www.ziyouz.com kutubxonasi
47
Sababini bilaylik. Orada biron g‘ubor bo‘lsa tarqataylik.
— Oradagi g‘ubor menga ma’lum. Hozir Komron mirzo mendan o‘zini qudratliroq deb
bilur. Men abgor bo‘ldim. Komron esa Kobul-u Badaxshon, Qandaxor-u Panjobning
hammasiga hukmron bo‘lib oldi. Endi o‘zini podsho e‘lon qilib, nomiga xutba o‘qitishi
qoldi, xolos!
— Komron unchalikka bormas. Nahotki jannatmakon otalaringizning vasiyatlarini
unutsa?
Xonzoda begim shu o‘y bilan ertasi kuni soyabon aravada Komron mirzo turadigan
Gulafshon bog‘iga yo‘l oldi.
* * *
Komron mirzoning isitmasi bor, nam havoda qiynalib nafas olar va ichkarida o‘ltirgisi
kelmas edi. U Xonzoda begimni ham gulzorlar orasidagi naqshin tolorda qabul qildi.
Dasturxonga hindistonning norinji va xurmosidan tashqari Turondan keltirilgan soyaki
mayiz, lavzina va bargaklar ham qo‘yilgan. Xonzoda begim Komron bilan so‘rashar ekan,
uning yirik gavdasi otasinikiga o‘xshab ketishini xayolidan o‘tkazdi. To‘rt og‘ayni ichida
eng gavdasi yirigi, ko‘rinishi salobatlisi va ovozi jarangdori Komron mirzo. U turkiy
tilning nozik tovlanishlarini Humoyundan yaxshiroq biladi, notiqligi ham Bobur mirzoni
eslatadi. To‘rt og‘aynining har birida otalarining qaysidir xislati va fazilati bor, lekin nega
ular yakdil bo‘lib birlasholmaydi? Xonzoda begim ana shuni tushunishga intilib, Komron
mirzoning gaplariga kamoli diqqat bilan quloq soldi.
— Og‘amizning mag‘lubiyati hammamiz uchun ham og‘ir kulfat bo‘ldi, hazrat begim.
Ayniqsa, xotinlari bilan qizlarining asirga tushgani biz inilar uchun ham misli ko‘rilmagan
malomat.
— Shunday ko‘rgiliklar taqdirda bor ekan-da, Komronjon. Humoyun o‘zini o‘zi ayblab,
ich-etini yeb o‘ltiribdir.
— Hatto otamizning taxtiga o‘zlarini nomunosib bilib, boshqa odamni podsho qilmoqchi
emishlar, rostmi?
Bu sir xufiyalar orqali allaqachon Komronning qulog‘iga yetib kelganidan Xonzoda begim
hayratga tushdi.
— Amirzodam, odam og‘ir kayfiyat bilan har narsa deyishi mumkin. Har qalay, Humoyun
sizning ulug‘ og‘angiz, shuncha falokatlardan keyin dargohiga borib ko‘ngil so‘rasangiz
yaxshi bo‘larmidi?
— Kechadan beri tobim yo‘q, isitmam ko‘tarilgan.
Xonzoda begim Komronning ko‘zi yaltirab, lablari quruqshab turganiga endi e’tibor berdi.
— Xudo shifo bersin. Sizga ne bo‘ldi?
— Agra havosi menga yoqmadi. Jigarim shishgan. Tabiblar muolaja buyurgan. Sal
o‘zimga kelsam, akamizdan albatta xabar olmoqchimen. Hozircha sizdan iltimos shulki,
og‘amizga ayting, yalangoyoq saqqoni taxtga chiqarish fikridan qaytsinlar. Bu biz uchun
yana bir malomat bo‘lg‘ay. Axir boburday podshohning yana uchta o‘g‘li turganda uning
taxtiga qayoqdagi eshkakchi hindini chiqarish — otamizning xotirasiga-yu bizning
hammamizga behurmatlik bo‘lmagaymi?
— Saqqo juda pok, avliyosifat yigit emish, Humoyun uning yaxshiligiga javoban shu
ishni qilib, o‘z gunohlaridan poklanmoqchi.
— Og‘amiz chindan ham ko‘p gunohlar qilgan, agar o‘zlarini astoydil poklamoqchi
bo‘lsalar, Makkatulloga hajga borsinlar!
Podshoni taxtdan tushirib hajga jo‘natish — uni o‘limga buyurishning pardali bir turi
sanaladi, chunki haj yo‘lida himoyasiz qolgan tojdorni o‘ldiradigan qasoskorlar albatta
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |