotgan
paytda Lod Malika Chunor darvozasini urush maydonidan yashirinchi chiqib kelgan
Sherxonga ochib berdi. Sherxon Lod Malikaga uylangach, uning yordamida Chunorga
Tojxon tomonidan berkitilgan yashirin xazinani ham qo‘lga tushirdi. Bu xazinadan 150
man* oltin, 7 man marvarid, yana talay javohirotlar topildi. Sherxon bir kunda qo‘lga
kiritgan boylikning bahosi to‘qqiz yuz ming rupiy edi.
Sherxon bu boyliklarni bosib yotadigan ziqna odam emas, uning maqsadi mustaqil
hukmdor bo‘lish. Sherxon Chunor qal’asida qo‘lga kiritgan oltinlarga minglab yangi
navkarlar yolladi, qurol-yarog‘lar sotib oldi. Lodilar va boburiylardan norozi bo‘lgan
qanchadan qancha yollanma askarlar Sherxon tomoniga o‘ta boshladi. Ayniqsa, u
Chunor qal’asini egallagandan keyin Humoyun sharqdagi Bixar va Bangoladan uzilib
qoldi. Yo‘lni ochish uchun u Chunorga qo‘shin tortib keldi va Sherxonni qamal qildi. U
paytda Humoyunning qo‘shini Sherxonnikidan ikki barobar ko‘p edi. Zambaraklar va
to‘fanglar qal’a himoyachilari ustiga shunday o‘q yog‘dirishdiki, Sherxon shiddatli
hujumlarga turish berolmay qoldi. Oradan ikki oy o‘tgach, Sherxonning elchisi ichkaridan
oq bayroq ko‘tarib chiqdi va Humoyunning huzuriga kelib, shafqat so‘radi. Humoyun
raqibi bilan yuzma-yuz turib so‘zlashmoqchi bo‘ldi-yu, elchiga: «Shavqat kerak bo‘lsa
Sherxonning o‘zi huzurimizga kelsin!» dedi. Jang to‘xtatilgan, lekin Sherxon Humoyun
huzuriga kelsa hibsga olinishidan hadiksirab, o‘zining o‘rniga yigirma sakkiz yashar o‘g‘li,
jangovar sarkarda Qutbxonni yubordi. Qutbxon Humoyun oldida yer o‘pib, sadoqat izhor
qildi. «Otam boshliq surlar minba’d sizga qarshi bosh ko‘tarmasligi uchun mana, men
kafilmen, barcha navkarlarim bilan sizga toabad xizmat qilurmen», dedi. Humoyun
Qutbxonni uch yuz navkari bilan o‘z ixtiyorida qoldirdi. Sherxon esa oilasi, ko‘ch-ko‘roni
va odamlarini Chunordan olib chiqib Bixar viloyatidagi o‘z mulkiga jo‘nadi.
Qutbxon va uning navkarlari Humoyun askarlari bilan ikki yil birga xizmat qildi, Gujarat
va Champanirda Bahodirshoh bilan bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatib, in’omlar oldi.
Sherxon ham bu orada Bixarda tinchgina yurdi. Humoyun burnog‘i yili Champanirdan
Agraga qaytgandan keyin Qutbxon ota-onasini ko‘rib kelish uchun undan ruxsat oldi-yu,
Bixarga ketganicha qaytib kelmadi. Oradan besh-olti oy o‘tgach, Sherxon o‘g‘li bilan
yana Bangolaga qo‘shin tortib borgani va Chunorni qamal qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Humoyun Qutbxonga javob berib xato qilganini, hozir u otasi Sherxon bilan eng xatarli
dushmanga aylanganini keyin bildi. Qutbxon ikki yil Humoyun askarlari safida yurib,
uning barcha zaif tomonlarini va ichki ziddiyatlarini bilib olgan. Endi ota-bola birlashib,
Humoyunning eng bo‘sh joylarini topib, zarba bermoqdalar.
Sherxon o‘z ishiga shunchalik pishiq ekanki, Humoyunni Agradan mumkin qadar
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |