www.ziyouz.com kutubxonasi
34
chiqib, Agraga qaytsak, u yerdagi ixtiloflar bartaraf bo‘lsa, keyin Chunorni yana qaytarib
olishimiz hech gap emas!
Humoyun Bayramxonning bu fikriga qo‘shilmadi, ko‘pchilik beklar podshoning tarafini
oldi.
Biroq hozir sharillab quyayotgan yomg‘ir tagida, dovul ko‘tarib ketgudek bo‘layotgan
chodirda uyqusizlikdan qiynalib, goh u yonboshiga, goh bu yonboshiga ag‘darilar ekan,
Bayramxon bilan ertalab yana bir gaplashgisi keldi.
Azon palla podshoning xirgohiga chaqirilgan Bayramxon eshik oldida ta’zim qilib
yukundi. Humoyun unga o‘ng yonidan joy ko‘rsatdi. Bayramxonning o‘siq qora soqoli va
bug‘doyrang yuziga tikilib:
— Bugun tuni bilan uxlay olmay to‘lg‘onib chiqdim, — dedi. — Yomon tushlar... Siz
aytgan qurbonlik... Chunor... bag‘rimdan bir parcha etni yulib olib g‘animga bergandek
og‘ir... Mabodo biz Chunorni topshirsak, Sherxon qanoat qilarmikin? Bangola bilan
Gaurni tinch qo‘yarmikin? Agar shu haqda bitim tuzsak, Sherxon so‘zida turarmikin?
— Hazratim, — dedi Bayramxon. — Agar faqirga vakolat bersangiz, Sherxonning oldiga
Qur’onni qo‘yib so‘z olmog‘im mumkin. Axir u ham musulmon-ku!
— Sherxon Bangolaga tegmasa, mayli, Chunorni beraylik. Bizdan vakil bo‘lib boring.
Humoyun o‘z qarorgohidagi eng nufuzli ulamolardan bo‘lgan va Sherxon bir vaqtlar
nazr-niyozlar berib, fotihasini olgan Xo‘ja Husaynni Bayramxonning yoniga qo‘shib
elchilikka yubordi.
___________
* Sherxon Sur nomi «Boburnoma»ning 1527—1528-yilgi voqealarida ikki qayta qalamga olingan.
* B i r m a n — 800 gramm, 150 man esa 120 kilogramm. 7 man marvarid — 5 kilo-yu 600 gramm bo‘ladi
.
* * *
Tushga yaqin yomg‘ir tindi-yu, bulutlar orasidan ko‘m-ko‘k osmon va issiq yoz oftobi
ko‘rindi. Ganga hali ham uzoqlarda yog‘ayotgan jala suvlariga to‘lib, loyqalanib
oqayotgan bo‘lsa-da, yer asta-sekin quriy boshladi.
Bayramxon Ganga janubidagi keng tekislik orqali sherxonning qarorgohi tomon otliq
borar ekan, yomg‘irdan keyingi havoda bo‘liq o‘t-o‘lanlar va rang-barang dala gullari
qanchalik qulf urib, yashnab turganini, osmon to‘la qushlar naqadar yayrab ucha-
yotganini ko‘rdi-yu, o‘zicha bir xo‘rsinib oldi. Hind yeri yoz issiqlariga qo‘shilib keladigan
iliq yomg‘irlarga to‘yib, hamma tirik jonni, barcha giyohlarni birvarakayiga uyg‘otadigan
va juda tez rivojga kiritadigan mana shu pashkol* faslida Bayramxon uydami, bog‘dami
tinchgina o‘ltirib kitob o‘qishni yoki she’r yozishni qo‘msaydi. Hind elining azaliy odati
bejiz emaski, yomg‘ir faslida sayohatga chiqilmaydi. Chunki odam ham, ot-ulov ham bu
faslda qayoqqa qadam qo‘ymasin, rivojga kirgan birorta tirik jonni yoki giyohni bosib
oladi. Tirik jonni bosib, nobud qilgan odamning haji qanday qabul bo‘lsin? o‘n minglab
qo‘shin bilan harbiy yurishga chiqqan sarkardalarning shunday faslda urush boshlashini
qanday baholash mumkin? Sherxon ham ko‘p kitob o‘qigan bilimli odam, Bayramxon
unga tug‘ilib o‘sgan mamlakatining pashkol fasliga oid udumlarini albatta eslatadi, hozir
urushadigan payt emasligini, sulh tuzilishi kerakligini boshqa dalillar bilan ham isbot
etadi...
Minglab chodirlar tikilgan keng tekislikda Sherxonning hashamatli shomiyonasi uchun
baland bir tepalik tanlangan ekan. Bayramxon va Xo‘ja Husayn qarorgoh chetida
otlaridan tushdilar, maxsus mulozim ularni Sherxonning shomiyonasiga ancha beridan
piyoda boshlab bordi. Bayramxon ichkariga kiraverishda barvasta va xushqomat soqchi
yigitlarni ko‘rdi. Chodirning sirti yomg‘ir o‘tkazmaydigan pishiq qizil movutdan tikilgan,
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |