www.ziyouz.com kutubxonasi
30
Bu hodisani bundan o‘n yil oldin mana shu Karamnasa bo‘yida otasi Bobur ham
ko‘rganini va o‘z esdaliklarida yozib qoldirganini Humoyun biladi. Bunaqa irimlarga
ishonmaydigan Bobur mirzo hozir Humoyun turgan joyni qo‘shiniga qarorgoh qilib
tanlab, bir hafta turgan va shu atrofdagi yovlarini yengib, Agraga g‘alaba bilan qaytgan
edi.
Shuning uchun Humoyun taqvodorlarning irimidan ko‘ra otasining tajribasiga ko‘proq
tayandi. Uch tarafi daryo bilan to‘silgan baland tepaliklar uni dushmanlaridan
asraydigandek ko‘rindi. Beklar ham «faqat qarorgohning janubi sharq tomoniga
soqchilar qo‘yilsa kechalari tinch uxlash mumkin...» deyishdi.
Lekin hozir yomg‘ir chelaklab quyayotgan va dovul chodirlarni yiqitgudek bo‘layotgan
paytda Humoyun tushida ko‘rgan dahshatli voqeani esladi-yu, yashin yorug‘ida yalt etib
chaqnagan toshqin daryolar halqasi birdan uning vahmini keltirdi. Uch tomondan toshib
chiqayotgan daryolar uni to‘rtinchi tarafdan bostirib keladigan yovlarga tuzoq bo‘lib tutib
beradigandek tuyuldi. Yo alhazar! U nega o‘z oyog‘i bilan bu daryolar orasiga kirib qoldi?
Otasi bu yerni qarorgoh qilgan paytlarda havo quruq, daryolarda suv oz, bu atrofda
Sherxonday xatarli yov yo‘q edi-ku.
Yoshi o‘ttish birga kirgan Humoyun o‘smirlik yillaridan beri juda ko‘p tahlikali janglarni
ko‘rdi, turli-tuman yovlar bilan olishib, hali biror marta yengilgani yo‘q. Lekin Sherxonga
kelganda uning shijoati ham, janglarda orttirgan tajribasi ham ish bermay qo‘yyapti.
Vaqt o‘tgan sari Sherxonning qudrati ortib, Humoyunning ishi orqaga ketayotganday
bo‘lyapti.
Humoyun to‘shagi turgan joyga qaytib, qorong‘ida yostiqni qo‘li bilan paypaslab topdi.
Yostiqqa qayta bosh qo‘yar ekan, tashqarida xuruj qilayotgan shamol, jala va
momaqaldiroq shovqini orasidan Sherxon uning ko‘ziga ko‘rinib ketganday bo‘ldi.
Qoshlari qalin, ko‘zlari ko‘kish, qirra burun, kalta qirqilgan soqoli va qayrilma mo‘ylovi
o‘ziga juda yarashgan durkun gavdali Sherxonning qarashlarida burgutni eslatadigan bir
ifoda bor. Humoyun uni birinchi marta bundan o‘n uch yil burun Jamna bo‘yidagi
ziyofatda ko‘rgan edi. Bobur mirzo Sekridagi g‘alabasi sharafiga juda katta osh bergan,
unga hamma beklar o‘z sipohilari bilan taklif qilingan edi. Junaid barlos degan amir o‘z
xizmatiga o‘tgan afg‘on sipohilari qatorida Sherxonni ham bu ziyofatga olib kelgan edi.
Bobur Sherxonni birinchi ko‘rishdayoq «hokimiyat talashadigan siyoqi bor» degan,
Humoyun buni eshitgan edi.
Ammo u paytlarda Sherxon hali o‘ttiz-qirqta yigitga bosh bo‘lgan kichik sipohilardan edi.
Uning Sasaramda otasidan qolgan yer-mulki bor ekan. Biroq otasi o‘lgandan so‘ng o‘gay
ona va inilari Sherxonni bu mulkdan mahrum qilmoqchi bo‘ladilar. Sherxon ota mulkini
o‘gay inilaridan tortib olish uchun Boburdan himoya so‘raydi. Banorasdan sharqdagi
G‘ozipur degan joyda u Bobur huzuriga qimmatbaho sovg‘alar bilan arzadosht ko‘tarib
kiradi*. Bobur uning markaziy hokimiyatdan uzoqroqda, chet viloyat bo‘lgan Sasaramda
zamindor boy bo‘lib yurishini afzal ko‘radi, ota mulkini unga xatlab beradi.
O‘shanda qirq yoshda bo‘lgan Sherxon hisob-kitobni va xo‘jalik yuritishni yaxshi bilar,
Sasaramdagi betartiblik va poraxo‘rlikni yomon ko‘rardi. U shayx Sa’diyning ko‘p
she’rlarini yod biladigan o‘qimishli kishi edi. Sasaramdagi dehqonlarning yerini o‘lchash,
hosilini bexato hisoblashda va soliqchilarning beboshligini yo‘qotishda ko‘pgina yangi
tadbirlarni amalga oshirdi. Xayrixohlari uni «Sherxoni odil» deb ataydigan bo‘ldilar. Bu
orada Bobur vafot etdi-yu, marhum Ibrohim Lodining inisi Mahmud Lodi qasoskor
afg‘onlarni atrofiga to‘plab, Humoyunga qarshi isyon ko‘tardi. Mahmud Lodi Bixar va
Sasaramni ham o‘ziga majburan qo‘shib, Humoyunga qarshi urushga boshlab bordi.
Sherxon bu urushdan mutlaqo manfaatdor emas edi. Lodilar afg‘on bo‘lsalar ham, sur
qabilasi ularga bo‘ysunishni istamaydi. Ibrohim Lodidan ko‘rgan jabr-u zulmlari
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |