www.ziyouz.com kutubxonasi
314
— Balki uylansalar quyulib ham qolarlar, — deb umid qildi Abulfazl.
Lekin Salim uylanib ham bosilmadi, o‘n olti yoshida xotin olib, o‘n yettiga to‘lmasdan
o‘g‘il ko‘rdi-da, otasiga: «Hozirgi yoshlar sizlardan tezroq balog‘atga yetishini bilib
qo‘ying!» deganday g‘olibona kulimsirab qaradi.
O‘n besh yoshli Man Bay baquvvat, sog‘lom bola tuqqanini ko‘rib Akbarning o‘zi ham
hayron edi. Bolaga Xisrav deb ot qo‘ydilar. Man Bayning o‘zini Akbar Shoh begim deb
ulug‘lay boshladi. Salim esa o‘n sakkiz yoshida Zayniddin ko‘kaning qiz jiyaniga oshiq
bo‘lib qoldi. Hamida begim oraga tushib, «nevaram endi musulmon oilasiga ham kuyov
bo‘lsin», dedi. Shu sabablarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshli Salimga ikkinchi qizni ham olib
berdilar. Oradan bir yil o‘tmay bu kelin ham o‘g‘il tug‘di-yu, otini Parvez qo‘ydilar.
Akbar Abulfazlni chaqirib:
— Shahzodaga endi biron viloyatni beraylik, — dedi va kuldi: — Boshqa ishi
bo‘lmagandan keyin butun kuchini haramga berib yana uylangisi kelib qolmasin.
— Rost, «Xotira yozgaymen», deb uni ham qilmadilar. Menga biron sahifa yozuv
ko‘rsatgan emaslar.
Akbar Salimni poytaxtga yaqin bo‘lgan Ajmirga hokim qilib jo‘natdi. Oradan ikki yil
o‘tmay, Ajmirda u yana bir afsonaviy go‘zalga oshiq bo‘lib qoldi. Rani Balmati ismli bu
qiz Bobur bilan jang qilgan mashhur rajput sarkardasi Rana Sangram Sinxning chevara
avlodlaridan edi. Qizning bobosi Uday Sinx avvalgi adovatlarni unutib, Gujarat yurishida
Akbarga ittifoqdosh bo‘lgan edi. Lekin shu xonadondan chiqqan Pratap Sinx nomli
boshqa bir botir yigit haligacha Akbarni tan olmay, tog‘lik o‘rmonlarda uning askarlariga
qarshi jang qilib yurar edi. Endi Akbar o‘g‘lini Uday Sinxning chevarasi va Pratap
Sinxning qarindoshiga uylantirsa, butun mamlakat taniydigan mashhur oilani o‘ziga el
qilishi mumkinligini o‘yladi va Salimga Rani Balmatini ham olib berdi. Oradan bir yil
o‘tgach, bu uchinchi kelin Akbarning avvalgi nevaralaridan ham miqtiroq va ko‘hlikroq
o‘g‘il tug‘di. Bu o‘g‘ilga Xurram deb ot qo‘ydilar.
Akbarning nevaralari ko‘payib, yoshi ellikka yaqinlashgan sari ko‘z taglari salqigan,
durustgina qorin ham qo‘ygan, yuzlarida ajinlar ko‘paygan, mo‘yloviga oq tolalar
oralagan bobo qiyofasiga kirib borardi. Unga shafqatsiz bo‘lgan vaqt endi butun
marhamatini Salimga ko‘rsatmoqda edi.
Yigirma ikki yoshida uch o‘g‘ilning otasi bo‘lgan shahzodaning ko‘ngli o‘sib, yigitlik
jozibasi yil sayin barq urib ochilib borar, u har qanday qizni o‘ziga mahliyo qila oladigan
zabardast ko‘hlik yigit ekanini o‘zi ham sezib mag‘rurlanardi.
Salimning xos navkari Alibek Pereyro ham bu orada agralik bir hind qiziga uylanib,
undan farzand ko‘rdi. Alibekning umrbod Hindiston fuqarosi bo‘lib qolganiga endi shayx
Farid ham ishondi. Avvallari, «bu farangi shahzodani dindan chiqarmasin tag‘in!» deb
xavotirda yurgan shayx Farid bora-bora Alibek bilan til topishib, inoqlashib ketdi. Chunki
Alibek ham shayx Faridga o‘xshab, Abulfazlni yomon ko‘rar va Akbarning o‘rniga tezroq
shahzoda Salimni taxtga chiqarish orzusida yurar edi.
Aslida-ku, Albert Pereyro Akbar bilan Salim orasida nifoq chiqarish to‘g‘risida Goadan
maxfiy topshiriq olgan. Shu maqsadda Alibek shahzoda Salimning otasiga yoqmaydigan
xotinbozliklariga iloji boricha ko‘proq yordam berardi.
Salim Alibekni o‘rtaga qo‘yib, Mehriniso nomli go‘zal bir eronlik qiz bilan tanishdi. Bu
qizga oshiqi beqaror bo‘lib, avvalgi yosh xotinlariga qaramay qo‘ydi. Erining intihosiz
bevafoliklari Akbarning suyukli kelini Shoh begimning o‘limiga sabab bo‘ldi. Endi yigirma
yoshga kirgan bu ko‘hlik juvon afyunni ko‘p ichib, o‘zini o‘zi o‘ldirdi.
Ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan yosh juvonning tepasida olti yashar
o‘g‘ilchasi Xisrav yig‘lab turar, hali o‘lim nimaligini bilmaydigan bechora bola nuqul
onasini uyg‘otmoqchi bo‘lardi. Akbar buni ko‘rib larzaga keldi. Salimga nafrat va g‘azab
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |