www.ziyouz.com kutubxonasi
144
Hamida bonuga o‘rgangan bu kabutar begona odamga tutqich bermas edi. Hamida bonu
ayvonga kelib qo‘ngan usti qizg‘ish, ko‘kragi oq bu jonivorni qo‘liga oldi-yu, uning qanoti
ostiga naycha qilib berkitilgan kichkina maktubni topdi.
Humoyun sog‘inchli salomlar aytgandan so‘ng, Balx etagida shayboniyzodalar bilan
bo‘lgan jangda boshidan yarador bo‘lganini, hozir ancha sog‘ayib qolganini va tezda
yetib kelajagini aytgan edi. «Komron mirzo bizga ko‘makka kelmoqchi edi, buning
o‘rniga Kobulga borganmish, ahvol nechuk? Ushbu kabutar bilan tezda javob qaytaring»,
degandi.
Hamida bonu «o‘ldiga» chiqqan Humoyunning tirik ekanidan suyunib yig‘ladi, maktubni
o‘pdi. Kabutarning qanotlarini ko‘ziga surib, don-u suvi-ga qaradi. Kechasi o‘ltirib
Humoyunga javob maktubi yozdi-da, ahvol nechog‘liq og‘irligini bayon qildi, «Sizdan
o‘tinamen, bir ilojini topingki, biz yana qamalda qolmaylik, — dedi. — Shahar darvozalari
kunduzlari ochiq. Nazarimda, Komron mirzo sizning halok bo‘lganingizga ishongan.
Shuning uchun bildirmay kelsangiz, darvozani bekitishga ulgurmagay».
Kabutar bu maktubni Qunduzga olib ketdi. Oradan o‘n besh kunlar o‘tgach, Humoyun
yashiriqcha yuborgan odamlar bozorga kelgan dehqonlar kiyimida qal’a ichiga kirib olib,
eng avval darvozani egalladilar. Qorachaxon bilan Komron mirzoga xabar yetib
borguncha Humoyunning pistirmada turgan to‘rt ming askari shaharga bostirib kirdi.
Sarosimada qolgan Komron va Askariy o‘z odamlari bilan boshqa darvozadan chiqib
qochdilar. Humoyun inilarining ketidan odam yuborib: «Agar mening o‘limim haqidagi
yolg‘on ovozaga ishonib Kobulga kelgan bo‘lsalaring qaytinglar, yarashaylik», degan
taklifni aytdi. Ammo Qosim barlos va uning xotini uchun javob berish oson emas edi.
Kobulda Komron va Qorachaxonning xundor dushmanlari hozir har qachongidan ham
ko‘p. Shuning uchun Komron Mirzo qaytmadi.
— Bir marta tavba-tazarru qilib ko‘rdik, endi bas!— dedi.
Qorachaxon Humoyun elchisiga yanada qat’iyroq javob qildi:
— Qaytib borib yer o‘pguncha, boshimiz darvozaxonaga osilgani afzal!
Humoyun yuborgan elchi Kobulga qaytib bu gaplarni aytib berganda Hindol ham
akasining yonida turgan edi. Birdan g‘azabi jo‘shib:
— Hazratim, qorachaxonni bu niyatiga yetkazmoq kerak! — dedi. — Menga ijozat
bering, o‘zim shu ablah bilan bir olishib ko‘ray!
— Qorachaxon yolg‘iz emas, biz ham ko‘pchilik bo‘lib bormog‘imiz lozim! — dedi
Humoyun.
Og‘a-inilar Tangiho degan joyda to‘qnashdilar. Hindol mirzo zirhli kiyim kiyib, qilich
yalang‘ochlab jangga kirdi. Qorachaxon bilan yuzma-yuz turib, uning bo‘ynini mo‘ljallab
qilich sermayotganda ortdan Komronning bir navkari pusib keldi. Dubulg‘aning orqa
zirhidan gardanga qaratib urilgan tig‘ Hindolni behush qildi. Uning qilichi qo‘lidan tushdi,
o‘zi otdan yiqilayotganda Shamsiddin Muhammad yetib kelib, o‘ngarib oldi-da, jang
maydonidan olib chiqdi.
Bo‘yinning o‘q tomiri kesilgani uchun Hindol hushiga kelmay, jon berdi. Buni eshitgan
Humoyun to‘pchi va to‘fangchilarning sarkardasi Sambxal-xonni chaqirib buyruq berdi:
— Hindolning qotillariga shafqat yo‘q, ayamay oting! Oting!!!
Komronning odamlari o‘q yomg‘iri ostida qoldilar. Bu o‘qlardan biri Qorachaxonni otdan
yiqitdi. Komron qolgan-qutgan odamlari bilan jang maydonidan chiqib qochdi.
Turdibekning odamlari Qorachaxonning boshini kesib Humoyunga ko‘rsatdilar.
— Ablahning boshini o‘zi aytganiday qilib Kobulning darvozaxonasiga osinglar! — deb
buyurdi Humoyun.
Zolim bekning boshi besh kungacha darvozaxonada o‘tgan-ketganga tomosha bo‘lib
osilib turdi. Lekin o‘z inisining o‘limiga sabab bo‘lgan Komron hali ham qochib yurar edi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |