www.ziyouz.com kutubxonasi
49
do‘lmalar, kaklik palovlar hozir istagan paytida tayyor bo‘ladi. Hamma xohishlari
osongina amalga oshgani sari istakning o‘zi kamayib boradi. Ovqatdan ko‘zi to‘yib
qolgani uchunmi, uning ilgarigi ishtahalari endi yo‘q, ko‘proq achchiq qalampirli
narsalarni yeydi.
Nizomning ko‘ngli tilagan hamma narsani muhayyo qilish haqida Mirzo Humoyun saroy
ahliga qat’iy buyruq bergan. Lekin Nizom o‘z ko‘nglidagi eng kuchli istakni hech kimga
aytolmaydi. Hamida bonu Hindol mirzoning buyrug‘i bilan Alvarga olib ketilganini kelgan
kuni kechasi onasidan eshitgandan beri qanday qilib qizni Agraga qaytarish haqida
o‘ylaydi-yu, o‘yining oxiriga yetolmaydi. Inisi Hindol mirzoni faqat Humoyun chaqirib
olishi mumkin. Biroq Nizom hamida bonuning diydoriga mushtoq ekanini unga qanday
aytadi? Nizom hali Hamida bonu bilan ahd-u paymon qilmagan bo‘lsa, qizning unga
qanchalik mayli borligini aniq bilmasa... Hozir Nizom izzat-ikromda yurgan paytida
Hamida bonuni bir ko‘rsa edi, dilini unga dadil ochgan bo‘lardi, qizning rizoligini olib,
keyin oraga odam qo‘yardi. Ana o‘shanda Humoyunga ham tortinmay dil yorgan bo‘lardi.
Nizomni yonidan qo‘ymay, unga podsholik udumlarini o‘rgatib yurgan Humoyun bu
yigitning goho o‘ychan va parishon bo‘lib qolishini sezdi.
— Biron qizga oshiqmisiz? — deb hazil ham qildi.— Ayting, sovchi yuboraylik.
Nizom siri ochilishidan xavotirlanib entikdi. Birdan tavakkal qilib:
— Qizni Alvarga olib ketibdilar, — dedi. — Otasi Hindol mirzoning xizmatida edi.
— Otasi kim?
— Hamida bonuni Xonzoda begim Humoyunga munosib ko‘rgan paytlari Nizomning esiga
tushdi. U iztirob ichida:
— Hazratim, ijozat bering, — dedi. — Men qizni... ko‘rib, rizoligini olmaguncha...
kimligini aytmay turay.
Humoyun Nizomdagi bu holatni odob va kamtarlik nishonasi deb bildi-yu:
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Ammo inimiz Hindol meni ham dog‘da qoldirdi. Agrada biz
yo‘q paytda ko‘p ishlarni chalkashtirib ketibdir. Kalavaning uchinchi topishda o‘zi yordam
bermog‘i kerak. Bugun ertalab Hindolning onasi Dildor og‘achani Alvarga maxsus
odamlar bilan jo‘natdim. «Kelsin, gunohidan kechgaymen», dedim. Bir haftada ichida
Hindol barcha odamlari bilan Agraga qaytib kelmog‘i kerak.
Nizom quvonch va hayajon ichida o‘rnidan turib Humoyunga ta’zim bilan minnatdorchilik
bildirdi.
Nizom har ishda Humoyunning ko‘ngliga qarab o‘rgangan edi. Biroq Humoyun uni yaqin
kunlarda taxtga chiqarish harakatiga tushganda Nizom avval hayiqdi. Nahangday
kattadahan bek-u a’yonlarni idora etish osonmi? Ammo Humoyun doim uning yonida
bo‘lmoqchi, hamma ishni bamaslahat amalga oshirmoqchi edi. U Nizomni qo‘yarda-
qo‘ymay axiyri taxtga chiqishga ko‘ndirdi.
Dushanba kuni Nizomga Zuhra yulduzining rangiga mos havorang va yashil tuslardagi
shohona liboslar kiydirildi. Dastorpech uning boshiga katta gavhar qadalgan podsholik
sallasini qo‘ndirayotganda Humoyun Nizomga ovozini pasaytirib dedi:
— Bu gavhar bir vaqtlar rahmatli otam Bobur hazratlarining sallalarida porlab turgan
edi. Hazrat Nizomiddin, sizga endi o‘shal ulug‘ siymoning ruhlari madad bersin!
Nizom o‘zinig «hazrat Nizomiddin» ekaniga ishongisi kelmay atrofiga bir qarab oldi. Shu
daqiqalardan boshlab u go‘yo ikki odamga aylandi. Biri hamma egilib ta’zim qiladigan
hazrat Nizomiddin-u, ikkinchisi uning soyasiday goh esga tushib, goh unutilib turgan
avvalgi Nizom suvchi.
Devonimga barcha amirlar, viloyat hokimlari, hamma arkoni davlat to‘plandi. Holisa*
yerlardan olingan daromadlar, jogirlardan tushgan, shahar-u qishloqlardan soliqchilar
yiqqan kurur-kurur tangalar taxt qarshisidagi keng sahnga — tanobiy gilamlar ustiga
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |