www.ziyouz.com kutubxonasi
321
qo‘ymoqchisen» deb o‘limga buyuribdir. Mushfiqiy saroy kutubxonasining kitobdori,
katta shoir bo‘lgani uchun Abdullaxonning vaziri Qulbobo ko‘kaldosh oraga tushib,
shafoat so‘rabdilar. «Mushfiqiy sizni temuriylardan baland qo‘yib she’rlar yozgan»,
debdir. «Qani o‘sha she’rlar?» debdi xon. Vazir she’rni o‘qib beribdi. «Men qilich yalan-
g‘ochlab, ot choptirib boray, Mushfiqiy uzangimdan ushlab, yonimda o‘sha maqtov
she’rlarini aytib chopsin. Agar shu shartni bajarolmasa, bo‘yniga qilich urgaymen, boshi
ketgay». Bechora shoir ne qilsin? Abdullaxon qilich yalang‘ochlab otini yo‘rttiribdir,
Mushfiqiy uning uzangisidan ushlab, xonni ulug‘laydigan she’rlarni ayta-ayta chopibdir.
— Oh, bechora! — deb qo‘ydi Gulbadan begim.
— Mushfiqiyning zehni o‘tkir ekan, adashmasdan, to‘xtamasdan, marraga yetguncha
ash’or aytibdir. Shu tarzda tirik qolgandan so‘ng, Abdullaxondan ixlosi qaytib, Buxorodan
bosh olib chiqibdi-yu, savdo karvoni bilan Agraga kelibdir.
— Hozir ham Agradami?
— Yo‘q, ikki-uch yil turgach, ketishga ruxsat so‘radi. Keyin bilsam, bizning saroy shoirlari
uni xafa qilgan ekanlar. «Har qancha azob cheksam ham, vatanimga qaytay, shoir
tug‘ilgan yurtidan ayrilsa yerdan uzilgan daraxtday ijodi so‘nar ekan» dedi. Javob berdik,
qaytib ketdi.
Akbar so‘nggi so‘zlarni Mushfiqiyga allanechuk havasi kelib aytdi, chunki o‘sha shoir
qaytib borgan Samarqandga u haligacha borolmas edi. Biroq bobokalonlarining
maqbarasi turgan bu shaharni shayboniyzodalardan tortib olish, Movarounnahrda Ulug‘-
bek va Navoiylar davridagi ma’naviy ko‘tarilishlarni qayta tiklash istaklari yil sayin dilida
chuqur ildiz otib borardi. Bu istaklarni Hindistonning shimolida turib amalga oshirish
qulayroq bo‘lgani uchun Akbar milodiy 1585-yildan boshlab poytaxtni Fathpurdan
Laxo‘rga ko‘chirgan edi. Poytaxtni Laxo‘rga ko‘chirishning yana bir sababi — Fathpur-
Sekri daryolardan uzoq, uning yonidagi ko‘l esa aholi ko‘paygan sari sayozlashib, suvi
sho‘rroq bo‘lib ketdi. Fathpur-Sekrida aholining soni ikki yuz-u ellik mingga bordi.
Buncha odam ko‘l suvini yana o‘ttiz-qirq yilda ichib tamom qilib qo‘yishi ham mumkin.
Bir chekkasi shuni ham o‘ylab, Akbar poytaxtni sersuv Laxo‘rga ko‘chirib kelgan edi.
_______________
* Salim Mehriniso bilan otasi o‘lgandan keyingina qayta topishdi. Salimga erga chiqqan bu ayol tarixda Nurjahon nomi bilan mashhur bo‘ldi.
* D a l — kashmirchada «ming bargli nilufar» degan ma’noni bildiradi.
* * *
O‘n besh yildan beri Laxo‘r poytaxtga aylanib, Ravi daryosi bo‘yida Samarqand obidalari
kabi rang-barang koshinlar bilan ziynatlangan yangi qasrlar, madrasalar paydo bo‘ldi.
Podsho saroyi qayerni poytaxt qilsa o‘sha joyda puldorlar ko‘payishini va savdo qizishini
biladigan tujjorlar Laxo‘rda yangi-yangi rastalar va bozorlar ochdilar.
Jahonning turli tomonlaridan yo‘lga chiqqan savdo karvonlari shimoldagi Kobul,
g‘arbdagi Qandahor, janubdagi Agra va Dehli orqali Laxo‘rga keladi. Katta yo‘llar orasida
eng mashhuri — Agra, Fathpur va Laxo‘rni bir-biriga bog‘laydigan uch yuz mil
uzunlikdagi Shohroh. Maxsus buyruq bilan kengaytirilgan va atrofi obod qilingan bu
yo‘ldan to‘rt-beshta arava qator yursa ham sig‘adi. Uning sahniga silliq toshlar
yotqizilgan, ikki tomoniga bora-borguncha sersoya daraxtlar o‘tkazilgan, har yetti-sakkiz
mil joyda to‘xtab dam olinadigan, ovqat yeyiladigan va ot almashtiriladigan yomxona —
bekatlar qurilgan. Shuncha uzoq masofaga cho‘zilgan bunday katta yo‘l o‘sha davrda
jahonning juda kamdan kam joyida uchrashini milodiy 1591-yilda Laxo‘rga kelib ketgan
ingliz elchisi lord Edvard Layoton o‘z xotiralarida yozib qoldirgan.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |