www.ziyouz.com kutubxonasi
53
saroyida ko‘rgan-bilganlarini unga maxfiy ravishda yetkazib turishga so‘z bergan.
Afzalbek xufton namozidan keyin Said Xalilning shahar chetidagi chorbog‘iga bordi va
hazrat Nizomiddindan qanday nozik topshiriq olganini unga bir-bir so‘zlab berdi.
— Borakallo, Afzalbek, borakallo! — deb Said Xalil undan Nizomning Hamida bonuga
yozgan maktubini so‘rab oldi, ko‘zoynagini taqib, maktubni chiroq yorug‘iga solib o‘qir
ekan: — Ho‘, muhabbating boshingni yesin, haromi! — deb Nizomni qarg‘ab qo‘ydi. —
Nomahram yigit bilan sohillarda uchrashib yurgan bu qaysi behayo qiz ekan?
— Mirbobo Do‘st deganning qizi.
— E, o‘sha Hindolga dars bergan mahmadona faqih! Vaqti kelsa uning ham adabini
bergaymiz. Bu yalangoyoq saqqoning taxtga chiqqani avom xalqni juda qo‘zg‘atib qo‘ydi.
Ko‘cha-ko‘yda yuz xil gap. Endi go‘yo kambag‘allar davron suradigan payt kelganmish.
Zolim bek-u amirlar hokimiyatdan chetlatilarmish. Saqqoning dahriy otasini zindonga
tashlatganim uchun meni ham shayxulislom lavozimidan bo‘shatisharmish. Ammo Nizom
degan yalangoyoq endi tumshug‘idan ilinadigan payt kelibdir. Borakallo!.. Alvarga necha
kunda borib kelurmen, deb so‘z berdingiz?
— Uch kunda.
— Demak, uch kundan so‘ng... bu saqqoni qopqonga qanday ilintirishni o‘ylab
olmog‘imiz kerak.
___________
* Holisa — podshoning xos yeri.
* Humoyun Nizom suvchini taxtga chiqargani ko‘pchilik tarixiy manbalarda, jumladan, Abulfazlning «Akbarnoma»sida, Javhariyning
«Humoyunnoma»sida, Gulbadan begimning esdaliklarida qayd etilgan. Ammo uning qancha vaqt taxtda o‘ltirgani turli manbalarda har xil
ko‘rsatilgan. Gulbadan begim Nizomni ikki kun podsho bo‘lgan desa, ba’zi hind olimlari uni bir yarim oy taxtda o‘ltirgan, deb yozadilar.
* * *
Ertalabdan tuya minib ko‘chalarga chiqqan jarchilar yangi podsho Nizomiddin
hazratlarining el-yurtga osh berishi va ochlarga non ulashishi haqidagi xabarni butun
shaharga tarqatdilar. Qator aravalar qop-qop unlarni novvoyxonalarga tashib berdilar.
Katta doshqozonlarda palov pishguncha xushbo‘y issiq nonlar ham tandirlardan uzildi.
Yangi podsho nomidan bu ishga mutasaddi qilib tayinlagan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib
kelgan minglab kishilarga osh tortdilar, savat-savat issiq nonlarni miskin-u bechoralarga
ulashdilar.
Ko‘pchilikning og‘zida to‘satdan taxtga chiqqan hind yigiti Nizomning nomi. Ming-ming
odamlar bu hodisaning tafsilotini va Nizomning qanaqaligini bilgisi keladi. Uni umrida bir
marta ko‘rgan yoki u bilan biror og‘iz gapirishgan kishi ham darrov odamlarning
e’tiborini tortadi. Ayniqsa, hunarmand kosiblar, suvchilar, o‘z mehnati bilan kun
ko‘radigan turli kasb egalari Nizomning kechagina oddiy eshkakchi bo‘lganini surishtirib
bilganlari sari ko‘ngillari ko‘tariladi. Osh yeb tarqashayotganlarida:
— Ilohim, taxtda ko‘proq o‘ltirsin-u bizga o‘xshagan zahmatkashlarning joniga ora kirsin!
— deb astoydil duo qilishadi.
Tush payti Hasht Bihisht bog‘idan otlanib chiqqan hazrat Nizomiddin Mirzo Humoyun va
ikki yuz kishilik mavqab-u qo‘riqchilar markaziy xiyobondan o‘tib, qozixona va hibsxona
tomon yo‘l oldilar. Odatdagiday, podshodan oldinda qo‘sh naqora chalinib, xos navkarlar
yo‘l ochib borar edilar. Odamlar g‘ujg‘on bo‘lib, bir-birini surib, itarib, oq otda o‘tib
borayotgan yangi podshoga ko‘z tikdilar. Daryolarda suzib o‘rgangan Nizom otda kam
yurgan, shuning uchun egar unga noqulay tuyular, ot kattaroq qadam olganda yelkasi
va boshi silkinib qo‘yardi. U hali boshqa chavandozlarga o‘xshab egarga mixlanganday
mahkam o‘ltirishga odatlanmagan, buni ko‘rgan ba’zi bek-u navkarlar o‘zaro ko‘z
urishtirib, zimdan lab burishardi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |