www.ziyouz.com kutubxonasi
52
qilgan novcha, serpay mushrif yangi podshoning sinovchan nazaridan xavotirga tushib:
— Hazratim, buyuring, sodiq qulingizmen! — dedi.
— Alvarga... Necha kunda borib kelmog‘ingiz mumkin?
— Agar yomxonalar chopqir otlardan bersalar, uch kunda, hazratim!
Hazrat Nizomiddin maqsadga o‘tishdan oldin bir oz ikkilandi. Ketida soyadek turgan
Nizom «Ehtiyot bo‘ling, sinamagan kishingizga sir bermang!» deb shivirladi. Ammo
hazrat unga quloq solmadi.
— Men sizga buyurmoqchi bo‘lgan ishni, — deb Afzalbekka qat’iy tikilib gap boshladi: —
Ikkimizdan boshqa hech kim bilmasligi shart!
— Hazratim, buyuring, to o‘lgunimcha sir saqlagaymen!
Hazrat Nizomiddin oltin to‘la hamyonni unga uzatdi.
— Yomxonalardan ot yollashga qancha pul ketsa tortinmay sarflang, — dedi. — Boshqa
xarajatlarga ham yetgulik oltin olursiz.
Afzalbek hamyonni ta’zim bilan oldi-yu, tabarruk qilib ko‘ziga surdi va tez qo‘yniga soldi.
Shundan so‘ng hazrat Nizomiddin Hamida bonuga yozilgan maktubini unga berdi. Qiz
Hindol mirzoning dargohida turishini, Aminat degan kanizi borligini aytdi.
— Uqdim, xotirjam bo‘ling, hazrat. Men bu maktubning javobini olib kelmog‘im
kerakdur. Shundoqmi?
— Agar javob o‘rniga... qiz o‘zi kelmoqchi bo‘lsa, soyabon aravada kanizi bilan yetkazib
kela olurmisiz?
— Hindol mirzoning dargohidan qiz... o‘g‘irlash juda xatarli.
«Qiz o‘g‘irlash» degan so‘zlar hazrat Nizomiddinni sergaklantirdi.
Mirzolarning oriyati yomon, baloga qolishi mumkin. U Afzalbekka soddadillik bilan izoh
berdi:
— Men u qizga uylanmoqchimen, boshqa yomon niyatim yo‘q!
Afzalbek shu payt podsho o‘rnida avvalgi sodda eshkakchi Nizomni ko‘rganday bo‘ldi-yu,
miyig‘ida kulimsirab bosh irg‘adi:
— Hamma ish ko‘nglingizdagidek ado etilg‘ay!
— Agar shu nozik ishlarni bajo keltirib qaytsangiz, bizning eng ishongan odamimizga
aylanursiz!
Afzalbek yangi podshoning katta ishonchidan ruhlanib, unga yana egilib ta’zim qildi-yu,
orqasi bilan yurib chiqib ketdi. Ammo shu yomg‘ir faslida loylarga botib besh kunlik
yo‘lni uch kunda bosib o‘tish azobini o‘ylaganda Afzalbekni g‘am bosdi. U ham asli
bechora bir kosibning o‘g‘li, saroyga katta martabalar orzusida ishga kirgan, lekin olti
yildan beri o‘zi istagan darajadagi nufuzli bek bo‘la olgani yo‘q. Nizom esa bir necha kun
ichida oddiy eshkakchidan hukmfarmo shohga aylandi. Afzalbekning mavqeyi
yaqindagina yalangoyoq yurgan Nizomnikidan baland edi. U maxsus ishlar mushrifi
sifatida podsho kemasida Nizomga ish buyursa, Nizom ta’zim bilan bajarishga majbur
edi. Mana endi Nizom osmonda. Afzalbek hali ham allaqanaqa pasqamlikda yuribdi-yu,
Nizom uning tepasiga chiqib olib ish buyuryapti. Turib-turib, Afzalbekka mana shu juda
alam qildi. Agar u Nizomning taxtda uzoq o‘ltirishiga ishonsa ehtimol, bu alamlarga
qaramay, uning buyrug‘ini bajarardi va katta mukofotlar olish imkonini qo‘ldan boy
bermagan bo‘lardi. Lekin saroy va uning atrofida yurgan mish-mish gaplarga qaraganda,
Nizomning taxtda o‘ltirishi juda muvaqqat. Uni tezroq yo‘qotish harakatida yurgan
zamona zo‘rlari ko‘p. Humoyunning o‘zi ham taxtini boshqa odam egallaganidan bezovta
bo‘lib yuribdi. Afzalbek Alvarga borib kelguncha bu saqqoning kavushini to‘g‘rilab
qo‘yishlari hech gap emas.*
Undan ko‘ra Afzalbek ana shu zamona zo‘rlaridan biri bo‘lgan piri a’zam Said Xalilning
duosini olgani yaxshi emasmi? Axir u Said Xalilga qo‘l berib murid bo‘lgan, Humoyun
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |