www.ziyouz.com kutubxonasi
147
Xanjarbekning qasoskor yuzi va qizarib yonib turgan milni qorachiqqa tomon olib
kelayotgan olti barmoqli qo‘li bo‘ldi. Xanjarbekning bosh barmog‘i ikkita. Bu qo‘shaloq
barmoqlar dahshatli bir maxluqning qichqichlariga o‘xshar va hozir Komronning ko‘zlarini
o‘yib oladiganday tahdid solib kelar edi. Olovli mil qorachiqqa jazillab surilganda ko‘zni
o‘yib olgandagidan ham achchiqroq bir og‘riq uning vujudini parmalab o‘tganday bo‘ldi.
boshining orqa tomonidan yashil, qora, sariq, qizil doiralar portlab chiqib, butun borliqni
go‘yo ostin-ustun qilib yubordi. Xanjarbek olovli milni uning ko‘zlariga takror-takror, o‘n-
o‘n besh martalab bosdi, bir mil sovusa, cho‘g‘latilgan ikkinchi milni ishga soldi. Bu
intihosiz azobdan alahsirash darajasiga yetgan Komron bo‘kirib yubordi:
— O-o-o! Bas, noinsof! Bas!
— O‘zing noinsof bo‘lmasang ining Hindolni o‘ldirtirarmiding? — dedi Xanjarbek. — Sen-
ku tirik qolursen! Koshki, tog‘am Qosim barlos birpasga tirilib kelsa, qasos qaytganini
ko‘rsa!
Cho‘g‘latilgan mil qorachiqlarga yana besh-olti martadan bosilgach, Komron tubsiz bir
zulmat ichiga qulab tushib ketayotganday bo‘ldi. Xanjarbek mil tortish qoidasiga astoydil
rioya qilib, kuydirilgan qorachiqlarga tuz bosdi, limu suvidan tomizdi. Buning
achishtirishi avvalgi og‘riqlardan ham oshib tushdi. Hamon zulmat jarining tubiga
yetolmay qulab tushib borayotgan Komron tuz va limu suvining achishtirishidan yana
hushiga kelib chinqirdi...
* * *
Otalari barpo etgan Bog‘i Safo Komron ixtiyorida qoldirilgan edi. Humoyundan bayroq va
naqora in’om olgan Sulton Adham Bhira hokimi qilib tayinlandi va Komronning ahvolidan
xabar olib turdi. Shifobaxsh tog‘ havosidai ko‘l bo‘yida Komronning ko‘zidagi jarohat uch
oyga borib tuzaldi, ammo yorug‘ dunyoning turfa ranglaridan mahrum bo‘lib kecha-yu
kunduz hop-qorong‘i zulmat ichida yashash uning ruhini tushirib yubordi. Ilgari u
yurtdan bu yurtga qo‘shin tortib, ot chopib yurgan qirq yoshli yigit endi yuz qadam
joydagi hojatga yetakchisiz borolmaydigan bo‘lib qoldi. Ovqat yeganda hatto qoshig‘ini
qo‘liga tutqazib qo‘yishmasa o‘zi topib ololmaydi. Qalam tutish, yozish, o‘qish, tabiat
manzaralarini tomosha qilish, suyukli xotini Chuchuk begimning husn-u jamolidan
zavqlanish — hammasidan birato‘la judo bo‘lgani qalbini cheksiz alam, o‘ch, adovat
tuyg‘ulariga to‘ldirdi.
Nuridiyda, ko‘z — insonga berilgan qanchalik ulug‘ ne’mat ekanini, shu ne’matni
kuydirib, sog‘ odamni ko‘r qilish qanday vahshiyat ekanini u endi bildi, «menga
shafqatsiz jazo berganlarini umrbod kechirmagaymen», deb ahd ham qildi.
Lekin oylar o‘tishi bilan xotira uyg‘ondi, bo‘lib o‘tgan voqealar takror-takror xayolidan
o‘ta boshladi.
Makkai Madinaga ketgan mirzo Askariyning haj yo‘lida vafot etgani haqida musibatli
xabar keldi. Komron unga kuyundi. Inisi Hindol mirzoni eslab yuragi battar ezildi. To‘rt
og‘ayni bundan uch yilgina oldin Kobul ko‘chalarini to‘ldirib birga o‘tganlari, otalarining
qabri poyida yonma-yon turib, endi inoqbo‘lishga ahd qilganlari xayolida gavdalandi. Shu
ahdni birinchi bo‘lib o‘zi buzgani va qanchalik yomon shafqatsizliklar qilgani go‘yo
xotirasiga qaytib keldi. Ilgari oddiy ko‘z bilan g‘alat ko‘ringan ko‘p narsalarni endi qalb
ko‘zi unga haqqoniy qilib ko‘rsata boshlaganday bo‘ldi.
Chuchuk begim erining dil yaralarini tuzatishda uning shoirligi yordam bermasmikin, deb
o‘yladi. Begim Komronning turli daftarlarda sochilib yotgan she’rlarini to‘pladi va bilimli
bir munshi yordamida devon tartib berishga kirishdi.
Kunlarni qanday o‘tkazishni bilmay diqqinafas bo‘lib yurgan Komronning o‘zi ham devon
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |