www.ziyouz.com kutubxonasi
46
Xonzoda begim uning yuziga onalarcha mehr bilan termuldi:
— Yuz shukurki, barcha falokatlardan omon chiqibsiz.
Humoyun daryodan tirik chiqqandagi nurli tuyg‘u hozir yana ko‘nglini yoritib qaytib keldi.
— Odam hayotning qadrini o‘lim bilan olishganda bilarkan, amma! Hayot-mamot oldida
shoh-u gado barobar deganlari rost ekan. Toj-u taxt, oltin-kumush, obro‘-e’tibor
hammasi butunlay o‘z ahamiyatini yo‘qotarkan. O‘sha suvchi yigit Nizom... undagi
halollik, poklik, beg‘arazlik, fidoyilik bizning hech birimizda yo‘q!
Xonzoda begim Nizomning ta’rifini eshitgan sari uni ko‘rgisi kelib:
— O‘zi siz bilan birga keldimi? — dedi.
— Ha, hozir ota-onasini ko‘rgani ketdi. Ikki haftadan beri yonimdan qo‘ymay, ichki
beklarim qatorida olib yuribmen. Boylikka qiziqmaydir. O‘zi hindlardan, muslim-u
majusiyni barobar ko‘radir. Kabir degan bhaqtiy shoirga ixlosmand ekan. Jaloliddin
Rumiy, Sa’diy she’rlarini ham yod bilur.
— Forsiy tilda-ya?
— Ha, turkiyni ham o‘rganibdir. Tug‘ma iste’dodi bor ekan. Zehni, aql-u farosati meni
hayratga soldi. O‘zi uncha ko‘p maktab ko‘rgan emas, faqat to‘rt yil tahsil olgan, ammo
xati-savodi o‘tkir. Hazrat otamning turkiy she’rlaridan qariyb uch yuz baytini menga yod
aytib berdi. Muhofazasining zo‘rligini shundan bildim. Qarangki, og‘ir paytda inilarimni
yordamga chaqirdim, uchovidan birortasi Ganga bo‘yiga bormadi. Shuncha balolardan
omon qaytdim, chiqib birortasi kutib olmadi! Men gunoh qilgan bo‘lsam, jazosini tortdim!
Endi inilar ham tortsin!
— Siz inilaringizga jazo bermoqchimisiz?
— Inilarim nuqul taxt talashurlar. Uxlasalar tushlariga podsho bo‘lish kirgay! Biroq men
toj-u taxtni inilarimga emas, hind yigiti Nizomga bermoqchimen! Shoyad o‘shanda hind
eli bizning xatolarimizni kechirsa!..
— Voy, bu qandoq mumkin, Humoyunjon? — Xonzoda begim hang-u mang bo‘lib qoldi.
— Inilarim shu qadar oqibatsizlik qilganda begona bir yigit jonini ming xatarga solib
meni qutqargan bo‘lsa, men uni boshimga ko‘tarib e’zozlasam arzimagaymi?
— Lekin siz unga toj-u taxtni bermoqchisiz-ku! Axir boburiylar sulolasi shu bilan
tugasa... buni aytishga ham til bormaydir!..
— Bunisidan qo‘rqmang, hazrat amma. Men yomon xatolar qildim, otamning toju taxtiga
o‘zimni nomunosib sezmoqdamen! Qalbi toza Nizom taxtga chiqib, uni menga poklab
bergusidir! Axir jannatmakon otam ham kamtar dehqonlardan chiqqan Tohirni halol-u
pokligi uchun o‘ziga behad yaqin olar edi-ku. Umrlarining oxirida bir go‘shada faqat shu
Tohir bilan birga turishni istaganlari yodingizdami? Buning sababini men endi
fahmlamoqdamen.
— Ruhiy larzalar haddidan oshib, sizni tushkunlikka solmishdir, Humoyunjon! Bu
qaroringizda shoshilmang. Nizomni taxtga chiqarishdan oldin Sherxonga qarshi kuch
to‘plang.
— Mamlakat xalqi bizdan begonasirasa, men kuchni qaydan to‘plagaymen, ammajon?
Balki hindlar bizdan bezib Sherxonga yordam bergani uchun mag‘lub bo‘lgandirmen?
Balki Nizomni menga taqdir o‘zi yordamga yuborgandir? Endi men halol yigitni astoydil
e’zozlasam, shu bilan tagjoy hindlarning ko‘nglini olurmen, ishonchini qozonurmen,
keyin ular menga madad berurlar!
Humoyunning dalillari ko‘p, qarori qat’iy ekanini sezgan Xonzoda begim:
— Axir siz Nizomga... podsholik udumlarini o‘rgatmog‘ingiz uchun fursat kerakdir? —
deb so‘radi.
— Albatta. Davlatni boshqarish oson emas.
— Ungacha men Komron mirzo bilan bir uchrashay. Nechun sizni ko‘rishga chiqmadi?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |