www.ziyouz.com kutubxonasi
43
Humoyun ko‘p uringan sari yelkasidagi yaradan qon ketib, uni darmonsizlantirib qo‘ydi.
Buning ustiga daryoning o‘rtasida nafasni bo‘g‘adigan badbo‘y hovur quyuqlashib ketdi.
Humoyunning ko‘zi tinib, boshi aylandi, qo‘li ham jonsizlandi, og‘ir gavdasi meshdan
suvga sirg‘alib tusha boshlaganda:
— Yigit... meni... tuti... — deyishga ulgurdi.
Nizom tezda meshning old tomoniga o‘tdi-yu, Humoyunni sog‘ qo‘lidan va to‘nining
yoqasidan tutib, yana mesh ustiga tortib chiqardi.
Badbo‘y bug‘lar Nizomning ham ko‘nglini behud qilib, ko‘zini xiralashtirdi. Shunda u bir
qo‘lini bo‘shatib, salqin suv bilan yuzini yuvdi. Bu biroz yengillik berganini sezdi-da, ho‘l
qo‘lini Humoyunning peshonasiga qo‘yib turdi. Humoyun yana ko‘zini ochdi.
Daryo oqimi meshni shitob bilan Ganga tomon oqizib ketmoqda edi. Humoyun hushini
yig‘ib, Nizomga ko‘z tashlar ekan, xuddi boshqa dunyodan qaytib kelganday bo‘ldi.
Nizom uning ko‘z ochganidan yengil tortib:
— Xayriyat! — dedi. — Meshni mahkam tuting. Bu oqim bizni Gangaga oqizib borsa
g‘arq bo‘lgaymiz.
Ikki daryo ayqashgan joy juda xatarli!
Humoyun sog‘ qo‘li bilan mesh chetidan bo‘shgina ushladi-yu, yana ko‘zini yumdi. Unda
umidsiz bir loqaydlik paydo bo‘ldi. Bu daryolardan tirik chiqolmaydiganga o‘xshaydi.
Qiynoqlar tezroq tugay qolgani afzal emasmi? Koshki tezroq xushidan ketsa!..
— Meni qo‘ying, — dedi u Nizomga. — O‘zingizni qutqaring...
— Yo‘q, hazrat! Men sizning kemangizda xizmat qilib maosh olurmen. Sizni suvdan
o‘tkazib qo‘ymasam, menga bergan noningiz harom bo‘lg‘ay. Men halol non yeb
o‘rganganmen!
Humoyun sergaklandi. Yalangoyoq bir eshkakchi deb, kemada ko‘rganda pisand qilmay
yurgan yigit shunday xatarli asnoda ham halol-haromni unutmasa, bunda bir karomat
bor.
— Birga zo‘r bersak, omon chiqgaymiz, hazrat! — dedi Nizom. — Siz meshni mahkam
tutsangiz bas! Ushlang! Mahkam tuting!
Nizomning ovozida shunday bir qat’iyat va ishonch bor ediki, Humoyun shuning ta’sirida
«zora tirik qolsam!» deb umidlandi. U endi o‘zidan ko‘ra Nizomga ko‘proq ishona
boshladi. Humoyun bu suvchi yigitning irodasiga so‘zsiz bo‘ysunib, ko‘kragini mesh
ustiga yaxshiroq o‘rnatdi-da, sog‘ qo‘li bilan uning narigi chetini qattiq changallab oldi.
Nizom bo‘ynigacha suvga botgan holda meshni ikki qo‘llab narigi qirg‘oq tomon surdi,
oyoqlarini ham, butun gavdasini ham g‘ayir oqimga qarshi jon-jahdi bilan ishlatib,
vujudidagi barcha muskullarni go‘yo suzg‘ichga aylantirib yubordi. Humoyun ko‘kragi
bilan osilib yotgan mesh oqimni yorib o‘tib, narigi qirg‘oqqa tomon qiyalab bora
boshladi. Qirg‘oqdagi yashil daraxtlarni, ko‘katlar orasiga sochilgan rang-barang gullarni
Humoyunning ko‘zi endi ko‘rdi. Unda birdan yashash ishtiyoqi kuchayib ketdi. Endi u
ham suvdagi oyoqlarini oqimga urib, suzgandagi kabi harakatlar bilan Nizomga yordam
bera boshladi. Mesh boyagidan yengilroq va tezroq harakatlanib, nihoyat, narigi
qirg‘oqqa yetib to‘xtadi.
Ular suv chetidagi shag‘al aralash loyqadan og‘ir qadamlar bilan yurib o‘tishdi-yu,
pastgina qirg‘oq bo‘yidagi ko‘kalamzorga cho‘zilishdi. Anchagacha og‘ir nafas olib,
hansirab yotishdi.
Bulutlar orasidan suzib chiqqan xira oftob nayza bo‘yi ko‘tarilgan edi. Tong g‘ira-
shirasida boshlangan dahshat bir necha soat ichida Humoyun qo‘shinini tor-mor qildi,
ne-ne yigitlar suvga g‘arq bo‘lganini uning o‘zi ko‘rdi. Sherxon hozir daryoning naryo-
g‘ida g‘alaba zavqini surayotgan bo‘lsa kerak...
Yuz bergan falokat qanchalik ulkan bo‘lmasin, uning barcha dahshatlari orasidan o‘tib
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |