www.ziyouz.com kutubxonasi
44
kelayotgan bir tutam nur Humoyunning ko‘ngliga yog‘du sochib turganday tuyulardi.
Axir u daryo girdoblari orasida hayotdan butunlay umidini uzgan edi. Saman ot bilan
birga o‘pqonga tortilgan payti, so‘ng mesh ustidan sirg‘alib tushib hushidan ketgani
xayolida qayta gavdalandi-yu, qalbiga tushib turgan nur — unga yangidan berilgan
hayotning nuri ekanini sezdi.
Qaytib berilgan hayot tuyg‘usi barcha ko‘rgiliklar alamidan zo‘rroq bo‘lishini u endi sezdi.
Yelkasidagi yara og‘rig‘ini ham unutib, o‘rnidan turib o‘tirdi. Yonida hamon nafasini
rostlay olmay hansirab yotgan Nizomga iymanibroq ko‘z tashladi. Uni o‘zidan bir necha
bor ustun bo‘lgan tengsiz bir bahodirday e’zozlagisi kelib:
— Siz menga inilarim qilmagan yaxshilikni qildingiz, — dedi. — Otingiz nedur?
Nizom yonboshga turib, o‘z otini aytdi.
— Nizom! — deb Humoyun uning otini yoqtirib takrorladi: — Bu daryo ichida ikkovimiz
dunyoga qaytadan kelganday bo‘ldik.
— Rost, onadan qayta tug‘ildik, — dedi Nizom ham.
— Hozir siz menga tug‘ishgan inimdan ham azizroqsiz. Nomingizni Dehlidagi Nizomiddin
avliyoning nomlariday ulug‘lasam arzigay!
Nizom Humoyunning podsholigini unutgan edi. Kiyimlari shalabbo ho‘l, yarador,
yalangoyoq bu yigit zamona zo‘rlarining boshida turgan tojdor ekani birdan esiga tushdi.
— Agar meni rostdan tutingan ini o‘rnida ko‘rsangiz, sizga ikki og‘iz arzim bor.
— Ayting, bajonidil tinglay!
— Poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar mamlakat xalqini sizdan bezdirdi. Qancha
hind yigitlari Sherxon tomonga o‘tib ketdi. Amir Sherxon hindi-yu muslimni bir-biridan
ajratmas ekan!..
— Men ham hindi-yu muslimni yakdil qilish orzusida edim. Ammo bu mushkul ishda
kimga tayanishimni bilmadim.
— Hind eliga tayaning-da, hazrat. Bu elda bhaqtiylar* bor. Ularning shoiri Kabir hindi-yu
muslimni o‘z dilida birlashtirgan. Mening otam bhaqtiy bo‘lgani uchun tuhmat bilan
zindonga tashlandi.
— Kim tuhmat qildi?
— Siz ishongan amaldor-u shayxlar.
— Men o‘zim bu adolatsiz muhitdan qanday qutulishimni bilmasmen! Otangiz Agradagi
jindondami? Poytaxtga qaytaylik... Siz o‘zingiz... otangizga tuhmat qilgan amaldor-u
shayxlarga jazo berdirgaysiz.
— Men? — ishonqiramay so‘radi Nizom.
— Ha, omonlik bo‘lsa, siz hali istaganingizdan ham katta martabaga erishgaysiz.
Nizom istagan martaba nima ekanini o‘zi ham bilmaydi. Uning eng zo‘r istagi — otasini
zindondan qutqarishu Hamidani yana ko‘rish. Bu go‘zal qizni u juda sog‘inib yuribdi.
Lekin Hamida to‘g‘risida Humoyunga og‘iz ochishga tili bormadi. Faqat podshoni
qutqargani hali taqdirida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini ich-ichidan sezdi-yu,
yuragi g‘alati bo‘lib hapqirdi.
_____________
* Xaylxona — podsho va a’yonlarnnig xotin, bola-chaqalari.
* B h a q t i y l a r — adolatparvar xalq harakatining ishtirokchilari.
Do'stlaringiz bilan baham: |