www.ziyouz.com kutubxonasi
55
changallab, Nizomga tomon intildi:
— Adolat qiling, sohib! Soliqchilar meni nohaq qamatgan. Oltita bolam bor. Olgan
hosilimning uchdan birini davlatga berganmen!
Qo‘lida ochiq daftar bilan turgan qozikalon Muni Dasning nomi yozilgan varaqni chiroq
yorug‘iga tutib o‘qidi:
— Xiroj bilan juzyani* to‘lamagan! Munsif* bilan urishib, uni haqorat qilgan, shuning
uchun qamalgan.
— Munsif mendan juzya solig‘ini ikki qayta olmoqchi bo‘ldi! Bolalarim och qolmasin deb
ikkinchi martasida to‘lamadim! Munsif meni kaltakladi, achchiq ustida men ham uni
«zolimsen!» deganim rost.
— Shiqdor-u munsiflar orasida zolimlar ko‘p, sohib! — deb ichkaridan yana bir mahbus
gap qotdi.— Bizdan olgan oliq-solig‘ining yarmini ham davlatga bermagay, ko‘pini o‘zi
olib qolgay! Soliqchilar boyib ketgan!
— Sizning ismingiz nedur? — deb so‘radi Nizom bu gaplarni aytgan mahbusdan.
— Ismim Nazir. Ajmirlikmen, sohib! Men ham zolim soliqchilar tuhmati bilan zindonga
tushganmen!
Nizom qo‘lidagi qog‘ozdan ajmirlik Nazirning nomini topdi-yu, Humoyunga yuzlandi:
— Amirzodam, bularning begunohligini menga otam aytgan. Qarang, biri hindi, ikkinchisi
muslim, ammo zolim munsiflarga ikkovi ham birdek qarshi. Dinu millat ayirish adolatdan
emas. Yaratganning oldida barcha bandalari barobardirlar. Shuning uchun biz juzya
solig‘ini bekor qilishga haqlimiz. Ortiqcha oliq-soliqlar bilan aholini qiynab boy
bo‘layotgan zolim shikdor-u munsiflarning o‘zlari zindonga tashlanmog‘i kerak. Bu
borada maxsus taftish o‘tkazgaymiz! Hozir esa Muni Das bilan Nazir zindondan ozod
etilsin, ro‘zg‘orlarini o‘nglab olishlari uchun har biriga yuz rupiydan nafaqa berilsin!
Zindonbon hazrat Nizomiddin qarshisida ta’zim qilib:
— Bosh ustiga, hazratim! — dedi-da, buyruqni bajara boshladi.
Muni Das bilan Nazir qo‘l-oyoqlaridagi zanjirlarini shaqirlatishib, bir-birlarini quchoqlab
ketdilar. Keyin ko‘zlari quvonchdan yoshlanib, hazrat Nizomiddinga minnatdorchilik
bildirdilar. Nizomning qo‘lidagi qog‘ozchaga nomi yozilgan yana bir kishi — agralik keksa
to‘quvchi — ikki kun burun zindonda jon bergan ekan. Nizom buni eshitib:
— Xudo rahmat qilsin,— dedi-yu, narigi zindonga o‘tmoqchi bo‘ldi. Shunda o‘n-o‘n besh
mahbus temir panjaraga yopishib, undan shafoat so‘ray boshladilar. Lekin bular o‘g‘irlik
va poraxo‘rlik qilgan haqiqiy jinoyatchilar edi. Nizom ularning gapiga quloq solmay narigi
eshikka qarab o‘tdi. Zindonbon bu eshikni ochayotganda navkarlarga suyanib turgan
Said Xalil negadir qalt-qalt titray boshladi. Bu zindonda mahbus uncha ko‘p emas edi.
Davtiylar temir panjaraga chiroq osib, ichkarini yoritganda ichkarida besh-oltita
zanjirband odam ko‘rindi. Yarim yalang‘och qoramtil-ko‘kish tanalar orasida soqol-
mo‘ylovi oltinrang, oq yuzli bir mahbus Humoyunning e’tiborini tortdi.
— Bular — Sherxonga sotilganlar! — deb izoh berdi qozi. Oq tanli mahbus Humoyunni
tanib, eshikka tomon talpindi:
— Hazrati oliylari, men Sherxonga emas, sizga tarafdor bo‘lganim uchun jazolandim!
Humoyun Moskoviyadan Xo‘ja Husayn bilan birga kelgan mehmonni tanidi, nomini
eslolmasa ham, bultur, navro‘zda keltirgan qarchig‘ayini esladi. Xo‘ja Husayn esa uni
ovozidan tanib hayajon ichida:
— Matvey! — dedi va temir panjara orqali qo‘l cho‘zdi: — Kalitin! Men sizni yurtingizga
qaytib ketgansiz, deb eshitgan edim-ku!
— Ketmoqchi bo‘lib turganimda kechasi bor-budimni musodara qilib, o‘zimni zindonga
tashladilar!
— Kim shunday qildi? — so‘radi Humoyun.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |