www.ziyouz.com kutubxonasi
308
qalbi bir daraja o‘sadi.
Axir u yoshlikdan o‘z vatanining mana shunday yuksalishini orzu qilmaganmidi? Otasi
bilan birga eng og‘ir kunlarni ko‘rganda, quvg‘inlar, adolatsizliklarni boshidan
kechirganda xalq ertaklaridagi kabi odil bir rahbarga ehtiyoj sezmaganmidi? Shu ehtiyoj
tufayli mahdiylar harakatiga qo‘shilgan va hindlarning bhaqti ta’limotini diliga jo
etmaganmidi? Saroyda vazir bo‘lgandan beri o‘sha orzu-istaklarini Akbar yordamida
amalga oshirishga intilayotgani shu boisdandir. To‘g‘ri, Akbar ham ichki-tashqi
ziddiyatlar iskanjasidan qutulolmaydi, osiy banda sifatida katta gunohlar va hatolar
qiladi. Abulfazl shuni bilsa ham, bari bir Akbardan umidini uzmaydi. Uning nazarida,
Akbar favqulodda yirik shaxs, taqdir unga omadni ham, iste’dodni ham ayamay bergan.
Abulfazl uning haqida tarixiy kitob yozarkan, o‘zicha bir savolga javob izlaydi: Kobulda
ikki yarim yasharligida o‘zidan katta amakivachchasi Ibrohim mirzoni kurashda
yiqitgandan beri Akbarning yelkasi yer ko‘rmay kelayotganining sababi nimada? Abulfazl
buning sir-u asrorini Akbardan so‘rasa hazilomuz javob oladi:
— Men ham ko‘p yiqilganmen... Bir yoshdan oshib, endi yura boshlaganimda rahmatli
amakim mirzo Askariy oyog‘imga sallalari bilan urib, besh-o‘n marta yiqitgan edilar. Shu
haligacha g‘ira-shira yodimda bor. Bu turkiy udumni «bolaligingdagi yiqilganlaring butun
umringga yetgulik bo‘lsin, ulg‘ayganda yelkang yer ko‘rmasin», degan tilak bilan qilar
ekanlar. Ehtimol, shu tilak ijobat bo‘lgani uchun iqbol menga yordir?
Lekin Akbarning hayotini yigirma yildan beri yaqindan kuzatib yurgan Abulfazl zafarning
o‘zi kelmasligini, har bir mushkulotni bartaraf qilishga behad ko‘p kuch, iste’dod, mehnat
sarf bo‘lishini bilardi. Akbar ham ota-bobolariga o‘xshab kam uxlar edi. Yarim tunda
yotsa ham, ertalab tong otar-otmas uyg‘onar, o‘rtacha to‘rt soat uyqu unga bir kecha-
kunduzga yetar edi. Qolgan vaqti davlat ishi-yu, boshqa ming xil zarurotlarga taqsim
bo‘lardi.
Kobul yurishidan keyin tashvish sal kamaygan bo‘lsa ham, daryoday tinimsiz oqayotgan
hayot o‘z yo‘lida yangi-yangi o‘pqonlarga duch kelar, ular Akbarga qo‘shib Abulfazlni
ham kutilmagan girdoblar domiga tortardi.
Tashqi olamda ana shunday xatarli girdoblardan biri Peshovar va Haybar dovoni
etaklarida bosh ko‘targan ravshaniylar isyoni tufayli paydo bo‘ldi. Bu isyonni shimoldan
Abdullaxonning maxfiy odamlari qo‘llab-quvvatlardilar. Goa orolidagi Farangilar suv
yo‘llari orqali Peshovarga qurol-yarog‘ yetkazib berib turdilar. Fathpur — Sekridagi
Albert-Alibek ravshaniylar peshvosi shayx Jaloliddinni hibsdan qochirganini saroyda hech
kim bilmay qoldi. Ammo bu shayx Peshovarga qaytib borib, Haybar dovonining nari-
berisidagi yusufzaylarni qo‘zg‘olon girdobiga tortgandan keyin ravshaniylar isyoni
Bianadagi mahdiylar qo‘zg‘oloniga o‘xshab, katta bir xalq harakatiga aylandi, unga
ming-minglab dehqonlar, cho‘ponlar ham ishtirok eta boshladi. Kobulda Man Sinx kabi
rojputlar hokim bo‘lib turgani uchun shayxlar afg‘on qabilalarining milliy g‘ururini
qo‘zg‘atdi. Ular mustaqil davlat tuzish uchun Haybar dovonini ikki tomonidan bekitib
olishdi. Kobul markaziy davlatdan bir yilcha uzilib, karvon qatnovi to‘xtab qoldi. Tu-
rondagi Abdullaxon shu qulay paytdan foydalanib, Badaxshonni o‘z qalamraviga o‘tkazdi.
Akbar navbatdagi yurishni Goa orolidagi farangilarga qarshi qilmoqchi bo‘lib, o‘n besh
ming qo‘shin tayyorlagan edi. Endi bu qo‘shinni shimolga burishga majbur bo‘ldi.
Roja Birbal va Zayniddin ko‘kaldosh sarkardaligidagi sakkiz ming qo‘shin Haybar
dovonini ochish va Kobuldagi Man Sinx bilan aloqani tiklash uchun yuborildi.
Tashqi olamda mushkulot ko‘payganda ichki muxoliflar ham dadillanishini Abulfazl shu
kunlarda aniqroq his qildi. Akbarning noxayrixohlari endi uni o‘g‘li Salim yordamida
yiqitish umidida ekanliklarini qattiq sir tutar edilar. Lekin gohi-gohida Farid Buxoriy
Salimni «Shohnoma» qahramoni Suhrobga qiyoslab maqtaganda Alibek va Abduqodir
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |