www.ziyouz.com kutubxonasi
148
tuzish fikri bilan ovunib, barcha she’rlarini munshiga bir-bir o‘qitib ko‘rdi. ba’zilariga
qanday tahrirlar kiritishni aytdi. Devonning odatiy qismlari uchun hali ancha she’rlar
yetishmasligi aniqlandi. Komron o‘sha she’rlarni bir satr, ikki satrdan xayolida yarata
boshladi. Munshini chaqirib, xayolda to‘qilgan satrlarni aytib yozdirdi-yu, o‘qitib ko‘rdi:
Navbahor o‘lsa bahorimni mening yod aylang,
Sarvqad lola-yu zorimni mening yod aylang.
— Bo‘laturg‘anga o‘xshaydir, — deb yengil so‘lish oldi. Ko‘ziga mil tortganlarida borliq
dunyo xayolida qonli kafan tusini olgani yodidan hech chiqmas edi. Shuni ham g‘azal
satrlariga joylagisi keldida, yana bir kun xayolida she’r bitgach, munshini chaqirdi: —
Yozing!
Lolaning jismida qonlig‘ kafanin ko‘rganda,
Kafan-u jismi figorimni* mening yod aylang.
she’r yaxshi chiqayotganidan uning ko‘ngli ko‘tarildi. Chuchuk begimga atab bitilgan
g‘azalga yangidan ikki satr qo‘shdi:
O‘lmayin vahki o‘luvdan battar ahvolim bor,
Tutib ilkimni vasl sori rohbar bo‘l.
Bu satrlarni erining og‘zidan eshitgan Chuchuk begim:
— Bajonidil ilkingizdan tutay, — dedi. — Qani, qayonga bormoqchisiz, mirzam?
— Gunohlarim ko‘p, Chuchuk. Qanchalik yomon xatolar qilganimni endi
fahmlamoqdamen. Makkai Madinaga borib, bu gunohlardan poklanmaguncha ko‘nglim
tinchimagay.
— Ka’ba juda uzoq. Kobulga borib, hazrat otangizning qabrlarini ziyorat qilsak-chi?
Komron o‘ylanib turdi-da:
— Mayli, avval Kobulga boraylik, — dedi.
U egarda yurganda otini xizmatkori yetaklab borardi. Komron Chuchuk begim bilan
Kobulga kelib, Bog‘i Navro‘ziyga tushdi. Ertasi kuni katta o‘g‘li Ibrohim mirzo bilan
otlanib, otalarining qabri turgan tepalikka chiqib bordi. Buni eshitgan Humoyun Akbar
bilan tepalikning ikkinchi tomonidan ko‘tarilib keldi.
Komron otdan tushgach, o‘g‘lining yelkasiga o‘ng qo‘lini qo‘yib, turtinib bora boshladi.
Humoyun bir vaqtlar mag‘rur va salobatli yigit bo‘lgan inisining yetakchiga ergashib,
oyog‘i bilan yerni paypaslab, ifodasiz yuz bilan borayotganini ko‘rganda birdan ko‘ngli
buzildi. Bo‘g‘ziga tiqilib kelgan tugunni ichiga yutib, sekin uning ketidan maqbaraga
kirdi.
Komron otasining qabr toshidagi yozuvlarni qo‘li bilan paypaslab topdi.
— Hazrat otajon, ruhinizdan madad istab keldim!— deb pichirladi. — Hindol bilan Askariy
men tufayli juvonmarg bo‘ldi, bunday og‘ir gunohni ne tavr ko‘taray? Endi ruhimni
poklash uchun hajga ketishdan boshqa ilojim yo‘q. Qaytib kelolmasam, alvido, otajonim!
Humoyun ko‘z yoshini to‘xtatolmadi, Akbar otasining yig‘laganini endi ko‘rdi. Ibrohim
maqbara chetida qimirlamay turibdi. O‘smir yoshiga yetgan bu ikki yigitcha bolalikda
naqora talashib olishganlari otalarining ayovsiz kurashlari oldida bir o‘yinchoq ekanini
endi bilishar va damlarini ichlariga olib jim turishardi.
Humoyun ko‘z yoshini ichiga yutib, tomoq qirdi. Maqbarada o‘g‘lidan boshqa yana kimdir
borligini Komron endi payqadi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |