www.ziyouz.com kutubxonasi
320
kurash boshlaganini bilib qaytdilar. Abdullaxon Xurosonga Qulbobo ko‘kaldoshni hokim
qilib tayinlagani Abdumo‘minni qattiq norozi qilibdi. Chunki u Hirotni o‘ziga poytaxt
qilmoqchi va mustaqil davlat tuzmoqchi edi. Shu maqsadda u hatto turk podshosi Sulton
Salimga otasidan beso‘roq elchilar yuborgan edi. O‘g‘lining niyati buzuqligini sezgan
Abdullaxon Abdumo‘minni Hirotdan ham, Buxorodan ham uzoqroq tutgisi kelib, Balxga
hokim qilib jo‘natdi. Balx Panjobga yaqinroq edi. Abdumo‘min endi Laxo‘rda turgan
Akbarga otasidan bemaslahat elchilar yubordi. Uning saroyidagi hufiyalarning ma’lumoti
Akbarga bu elchidan oldinroq yetib keldi: Abdumo‘min o‘z elchisiga sovchilik vazifasini
ham yuklabdi, Akbarning qiziga uylanish istagini bildiribdi va shu yo‘l bilan o‘z otasidan
baland kelmoqchi bo‘libdi.
Bosar-tusarini bilmay hovliqib yurgan Abdumo‘min o‘zini Akbarga teng ko‘rib elchi
yuborgani, yana uyalmay uning qizini xotinlikka so‘ramoqchi bo‘lgani Akbarning qahrini
keltirdi. U Haybar dovoni etagiga elchini kutib olish uchun maxsus odamlar yubordi-da:
— Badbaxtni o‘sha yoqda daf qilinglar, Hind daryosidan beriga o‘tmasin! — deb buyurdi.
Abdumo‘minning sovchilik vazifasini ham o‘tash uchun kelayotgan elchisi sersuv Hind
daryosidan o‘tayotganda go‘yo toshqin tufayli g‘arq bo‘lib ketdi. Abdumo‘minning
Akbarga kuyov bo‘lgisi kelib yozgan maktubi ham, yuborgan sovg‘alari ham suvga
cho‘kib nom-nishonsiz yo‘qolganini Buxoroda turib eshitgan Abdullaxon:
— Battar bo‘lsin! — deb suyundi.
Shayboniyzodalarning o‘z ichidan chiqayotgan bu o‘t alanga olsa, Abdullaxon uzoqqa
bormasligi aniq. Chunki uning jigar kasali kuchayib, otga minolmaydigan bo‘lib qolganini
Akbar eshitgan. Shu ketishda Abdumo‘min otasining o‘limini tezlashtiradi. Lekin
Abdumo‘minning o‘ziga qarshi bosh ko‘taradigan kuchlar ham ko‘p. Akbar ana shu
kuchlar yordamida uni yengishi mumkin.
Ammasi Gulbadan begimning Samarqand-u Farg‘onani qo‘msab aytgan gaplari ta’sirida
qo‘zg‘algan murakkab o‘ylarini u shu fikr bilan yakunladi-da:
— Ammajon, mana, Kashmirga keldik, omon bo‘lsak, hademay Samarqand-u
Farg‘onalarga ham borib qolgaymiz! — dedi.
— Ilohim murodingizga yeting!
Hamida begim bu gaplardan quvonish o‘rniga allanechuk sergaklanib qoldi.
— Shoh o‘g‘lim, Turonga siz faqat qo‘shin tortib, jang qilib bormog‘ingiz mumkin.
Shayboniyzodalarning behisob ko‘p qo‘shini bor emish. O‘zlari o‘lgunday jangari, qancha
odam qirilishini o‘ylasam, vahmim kelur!
— Nachora! Biz ham sayyoh yoki elchi bo‘lsak edik, birorta karvonga qo‘shilib, ota-
bobolarimiz vataniga tinchgina borib kelar edik. Lekin shayboniyzodalar boburiylarni
Turonga yo‘latmaydilar, hatto bizning to‘g‘rimizdagi rost gapdan ham qo‘rqadilar.
Movarounnahrdan Hindga kelib ketgan odamlar ko‘zlari bilan ko‘rgan qurilishlarimiz,
tasvirxonalarimiz, yangicha siyosatimiz haqida Samarqand-u Buxoroga borib haqiqatni
so‘zlasalar bas, «Dindan qaytgan Akbarning tarafdori», «xoin», «kofir» deyishib, jazoga
buyururlar.
— Nahotki shunchalikka borishsa? — hayron bo‘lib so‘radi Hamida begim. — Abdullaxon
Buxoroda madrasalar, karvonsaroylar qurdirgan emish. Rabotlar ham soldirgani uchun el
orasida yangi bir naql paydo bo‘lgan emish. «Abdullaxon bir kecha yotish uchun rabot
soldirgan, sen ham besh kunlik dunyoda uy-joy qurib yashab qol», der emishlar.
— Rost, shayboniyzodalar orasida eng iste’dodlisi— Abdullaxondir. Bunday qudratli
davlat tuzish har kimning ham ilkidan kelmagay. Lekin dashtiy sultonlarga xos dag‘allik
unda ham bor ekan-da. Bundan ancha yil avval samarqandlik Abdurahim Mushfiqiy
degan shoir Agraga bizdan panoh istab keldi. Shunda menga kuyinib aytib berdiki,
«Boburnoma»ni maqtagani uchun Abdullaxon uni «sen bizdan temuriylarni baland
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |