12-mavzu: XVI-XVII asrlarda madaniy
va musiqiy hayot
XVI asrning boshida (1505 yil) Hirot Shayboniylar tomonidan ishg‘ol etildi. Temuriylar saltanati Movaraunnahr, Eron va Shimoliy Hindiston (boburiylar) kabi uchta yirik hududga ajralib ketdi. Tarixning ana shunday murakkab burilish paytida temuriylar davri, xususan Samarqand va Hirot boy madaniy an’analarining munosib vorisi sifatida Buxoro maydonga chiqdi. O‘zbek xonlari Shayboniylar davlatining poytaxtiga aylangan bu shahri azimga zamonasining ko‘zga ko‘ringan ilmu ma’rifat, adabiyot va san’at namoyandalarini jalb eta boshladilar. Natijada bu yerda she’riyat, musiqa va tasviriy san’atning “Buxoro maktabi” deb nom olgan uslubi taraqqiy topdi. Hirotdan Buxoroga muhojirlik qilgan ilm va san’at ahli orasida yirik olim va sozanda Najmiddin Kavkabiy ham bor edi. Abdurauf Fitrat Kavkabiyning o‘zbek xonliklari madaniy hayotidagi o‘rnini Abdulqodir Marog‘iyning Temuriylar zamonidagi nufuziga tenglashtiradi.
XVI asrda Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlarda hayot bir maromda davom etadi; bu shaharlar siyosiy, iqtisodiy markaz bo‘libgina qolmay, balki madaniy markaz o‘chog‘i ham edi. Amaldorlar, savdogarlar va hunarmandlar madaniy hayotni rivojlantirishga hissa qo‘shdilar. Musulmonlarning oliy maktabi-madrasa ilgarigidek madaniy hayotda katta o‘rin tutadi.
Mutaxassislarning aytishlaricha, bu davrdagi qurilishlar, ilgarigi o‘tgan me’morchilik san’ati an’analariga asoslangan va ularni yana ham rivojlantirgan.
Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy hayotida bu davrda har xil qalandar-u, darveshlar guruhlarini birlashtirgan so‘fiylik oqimlari muhim o‘rin egalladi. Bular orasida Muhammad Bahouddin Naqshband tariqati g‘oyat katta ta’sirga ega bo‘ldi.
XVI asrda Buxoro xonligida madaniy hayotning jonlanishiga yana bir sabab Eron shohi Ismoilning o‘z davlatida, ayniqsa, Hirotda so‘fiylarni ta’qib etganligi bo‘ldi. Buning oqibatida ko‘plab shoirlar va din arboblari Buxoroga ko‘chib o‘tdi. Beklarning deyarli hammasi xonlar va amirlar xizmatida bo‘ldi. Hirotlik Binoiy fors tilida, Muhammad Soliq turk tilida Shayboniyxon haqida, Mushfiqiy esa Abdullaxon II to‘g‘risida asarlar yaratdi. Bu asarlar tarixiy ma’lumotlarga boy. XVI asr boshlarida Bobur tomonidan yaratilgan buyuk asarlar “Muboyin” (1521 y.), “Boburnoma” (1526-1530 yy.) jahonshumul tarixiy ahamiyatga egadir. Bu davrda Buxoroda va boshqa yirik shaharlarda fors-tojik va turk tillari ayniqsa rivojlandi. Shu bilan birgalikda turli xalqlarning musiqiy an’analari ham o‘zaro aloqadorlikda rivojlandi.
Bu davrda ko‘p allomalar kuy bastalash, cholg‘u chalish, ashula aytish bilan bir qatorda, musiqa ilmini ham bilganlar. Davlat arbobi, shoir va olim Z.M.Bobur ana shunday namoyandalardan biridir. U o‘zining “Boburnoma” asarida o‘sha davrning “el og‘ziga tushgan” musiqachilari haqida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan.
Hazrat Navoiy xonanda va sozandalarni “mutrib” va “mug‘anniylar” deya ta’riflagan bo‘lsa, Bobur Mirzo saroy san’atkorlariga “ahli nag‘ma” nomini berishni lozim hisoblagan. Saroyning zebu-ziynatini yanada oshirish maqsadida mashhur xonanda va sozadalarni, shoir va adiblarni o‘z saltanatiga jalb qilib, ularga homiylik qildi. Shu orqali butun Markaziy Osiyo va boshqa xalqlar bilan aloqalariga munosib hissa qo‘shishga muyassar bo‘ldi.
Hind adibi Athar Abbos Rizvining “Hindiston mo‘g‘ullar davrida”1 (Tarj. Ziyodulla Nasullaev) manbasida keltirilishicha shoh saroyida haftaning dushanba va chorshanba kunlari “Ahle murod” (murod-maqsadga yetishish kunlari), ya’ni muborak kunlar sifatida ko‘rilardi. Shu kunlarda “kuy va qo‘shiq” kechalari tashkil etilar va yaqin kishilariga ularning orzular ro‘yobini amalga oshirishga qaratilardi.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z do‘sti Sulton Husan Mirza iste’dodidan ilhomlanib yozgan tazkirasida quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tgan: saroyida saltanat peshvolari hamda saroy ahliga maxsus san’atkorlar dastasi xizmat qilgan “Xo‘ja Abdulla Marvarid qonunchi va bastakor edi, Quli Muhammad Udiy ijrochi, borbad cholg‘usi hamda o‘sha davr ijrochilik amaliyotida mavjud bo‘lgan qitora cholg‘usining mohir ijrochisi edi. Shayx Naiy – naynavoz, borbad va qator sozlarini mahorat bilan ijro etadi, ammo biroz Quli Muhammad Udiydan mohirona ijrochi sifatida tanilgan. G‘ulom Shodiy va Binoiy xalq orasida keng tarqalgan ommaviy qo‘shiqlar va kuylar to‘plamini tuzishgan”. Mazkur fikrlar Boburni nafaqat musiqa bilimdoni, balki ijrochilarning qay darajada bir biridan mohirona ijro etishlari, yoki ularning ijro etgan asarlarga tahliliy jihatdan baho bera olishi musiqa ilmining yetuk namoyandasi sifatida gavdalantiradi. Shu nuqtai nazardan Bobur musiqashunoslik bilimiga ham ega bo‘lgan degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Bobur musiqa borasida nozik didli bo‘lib, keng musiqiy-estetik bilimlarga ega edi va hayoti davomida bastakor sifatida o‘zini bir necha bor sinab ko‘rgan. Boburnomada Mirzo Boburning o‘zi Chorgoh savtini bog‘lagani haqida ma’lumotlar ham keltirilgan2.
Ma’lumotlariga ko‘ra Boburning ilmiy-ijodiy merosida musiqa risolasi ham bo‘lgan ekan, ammo risola topilmagan. Bobur iqtidorli musiqachilarga yordam bergan va san’at sohasining rivojiga alohida e’tibor bilan qaragan.
Do'stlaringiz bilan baham: |