www.ziyouz.com kutubxonasi
324
Akbarga bu voqealar xabarini yetkazgan samarqandlik tarafdorlari: «Tezroq kelib
bobokaloningiz poytaxtini egallamasangiz, Movarounnahr shayboniyzodalardan ham
zolimroq va johilroq ashtarxoniylar tasarrufiga o‘tib ketgay!» deb nido qilgan edilar.
Minglab chaqirim joydan yetib kelgan bu nido Akbarning avvalgi o‘y va istaklarini yana
qo‘zg‘atdi. U Agraga borganda Murodning yigirmasiga kelgan shahzoda Salimni buxorolik
ustozi mavlono Farid bilan birga o‘zining xonayi xosiga chaqirtirdi. Ularni Abulfazl
boshlab kirdi. To‘rtovlari yuzma-yuz o‘ltirishdi-yu, Akbar Samarqqanddan kelgan so‘nggi
xabarlarni aytib berdi.
— Amirzoda, bir marta sizni shayboniyzodalarga qarshi jangga yubormoqchi
bo‘lganimizda bormagan edingiz, — dedi Akbar Salimga mayin ko‘z tashlab. — U paytda
chindan ham vaziyat og‘ir edi, yusufzaylar Haybar dovonini bekitib yotgan edilar. Lekin
so‘nggi yillarda yaxshi muomala bilan yusufzaylarni tinchitdik. Tinchimagan sarkashlarini
Zayniddin ko‘ka Kobuldan kelib tor-mor qildi. Haybar dovoni endi bexatar, yo‘l ochiq.
Shayboniyzodalar ham o‘lib, qirilib, bittagina ko‘knorisi qolibdir.
Akbar bir to‘xtab oldi, yoshi o‘ttizga kirgan, yelkalari to‘lishib xushmo‘ylov durkun yigitga
aylangan o‘g‘liga mamnun nazar tashlab so‘zida davom etdi:
— Sizdek pahlavon boburiyzoda nahotki ko‘knoriga bas kelolmasangiz? — dedi. —
Nahotki Oltin O‘rda xarobalaridan Buxoroga qochib kelgan qayoqdagi ashtarhoniylar
bobokalonimiz shahri Samarqandni zabt etsa-yu, biz bu yerda loqayd qarab tursak?
Salim Movarounnahrga otasining ketishidan umidvor edi, o‘zi esa Hindistonda qolishni
istardi. Buni ochiq aytishga jur’at etolmay gapni aylantirdi:
— Hazratim, barcha so‘zlaringiz haq. O‘g‘lingiz faqat Dakan yurishini eslatmoqchi.
Janubdagi urushni tugatmasdan turib shimolga yurish boshlash... qandoq bo‘larkin?
Akbar Farid Buxoriyning dilida nima borligini bilgisi kelib:
— Mavlono, sizning fikringiz qalay? — dedi. — Asli buxoroliksiz, nahotki ota-bobolaringiz
shahriga qaytishni istamasangiz?
Farid Buxoriy ota-bolaning biriga yon bossa ikkinchisidan baloga qolishi mumkinligini
sezib tipirchiladi:
— Hazratim, faqir Dehlida, tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa ham... Buxoroni hech bo‘lmasa bir
marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay... Faqat... Turonga yurish qiish bobida...
Mavlono Abulfazl faqirdan ko‘ra donoroq vazirdirlar... Avval shu kishining fikrini eshitib,
so‘ng o‘zimning kamtarona mulohazamni aytishga hazratimdan ijozat so‘raymen.
Akbar Farid Buxoriyning quvligini sezib, kinoyali kulimsiradi-da, Abulfazlga so‘z berdi.
— Tarix adolatli hakam ekanini Samarqanddan kelgan xabarlar yana bir bor tasdiq
etmoqda, — deb sekin so‘z boshladi Abulfazl. — Shayboniyxon bilan uning vorislari bir
asr davomida ne-ne iste’dodli fuzalolarni vatanlaridan judo qildilar. Mirzo Bobur kabi ne-
ne siymolar vatanlariga qaytish uchun shayboniyzodalar bilan ko‘p yil olishdilar, ammo
ularni yengolmadilar. Lekin alohida odamlar qila olmagan ishni vaqt, tarix o‘zi qildi.
Shayboniyzodalar davlati ichdan chiridi, tagi teshilgan, halizamon cho‘kib ketishi
muqarrar bo‘lgan kemaning ahvoliga tushdi. Ammo bu kemada juda ko‘p begunoh
odamlar, sohibdil, ma’rifatli fuzalolar bor. Ular bir asr davomida Shayboniyxonning
Turondagi avlodlari bilan Mirzo Boburning Hindistondagi avlodlari orasidagi ma’naviy
musobaqani xolis kuzatib turdilar. Tarix bugun shu musobaqaning g‘olibini adolatli
tarzda aniqladi. Hazratim kamolga yetkazgan Hind davlati — dunyodagi eng ulug‘, eng
mustahkam davlatlarning birinchi safida bormoqdadir. Hazratimning Turondagi xayrixoh-
lari bizdagi ilm-u ma’rifatdan, boshqa imkoniyatlardan bahramand bo‘lishni istaydilar.
Johil biylar zulmidan ularni qutqarmoq — sizning olijanob burchingizdir, amirzodam!
Hindistonning imkoniyatlari cheksiz. Agar ellik ming qo‘shin hazratim bilan janubga yo‘l
olsa, yana shuncha qo‘shin siz bilan Turon yurishiga bormog‘i mumkin.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |