www.ziyouz.com kutubxonasi
311
joylar-u zeb-u ziynatlar ham ularning ko‘zlariga ko‘rinmaydi. Gulday umrlari har
zamonda bir kelib ketadigan erning dastidan xazon bo‘layotgani, ayniqsa, farzand
ko‘rmay o‘tayotgan yosh xotinlari uchun dahshatli fojia ekanini Akbar ularning dil yorib
yig‘lab gapirgan paytlarida bilib qoladi, ruhiy qiynoqlarga chiday olmay, hatto saroydan
bosh olib ketgisi keladi.
Bultur yarim tunda otasi haramdan ruhan ezilib chiqib, yolg‘iz o‘zi Panjob tomonga yo‘l
olganini o‘g‘li Salim ham eshitgan. Ikkita qo‘riqchi yigiti unga yaqinlashishga jur’at
etolmay, ketidan ergashadilar. Qo‘rchibegi, «bunday paytda Akbarga so‘zi o‘tadigan
yagona odam — roja Birbal» deb, uni uyg‘otdi. Ikkovlari qorong‘i tunda hamon piyoda
ketayotgan Akbarga yaqin borib, otdan tushdilar. Birbal qo‘rqa-pisa yoniga borganda,
Akbar uni ham jerkib tashladi:
— Meni o‘z holimga qo‘ying! Keting!
— Hazrati shahanshoh, axir qorong‘i tunda qayga bormoqchisiz?
— Meni taxtga chiqargan joylariga borgaymen. Podshohligini qaytarib berib, bu
gunohlardan soqit bo‘lmoqchimen. Keting! Ergashmang!
«Xushi joyida emas, Istambuli begim huzurida ko‘proq ichib qo‘yganmi?» deb o‘yladi
Birbal. So‘ng tong otguncha Akbar bilan qorama-qora boraverdi. Atrof yorishib
ketgandan so‘ng yo‘lda uchragan odamlar uni taniy boshladi. Kun yoyilganda Akbarning
atrofida odam ko‘payib ketdi.
Akbar Panjobgacha piyoda yetolmasligini endi fahmlaganday bo‘ldi-yu, ot keltirishni
buyurdi. Birbal ham otlanib, o‘ttiz milcha yo‘lni birga bosib o‘tdi. U yoqdan bu yoqdan
gapirib, har xil hikoyat, rivoyat va latifalar aytib berdi-da, axiri Akbarni jilmayishga
majbur qildi. Hovuri sal bosilgandan keyin, Birbal uni saroyga qaytishga ko‘ndirdi.
Bu yil bahorda Akbar yana haramdagi ruhiy qiynoqlardan bezib, saroydan sahar palla
yolg‘iz chiqdi-da, Sekrining janubidagi o‘rmonlarga kirib ketdi. Ikki kungacha tuz
totmadi, hech kimni yaqiniga yo‘latmadi. Bu gal hatto onasi Hamida begim bilan ham
gaplashgisi kelmadi. Uning haramga oid nozik va chigal sirlarini faqat roja Birbal bilar
edi. Yana shu do‘sti Akbarning oldiga borib, quvsa ham ketmay, axiyri uni dil yorib
so‘zlashga majbur qildi:
— Farangi xotinim Mariya yig‘lab aytdiki, «hatto qullarni ozod qilibsiz, qul emas, chela
deb atashni buyuribsiz, lekin haramda sizni suyadigan xotinlaringizni nechun bunchalik
qattiq tutmoqdasiz?» Shunday deb eshikni menga ko‘rsatdi: «Buni faqat tashqaridan
qulflaydilar, qulf ichkaridan ochilmaydigan qilib o‘rnatilmishdir!» Ya’ni haramdagi ayol
ostona hatlab tashqariga chiqmasin, uning har bir qadami nazorat ostida bo‘lsin, deb
shunday qilinmishdir!
— Bunday haram tutish rusumini siz o‘ylab chiqaribsizmi, hazratim? Necha asrlardan
beri davom etib kelayotgan shohlik udumi shunday bo‘lsa nachora?
— Lekin shu shafqatsiz udumni yo‘qotib bo‘lmagaymi? Bechora Mariya... boshqacha
hayotga o‘rgangan... Yoki unga javob beraymi?
— O‘zi shuni istaydirmi?
— Yo‘q, u menga dil bergan. Istaydiki, men ham faqat bitta uni deyin. Rahmatli Salim
ota ham, sherga o‘xshab, bitta tanlagan juftim bilan yashashni maslahat bergan edilar.
Ne qilay? Boshqa xotinlarni taloq qilib haramdan chiqarsam...
Roja Birbal qo‘rqib ketdi:
— Bu hech mumkin emas! O‘g‘illaringizning onalarini taloq qilib, haramdan chiqarish...
Yo‘q, yo‘q! Aytishga til bormaydir!
Akbarning o‘zi ham buning mumkin emasligini sezib turibdi. Boshi berk ko‘cha, yechib
bo‘lmaydigan tugun! Birbal ikkovlari o‘rmonda gulxan yoqib kechasi bilan gaplashib
chiqishdi. Ko‘pni ko‘rgan Birbal o‘zi bilgan har xil g‘aroyib voqealardan, o‘qigan turli
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |