www.ziyouz.com kutubxonasi
307
Abduqodir Badavniy o‘zini yana imoni but muslimdek his qila boshlagandan keyingina
Akbar haqidagi yashirin asarini yozishga o‘tadi.
Akbarga qarshi isyon ko‘targani uchun Gangaga cho‘ktirib yuborilgan qozikalon
Muhammad Yazdiyni Badavniy «shahid» deb ulug‘laydi. Akbar o‘zining o‘n to‘rt rupiylik
oltin ashrafiy tangasiga kalimayi shahodatni yozdirmaganini «islomga xiyonat» deb
qoralaydi. Shayxlar g‘alayoni bostirilganda bu g‘alayonga qatnashgan imomlar jazodan
qo‘rqib qochgan, o‘sha kezlarda ba’zi masjidlar huvillab, bo‘shab qolgan, ularning
ayrimlarini harbiy qorovullar egallagan edi. Badavniy shuni nazarda tutib, «Akbar
masjidlarni qorovulxonaga aylantirmoqda, omborxona qilib qo‘ymoqda», deb kuyinadi.
Ayniqsa, Akbarning qamariy yil hisobidan shamsiy hisobga o‘tish haqida chiqargan
farmoni Abduqodir Badavniyni qattiq norozi qiladi. Muqaddas ramazon oyi nahotki
unutilsa? Rajab, muharram... odamlar bolalariga ism qilib qo‘yadigan bu nomlar
Badavniyning qulog‘iga behad sehrli eshitiladi.
Biroq oy to‘lishiga qarab hisoblanadigan qamariy oylar shamsiy oylardan qisqaroq,
shuning uchun har yili o‘n-o‘n bir kun ortib qoladi. Qamariy oylar ham o‘n-o‘n bir kundan
surila-surila, ro‘za goh qishda, goh yozda keladi. Akbar kuzda tug‘ilgan bo‘lsa ham,
qamariy oylar surilib yurgani uchun o‘z tug‘ilgan kunini goh bahorda, goh yozda
nishonlashga majbur. Yil fasllarining aniq hisobini olib ish ko‘radigan dehqonlar, kosiblar,
boshqa hunar egalari uchun ham mudom ko‘chib yuradigan qamariy oylar ko‘p
noqulayliklar keltiradi. Shuning uchun xalq orasida azaldan bor bo‘lgan shamsiy hisob
(har yili aniq bir vaqtda keladigan navro‘z, saraton, mezon) ko‘proq iste’molda bo‘ladi.
Badavniy uchun esa shamsiy oylar ham, navro‘z bayrami ham otashparastlik davridan
qolgan bid’at. U faqat hijriy yil hisobini muqaddas deb biladi. Akbar shu kelayotgan
hamal oyidan boshlab butun davlat ishlarini shamsiy hisobga o‘tkazish haqida farmon
chiqargani Badavniyga «kofirona farmon» bo‘lib ko‘rinadi.
Kunduzlari Akbarning sha’niga maqtovlar aytib, «Mahabxorat» va «Ramayana»ni tarjima
qilib pul ishlaydigan bu odam kechalari eshik-derazani bekitib, Akbarning xudodan
qaytganligini isbot etuvchi dalillarni qog‘oz yuziga birma-bir tizardi va bisotida bor diniy
ayblarni unga taqardi. Biladiki, bu ayblar Akbar hukmronligining ildiziga uriladigan
boltaning ishini qiladi. Chunki odamlar podshoning dindan qaytganini bilsalar, uni
taxtdan tushirishga haqli bo‘ladilar. Shahzoda Salim otasining islohotlariga zimdan
qarshi ekanini Badavniy eshitgan. U o‘z «Muntaxabi tavorixini» kelajak avlod uchun
yozmoqda. Badavniy Akbardan yosh, hali uning davri tugaydigan kunni ham ko‘rishiga
ishonadi. Mana shu ishonch uning qalamiga kuch, diliga madad beradi.
_____________
* Bu narxlar Abulfazlning «Oyini Akbariy»sida keltirilgan.
* D o h a — ikki satrli qisqa she’r.
* Hijriy ming yillik milodiy 1592-yilda kiradi.
* * *
Akbar topshirig‘i bilan xuddi shu davr haqida ochiqchasiga kitob yozayotgan Abulfazl esa
butunlay boshqa manbalardan ruhiy madad oladi. U o‘z vatani Hindistonni sevadi.
Bundan o‘ttiz-qirq yil oldin o‘z-aro urushlar va milliy nizolardan abgor bo‘lib zaiflashib
qolgan Hindiston hozir dunyoning eng qudratli davlatlari safiga kirayotganidan quvonadi.
Akbarni g‘arbdagi Angliyadan tortib sharqdagi Xitoygacha o‘nlab mamlakatlar tan olib,
elchilar yubormoqda. Bu elchilar: «Hozir dunyoda ikkita eng qudratli va obro‘li mamlakat
bo‘lsa, biri Hindistondir!» deb aytganlarini Abulfazl har eshitganda iftixor tuyg‘usidan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |