www.ziyouz.com kutubxonasi
310
tuyuldi. Lekin o‘g‘lini beklari oldida izza qilmaslik uchun hech narsa demadi-da, Salimga
«o‘tira tur!» degan ishorani qildi, so‘ng Abulfazlga yuzlandi:
— Mavlono, sizning tilagingiz nedur?
— Hazratim, hanuzgacha e’tibordan chetda qolib kelmoqda bo‘lgan bir zarurat bor, —
deb Abulfazl aholining soni haqida gapirdi. — Biz pulni hisoblaymiz, molni hisoblaymiz.
Biroq odamlarimiz qancha? Aholining qanchasi erkak, qanchasi ayol? Qancha odam qaysi
elga, qaysi e’tiqodga mansub? Shuni haligacha aniq bilmaydirmiz. Holbuki, buni
bilmasdan turib bexato siyosat yurgizib bo‘lmagay. Shuning uchun faqir butun
mamlakatda aholi ro‘yxati o‘tkazilsin, deb tilak bildirgaymen.
Akbar bu tilakni ma’qul ko‘rib bosh irg‘adi. Boshqa a’yonlar katta ko‘priklar qurish, ariq
qazib, suv chiqarish haqida muhim-muhim istaklarini aytdilar. Akbar davlat va el-yurt
manfaatlarini ko‘zlab aytilgan hamma tilaklarni qabul qildi. Bularning qarshisida o‘g‘li
Salimning faqat o‘zini o‘ylab bildirgan tilagi yanada mayda va bachkana tuyuldi.
Akbar a’yonlariga javob berdi-da. Salimni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. Uni
qarshisiga tik turg‘izib qo‘yib:
— O‘g‘lim, sen bugun meni ham, o‘zingni ham xijolatga qoldirding, — dedi. — Butun
mamlakatga e’lon qilingan farmonni men nechun bekor qilmog‘im lozim? Sening tezroq
uylanging kelgani uchunmi?
Salim bo‘zrayib yerga tikilganicha sukut qildi. Uning uzr so‘ramay jim turgani Akbarga
o‘jarlik alomati bo‘lib ko‘rindi.
— Senda halitdan nafs g‘olib kelsa, oqibati ne bo‘lishini o‘ylaysenmi? Axir nikohning
muqaddas maqsadi — farzand ko‘rish-ku. Faqat ko‘ngilxushligi uchun uylanurlar, deb
senga kim o‘rgatdi?
So‘nggi paytlarda Alibek Salimga Akbarning haramida qanaqa go‘zal qizlar borligini
shivirlab aytib bergan va uni hazratdan ibrat olishga undagan edi. Lekin sir saqlashga
o‘rgangan Salim hozir buni otasidan yashirdi.
Salimning boshi egik bo‘lsa ham, labining bir cheti tirjayib istehzoli jilmayganday bo‘ldi.
U otasining mut’a nikohi bilan uylangan xotinlari ko‘pligini eslatib, «o‘zingiz ham
o‘rgatmoqdasiz!» demoqchi edi.
Akbarning haramida Salima begim, rani Jodha Bay kabi o‘g‘il tuqqan xotinlaridan
tashqari Istambuli begim degan yigirma yoshli husnda tengsiz turk juvoni ham bor. Yana
u farangistonlik Mariya degan sutga chayilganday oppoq bir go‘zalni ham nikohiga
olganini Salim yaqinda Alibekdan eshitdi. Otasi qirqdan oshgandan buyon shu ikki yosh
xotin unga qanchalik suyukli bo‘lib qolganini Alibek butun tafsilotlari bilan aytib berdi.
Axir Salimning onasi Jodha Bay ham endi o‘ttiz beshga kirgan ko‘hlik juvon-ku. Onasi
haftalar davomida Akbarning yo‘liga ko‘z tikib, kundoshlik alamidan yum-yum yig‘lagan
paytlarida, otasi boshqa suyukli xotinining haramida ko‘ngilxushlik qilishini Salim
bilmaydimi?
Akbar o‘g‘lining tirjayishidan shu ma’noni payqadi-yu, achchiqlanish o‘rniga
o‘ng‘aysizlandi. Chunki u o‘z hayotining o‘g‘illariga ibrat bo‘lolmaydigan eng chigal qismi
haramda kechishini bilardi. Nafis va jo‘shqin ehtiroslar daryosida chappar urib
suzganlari, Jodha Bay qasrida satranj o‘ynaganlari, Salima begim ko‘shkidagi
she’rxonliklar, boshqa xotinlari uchun qurdirgan orasta uylarda bo‘ladigan o‘yin-kulgi,
ashula, raqs, xursandchiliklar — hammasi uning og‘ir janglarda va hokimiyat
talotumlarida tortgan azoblari evaziga taqdir tomonidan yuborilgan mukofot, xolosmi?
Yo‘q, ko‘ngilxushliklar o‘tgandan keyin boshlanadigan dilsiyohliklar Akbarga bu
mukofotning ichi to‘la jazo ekanini ko‘rsatib turadi. Sevib uylangan jufti haloli Jodha
Bayning muhabbatiga yarasha vafo kutib termulgan yoshli ko‘zlarini ko‘rganda Akbar
o‘zidan o‘zi nafratlanadi. Boshqa xotinlari ham mudom uning diydoriga zor. Shohona uy-
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |